Samarqand davlat universitetida “Jahon qo‘lyozma fondlarida Samarqand tarixi” (The History of Samarkand in the manuscript funds of the world) nomli xalqaro ko’rgazma ochildi. Ushbu ko’rgazma Avstriya fanlar akademiyasining Eronshunoslik ilmiy-tadqiqot instituti direktori, tarix fanlari doktori, professor Florian Shvars bilan hamkorlikda tashkil etildi.

    Ushbu ko‘rgazmagada AQSH, Fransiya, Germaniya, Gollandiya, Daniya, Irlandiya kabi 6 xorijiy davlatlarda saqlanayotgan 15 qo‘lyozma asardan fotonusxalar taqdim qilindi. Noyob manbalarning barchasi bevosita Samarqand ilmiy-maʼnaviy muhitida yaratilgan yoki u bilan chambar-chars bog‘liq.

    Nyu-York (AQSH)dagi Metropoliten muzeyidan 2, Baltimor (AQSH)dagi Valter sanʼat muzeyidan 1, Kopengagen (Daniya)dagi David kolleksiyasidan 1, Parijdagi Fransiya milliy kutubxonasidan 2, Sharq tillari maktabi kutubxonasidan 1, Berlin milliy kutubxonasidan 2, Dublin (Irlandiya)dagi Chester Bitti kutubxonasidan 1, Leyden universitetidan (Gollandiya) 1, Prinston universitetidan (AQSH) 2, Leypsig universitetidan (Germaniya) 1, Pensilvaniya universitetidan (AQSH) 1   qo‘lyozma ko‘rgazmaga jalb qilindi.

    Ularning eng qadimgisi 1083-yil 6-fevralda, eng yangisi esa 1806-yilda Samarqandda ko‘chirilgan. 15 ta qo‘lyozmaning har biri alohida dissertatsion mavzuga asos bo‘ladigan noyob manbalardan hisoblanadi.

    Fanlar kesimida olganda Qurʼon, fiqh, islom falsafasi, tibbiyot, farmokologiya, botanika, zoologiya, astronomiya, adabiyot, tarix ilmlari va xattotlik sanʼati yo‘nalishlarini qamrab oladi.

    

    Behruz SHAMSIDDINOV,

    Samarqand davlat universiteti

    Axborot xizmati xodimi,

    Shavkat AKRAMOV olgan suratlar.