Samarqand davlat universiteti Zoologiya kafedrasi doktoranti Muhammadto‘ychi Rahimov va magistr Aziz Sunnatullayevlarning ilmiy tadqiqot mavzulari Hisor tizmasi va bevosita Hisor davlat qo’riqxonasi bilan bog’liq. Shu yilning 11-13 iyul kunlari ular, Butunrossiya o’simliklarni himoya qilish instituti (Sankt-Peterburg, Rossiya) katta ilmiy xodimi, O’rta va Markaziy Osiyo vizildoq qo’ng’izlari bo’yicha dunyodagi eng yirik olim Ilya Igorevich Kabak hamda O’zFA Zoologiya instituti kichik ilmiy xodimi, Xitoy Fanlar akademiyasi PhD tadqiqotchisi Shoxrux Bolqiboyevlar bilan birgalikda G’arbiy Hisordagi eng baland cho’qqilardan biri bo’lgan Chimboy yoki Xo’ja Qorovul nomi bilan ataladigan cho’qqida bo’lib, muhim materiallar to’pladi. Tadqiqotlar davomida Hisor tizmasining O’zbekistonga qarashli qismida ilk marta dengiz sathidan 3500-3800 metrga balandlikdagi alp o’tloqlari mintaqasidan qattiqqanotlilar, ikkiqanotlilar va boshqa guruh hasharotlar yig’ildi.

    - 14-16 iyul kunlari Respublikamizdagi eng yirik qo’riqxona hisoblangan Hisor qo’riqxonasining 4150 metr balandlikgacha bo’lgan Xo’jaqulbars tog’ligida ham xuddi shu turkumlarga oid materiallarni yig’dik, - deydi Muhammadto’ychi Rahimov. - Bundan tashqari qo’riqxonaning G’ilon bo’limida SamDU Zoologiya kafedrasi dotsentlari Fazliddin Halimov, Jasur Qudratov, Zoologiya instituti ilmiy xodimlari Dilshod Musayev va Shoxruz Nazarovlar ishtirokida ham tadqiqotlar olib borildi. Ushbu tadqiqotlar davomida qattiqqanotlilar, qandalalar, tengqanotlilar va boshqa hasharotlar shuningdek mollyusklarga oid namunalar oldik.

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati.