2024 yil 15 mayda Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti O‘zbekistonda birinchilardan bo‘lib QS Stars reytingida 5 yulduzni qo‘lga kiritdi va dunyodagi eng yuqori baholangan universitetlar qatoriga qo‘shildi.

    QS Stars  – dunyo miqyosida universitetlar uchun eng ta’sirli va ishonchli reytinglardan biri bo‘lib, oliy ta’lim muassasalarida bir qancha yo‘nalishlar bo‘yicha samaradorlik ko‘rsatkichlarini baholovchi tanlov tizimi hisoblanadi.

    QS Stars  reyting tizimi Quacquarelli Symonds (QS) xalqaro reyting agentligi tomonidan 2009 yilda universitetlarga o‘zlarining kuchli sohalarini targ‘ib qilish va zaif tomonlarini aniqlash va yaxshilashga yordam berish maqsadida ishga tushirilgan.

    QS ma’lumotlariga ko‘ra, ish beruvchilar odatda 5 yulduzli universitetlar bitiruvchilarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishga olishadi. Bunday muassasasalarning faoliyati QS Stars  reyting tizimida “A’lo” deb baholanadi.

    QS Stars ryeyting tizimi universitetlar faoliyatini quyidagi ko‘rsatkichlar bo‘yicha baholaydi:

 

Teaching

 

Ta’lim sifati - Ta’lim sifatini baholash ko‘rsatkichi hisoblanib, talabalar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovlar natijalari, oliy ta’limdan keyingi ta’lim darajasi va talabalar hamda o‘qituvchilar nisbatini baholaydi.

 

Employability

 

Bitiruvchilarning ishga joylashishi - Ish beruvchilar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovlar, bitiruvchilarning ishga joylashish darajasi va universitetdagi karьyera, qo‘llab-quvvatlash markazi faoliyatini baholaydi.

 

Internationalisation

Xalqarolashuv - Xalqaro talabalar va xodimlarning nisbati, almashinuv dasturlari bo‘yicha universitetga kelgan va universitetdan yuborilgan talabalar soni, talabalar jamoasidagi millatlar soni, boshqa universitetlar bilan xalqaro hamkorliklar soni va mustahkamligini baholaydi.

 

Academic

Development

 

Akademik rivojlanish - Bu kategoriyada universitetning o‘z talabalari va professor-o‘qituvchilari uchun o‘qish va o‘qitishdan tashqari akademik rivojlanish imkoniyatlari baholanadi. Bunga talabalar uchun assistentlik, sinfdan tashqari faoliyat turlari mavjudligi va rivojlanish dasturlarida ishtirok etuvchi o‘qituvchilar soni kabi ko‘rsatkichlar kiradi.

 

Facilities

 

Qulayliklar - Ushbu kategoriya doirasida talabalarga universitetlaridan kutishlari mumkin bo‘lgan muhit haqida tushuncha beruvchi universitet infratuzilmasi baholanadi. Bularga sport inshoatlari, talabalar turar-joylari va kutubxona kabi ko‘rsatkichlar kiradi.

 

Programme

Strength

 

Tanlangan ta’lim yo‘nalishi - Bu kategoriyada universitet tomonidan tanlangan muayyan ta’lim yo‘nalishining mukammallik darajasi ko‘rib chiqiladi. Bunga ko‘ra, tanlangan yo‘nalish qay darajada raqobatbardosh va hurmatga sazovorligi, yetakchi professor-o‘qituvchilari, istiqbolli talabalari shuningdek, yo‘nalishning ta’lim va sanoatdagi roli bilan baholanadi.

 

Social

Responsibility

 

Ijtimoiy mas’uliyat - Bu ko‘rsatkich universitetning ijtimoiy manfaatlarga hissa qo‘shish darajasini, ijtimoiy tenglik va jamoatchilik bilan keng ko‘lamli aloqalarni ta’minlashdagi o‘rnini o‘rganish orqali baholanadi. Bunga muassasaning ijtimoiy ta’siri, targ‘ibot, xayriya ishlariga investisiyalar va inson kapitalini rivojlantirish kabi omillar kiradi. Shuningdek, mazkur ko‘rsatkich doirasida, oliy ta’lim dargohining aholi o‘rtasidagi tengsizliklarni kamaytirishga qo‘shgan hissasi va  aholi salomatligi va farovonligiga ta’siri ham hisobga olinadi.

 

Inclusiveness

 

Inklyuzivlik - Bu kategoriya doirasida nogironlarni qo‘llab-quvvatlash xizmatlari, talabalar va xodimlar o‘rtasidagi gender tengligi va uni ta’minlaydigan strategik asosning mavjudligi ko‘rib chiqiladi.

    Universitet mazkur tanlovning ta’lim, bitiruvchilarning ishga joylashishi, xalqarolashuv, akademik rivojlanish, qulayliklar, tanlangan ta’lim yo‘nalishi (Fizika), ijtimoiy mas’uliyat kategoriyalari bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichlarga erishib,  5 yulduzni qo‘lga kiritdi.

    Universitetning QS 5 yulduzli reytingi 2028 yilning fevraligacha amal qiladi.