“Tashkent city"dagi "Congress Hall" majmuasida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining o‘n birinchi s’ezdi bo‘lib o‘tmoqda.

     O‘zLiDePdan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev o‘z saylovoldi dasturi yuzasidan ma’ruza qilmoqda. 

    Qayd etilganidek, xususiy ta’limga qo‘shimcha yengilliklar beriladi. 

    Davlat-xususiy sheriklik asosida maktablar qurish keng joriy etiladi. 

    Boshlang‘ich sinf o‘quvchilari ta’lim planshetlari bilan to‘liq ta’minlanadi. 

    Chekka hududlarda maktab avtobuslari bepul yo‘lga qo‘yiladi. 

    Birinchi navbatda ehtiyojmand oilada tarbiya topayotgan bolalarning qobiliyatini ro‘yobga chiqarish uchun zarur choralar ko‘riladi. 
    –Shu sababli, 2030 yilgacha barcha tuman va shaharlarda “Iste’dod – Intilish – Istiqbol” deb nomlanadigan maktab-internatlar tashkil etiladi,– dedi Shavkat Mirziyoyev. – Ularda Prezident maktablaridan kam bo‘lmagan sharoit yaratiladi va ehtiyojmand oilalar farzandlari uchun 70 foiz kvota ajratiladi. 

    Ta’kidlanganidek, yoshlarimiz uchun dunyo eshiklarini ochadigan kalit, bu – xorijiy tillarni bilishdir. Bu borada kelgusi yetti yilda barcha maktablarga chet ellardan “til egalari” bo‘lgan o‘qituvchilar olib kelinadi. Buning uchun har yili 200 milliard so‘m ajratiladi. 
Dunyodagi “Top-500”ga kiradigan chet el oliygohlari bilan hamkorlikda kamida 50 ta qo‘shma o‘quv dasturi va “ikki diplomli tizim” joriy etiladi. 

    Bundan tashqari, biotexnologiya, sun’iy intellekt va boshqa yuqori texnologik yo‘nalishlarda yiliga 500 nafar iste’dodli yoshlarimiz eng nufuzli xorijiy oliygohlarga davlat hisobidan o‘qishga yuboriladi.