Viruslarga qarshi dori vositalari ishlab chiqarishning yangicha tadqiqi

Samarqand davlat universiteti kimyo fakulteti doktoranti Zarifa Murtazoyeva “Bisiklik pirazolo primidinlar sintezi va xossalarini tadqiq etish” mavzusida ilmiy tadqiqot olib boradi. Respublika va xalqaro konferensiyalarda muvaffaqiyatli ishtirok etgan. Tadqiqotchining ilmiy ishi geterosiklik birikmalarning xususiyatini o‘rganib, ularning kimyoviy xususiyatlarini tahlil qilishdan iborat.
– Dunyo bo‘ylab pirimidin halqasi saqlovchi geterosiklik birikmalar keng tarqalgan, - deydi Zarifa Murtaoyeva. - Ular asosan ikki xil, tabiiy va sintetik yo‘llar bilan olinadi. Tabiiy usulda geterosiklik birikmalar o‘simliklar tarkibidan olinadi. Bu usul noyob turdagi o‘simliklarning yo‘qolib ketishiga olib kelishi mumkin. Shuning uchun bugungi kunda bunday birikmalarni sintetik yo‘l bilan olish dolzarb ahamiyatga egadir. Tadqiqotimda sun’iy sintezlash yo‘li bilan geterosiklik birikma ajratib olish va ularning kimyoviy xususiyatlarini aniqlab, muayyan sohalarga yo‘naltirish imkoniyatlarini aniqlashga harakat qilyapman.
Mazkur tadqiqot davomida olingan tahlillarga ko‘ra geterosiklik birikmalardan qishloq xo‘jaligida fungisidlar ya’ni zamburug‘larga qarshi preparatlar tayyorlashda, farmatsevtikada viruslarga qarshi qo‘llaniladigan dori vositalari, shuningdek, altsgeymer kasalligiga qarshi qo‘llanilayotgan ko‘pgina preparatlar ishlab chiqarishda foydalanish mumkin. Bunday birikmalarning analogi sifatida bisiklik pirazolo primidinlarini keltirish mumkin. Bu moddalar farmasevtikada viruslarga qarshi kurashish va ulardan samarali himoyalanishda faol hisoblanadi. Geterosiklik birikmalardan sanoatda bo‘yoqlar ishlab chiqarishda ham keng foydalanish mumkin.
Iroda Bekmurodova
Samarqand davlat universieti
Axborot xizmati xodimi.
Shavkat Akramov olgan suratlar.