Butun jahon bo‘ylab mashhur BBC umummilliy tashkiloti tomonidan har yili an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinadigan “Dunyoning nufuzli 100 ayoli” ro‘yxati  turli sohalarda o‘z o‘rniga ega, jamiyat rivoji va ayollar huquqi yo‘lida sadoqat bilan xizmat qilib kelayotgan dunyoning 100 nafar ayoliga beriladi.

    O‘zbekiston nomi shu kunga qadar ushbu ro‘yxatda 2 marta qayd etilgan. 2017-yilda 100 talik ro‘yxatda o‘zbek ayoli nomi ilk bor kiritilgan bo‘lsa, 2018-yilda ikkinchi marta qayd etildi. E’tiborlisi, har ikkala o‘zbekistonlik “dunyo ayoli” ham Samarqand davlat universiteti bitiruvchisi...

     BBC 100 ayoli ro‘yxati 2013-yildan boshlab jahon miqyosida tuzilib keladi. Asosiy maqsad XXI asrda jamiyat hayotida ayollar rolini mustahkamlash maqsadida fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, san’at, adabiyot, huquqshunoslik, tadbirkorlik va biznes kabi jami 26 yo‘nalishda faol xotin-qizlar faoliyatini butun dunyo bo‘ylab targ‘ib qilish va ommalashtirish.

    2012-yilda Dehlida ayollar huquqi toptalishi  avj olgach, BBC ning bir guruh mutasaddilari ushbu loyihani tashkil etish g‘oyasi bilan  chiqdi. Shu tarzda 2013 yilda 26 yo‘nalishda nufuzli 100 ayol tanlandi. Ro‘yxat e’lon qilingach, jamoatchilik tomonidan iliq kutib olindi.

    2017-yilda kuchli 100 talikka kirishga muvaffaq bo‘lgan ilk o‘zbek ayoli Shahrisabzlik matematika fani o‘qituvchisi, O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan xalq ta’limi xodimi, Samarqand davlat universiteti matematika fakulteti bitiruvchisi Muhabbat Sharopova bo‘ldi. Muhabbat Sharopova 2017-yilning kuchli 100 taligida 33-o‘rin bilan qayd etildi. U 50 yildan beri pedagoglik faoliyati bilan shug‘ullanib keladi. Muhabbat Sharopovaning shogirdlari 7 marotaba xalqaro, 22 marta respublika olimpiadalari g‘olibi bo‘lgan...

    2018-yilda mazkur ro‘yxatda O‘zbekiston nomining ikkinchi bor qayd etilishi, o‘zbek ayollarining dunyo miqyosiga chiqishida muhim qadam bo‘ldi. Samarqand davlat univeristeti dotsenti, biologiya fanlari nomzodi Leyla Belyalova 100 talik ro‘yxatning 13-o‘rnidan joy oldi va 2018-yilning dunyo nufuzli ayollari orasida Markaziy Osiyolik laureatlarning ikkinchisi bo‘ldi. Leylya Belyalova, Samarqand davlat universitieti geografiya-ekologiya fakulteti ekologiya va hayot faoliyati xavfsizligi kafedrasi dotsenti, Zarafshon davlat qo‘riqxonasi katta ilmiy xodimi, G‘arbiy Tyan-Shan tizmasining ornitologik bioxilma-xilligini saqlash bo‘yicha bir qator xalqaro loyihalar koordinatori. “Butunjahon ekologik aksiyasi”, “Sprig aliva”, “World Migratory Day” xalqaro dasturlari ishtirokchisi. 2017-yilda “Birdlife International” xalqaro tabiatni muhofaza qilish tashkiloti tomonidan “Nature Hero’s” (Tabiat qahramoni) xalqaro mukofoti sohibi. 2018 yilda BBS talqini bo‘yicha dunyoning eng nufuzli 100 ayollaridan biri. Olimaning O‘zbekistonning tog‘ ekotizimlarini saqlab qolish va qushlar turlarini himoya qilish bo‘yicha tadqiqotlari hamda Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqi (IUCN) ishchi guruhi a’zosi sifatida olib borgan faoliyati jahon hamjamiyatini ham befarq qoldirmaydi.

    Jamiyatni va shu orqali butun dunyoni qayta kashf etishda o‘z hissasini qo‘shib kelayotgan ayollar 100 taligini tuzish hali hanuzgacha davom etib keladi. Garchi loyihaning 2018-yildan keyingi yillardagi  laureatlari orasida o‘zbekistonlik ayollar ko‘zga tashlanmasa ham, kelgusida Samarqand davlat universiteti xotin-qiz olimlari ushbu ro‘yxatda hali ko‘p bor bo‘y ko‘rsatishiga ishonamiz. 

 

Iroda Bekmurodova

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi.

Shavkat AKRAMOV olgan suratlar.

Manba