Assalomu alaykum!

    Hurmatli O‘tkir Rahmat!

    Sizni tug‘ilgan kuningiz bilan samimiy tabriklayman. Uzoq umr, sihat-salomatlik, ijodiy ishlaringizda muvaffaqiyat tilayman.

    Sizni  ulkan jamoat arbobi, hassos shoir, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi sifatida xalqimiz yaxshi biladi va qadrlaydi.

    Sizning she’riy kitoblaringiz, publitsistik maqolalaringiz adabiyotimiz, ma’naviyatimiz, milliy jurnalistikamiz oltin fondidan munosib o‘rin olgan.

    Siz o‘zbek milliy matbuotida maktab yaratgan, yuzlab yoshlarga katta hayot yo‘lini ko‘rsatgan ustoz-murabbiy sifatida ham ehtirom va hurmatga loyiqsiz.

    Sizning Bosh muharrirligingizda mamlakatimizning bosh nashrlari bo‘lgan “Xalq so‘zi” va “Народное слово” gazetalari  xalqimizning  eng sevimli nashriga aylandi.

    Mazkur gazetalarda Samarqand davlat universiteti olimlarining ham maqolalari e’lon qilinishi, SamDU hayoti muntazam yoritilishi bizga faxr-iftixor bag‘ishlaydi.

    Samarqand davlat universiteti jamoasi Sizday bitiruvchisi bilan haqli ravishda  faxrlanadi.

    Sizga Samarqand davlat universiteti Ilmiy kengashining qarori bilan “Samarqand davlat universiteti faxriy professori” unvoni berilganini mamnuniyat bilan ma’lum qilaman.

    Tavallud ayyomingiz munosabati bilan Sizni yana bir bor muborakbod etaman.

    Alloh umringiz, rizqingiz, ijodingiz va kasbingizga baraka bersin.

 

Hurmat bilan

Rustam XOLMURODOV,

Samarqand davlat universiteti rektori,
O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi,
Oliy Majlis Senati a’zosi