Qadimiy yurt – O‘zbekiston hududi tamaddunlar beshigi bo‘lgan Buyuk ipak yo‘lining yuzaga kelishida asosiy o‘rin tutgan. Yer yuzining sayqali, deya ta’riflanadigan Samarqand esa ana shu yo‘lning oltin kamari, madaniy-ma’rifiy markazi bo‘lib kelgan. Tabiiyki, bu transkontinental magistral tufayli o‘lkada nafaqat o‘zbeklarning ajdodlari, balki Xitoydan tortib Yevropagacha bo‘lgan davlatlar xalqlarining madaniy-ma’rifiy, falsafiy-ilmiy merosi o‘z izlarini qoldirgan.

    MAZKUR MONOGRAFIYA MUALLIFLARI – TANIQLI OLIMLAR

    – Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Rustam Xolmurodov va SamDU professori Erkin Musulmonov fikrlariga asoslansak, muayyan xalqlar o‘rtasidagi sinkretik munosabatlar, falsafiy-madaniy meros ta’sirida maydonga kelgan uysozlik va binokorlik sohasida ham aks etgan. Tadqiqotning umumiy g‘oyasiga ko‘ra, qayerda ilmu-madaniyat rivojlangan bo‘lsa, o‘sha yerda me’morchilik ham taraqqiy qilgan, tamaddunlar kurtak otgan.

    Kitobda bu masala ko‘hna Xitoy madaniyati va mifologiyasi misolida yoritilgan bo‘lib, mavzuga bu tarzda yondashish arxitektura sohasidagi tarixiy binokorlik bilan bog‘liq ko‘plab muammolarga oydinlik kiritadi. Zero, har qanday o‘tmish me’moriy obidasining zaminida albatta uni yaratgan elning dunyoqarashi aks etgan: Xitoy binokorligidagi qayrilgan tomlar va ajdarho qiyofalarida yoki Samarqand madrasalaridagi ko‘k gumbazlar, Bahodir Yalangto‘sh madrasasidagi yo‘lbarslar va kiyiklar tasvirlarida ham albatta ma’lum bir ramziyliklar bor.

    Milliy arxitekturadagi bunday o‘ziga xosliklarni o‘rganish ma’naviy qadriyat va tushunchalarning binolar ko‘rinishida moddiylashish jarayoni evolyutsiyasi ko‘rsatib beradi.

    Bilishimcha, nafaqat O‘zbekistonda, balki Markaziy Osiyoda ham ma’lum xalqlarning madaniyati, mifologiyasi va arxitekturasi monografik tadqiqot ko‘rinishida o‘rganilmagan. Shu nuqtai nazardan ushbu kitobning Buyuk ipak yo‘lidagi xalqlar madaniy merosini o‘rganishda nodir manba sifatida e’tirof etish joiz, deb o‘ylayman.

    Muqaddas tuprog‘imizda yuz bergan Birinchi va Ikkinchi Renessanslarda shubhasiz, Buyuk ipak yo‘li va undan o‘tgan turli madaniyatlarning kuchli ta’siri bo‘lgan. Mazkur kitobning mohiyatida shu g‘oya ham aks etgan. Chunki, madaniy va ilmiy tamaddun shunchaki, yo‘q joyda paydo bo‘lgan emas. Keltirganimizdek, ijtimoiy yuksalish xalq yaratgan boy ma’naviy meros, madaniyat, san’at va beqiyos shaharsozlik bo‘y ko‘rsatgan uluslarda maydonga kelgan.

    Buyuk ipak yo‘li kimsasiz sahrodan, shahar infrastrukturasi shakllanmagan, karvonsaroy va bozorlari yo‘q hududdan o‘tmagan, chunki bu narsa nafaqat moddiy tovarlarning, balki olis masofalarni bosib kelayotgan karvonlardagi yo‘lovchilarning xavfsizligini ta’minlashda ham muhim o‘rin tutgan. Shuning uchun Buyuk ipak yo‘li o‘tgan hududlar xaritasini belgilashda albatta xalqlarning madaniyati va shaharsozligi taraqqiy etganligiga e’tibor qaratish o‘rinli.

    Mazkur tadqiqotda Buyuk ipak yo‘lining boshida turgan Xitoy xalqining madaniy tarixi, Konfutsiy, Laoszi kabi faylasuflarning qarashlari, mifologik tushunchalar, ularning zamirida vujudga kelgan o‘ziga xos binokorlik san’ati haqida so‘z boradi. E’tiborga molik jihatlaridan biri shundaki, Xitoy madaniyati va arxitekturasining shakllanishida Chin yurtiga borgan allomalarimizning ham xizmatlari bor ekan.

    Ijtimoiy-gumanitar fanlarni o‘rganish va o‘qitishda muhim manba bo‘lib xizmat qiladigan mazkur kitob mavzusi davomli bo‘lib, unda Buyuk ipak yo‘lida muhim o‘rin tutgan Samarqand , Dovon (Farg‘ona), Buxoro, Termiz kabi qadimiy shaharlarning boy madaniyati, mifologiyasi va arxitekturasidagi mushtaraklik haqida ham ma’lumot beruvchi navbatdagi manba maydonga keladi, deb umid qilamiz.

    Mazkur tadqiqot Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand cammiti arafasida chop yetilganligining o‘ziga xos ramziy ma’nosi bo‘lib, bu bir g‘oya atrofida birlashgan davlatlarni nafaqat bugungi kunning dolzarb masalalariga, balki umumiy tarix, madaniy merosni o‘rganishda va yorug‘ kelajak qurishida ham yakdil bo‘lishga da’vat etadi.

Erkinjon TURDIMOV,

Samarqand viloyati hokimi,

O‘zbekiston Respublikasi

Oliy Majlisi Senati a’zosi