Jizzax viloyatining “O‘riklisoy” oromgohida to‘rt kun davom etgan an’anaviy “Zomin seminari” qalbida iste’dod uchqunlari porlayotgan yosh ijodkorlarni bir nuqtaga yig‘ib, ularning xalq shoirlari va yozuvchilaridan mahorat darslarini olishi, bir-birlari bilan ijodiy muloqot o‘rnatishlari uchun munosib zamin hozirladi. Seminarda nazm, nasr, publisistika, badiiy tarjima, bolalar adabiyoti, dramaturgiya va adabiy tanqid yo‘nalishlarida butun respublikadan yig‘ilgan 66 nafar iste’dod ishtirok etdi.

Seminarning nasr yo‘nalishida mahorat darslarini yozuvchilardan Isajon Sulton, Shoyim Bo‘tayev, Abduqayum Yo‘ldoshev, "Yoshlik" jurnali bosh muharriri Nurilla Chori, yosh yozuvchi Javlon Jovliyevlar olib borishdi. Yo‘nalish hakamlari har bir ishtirokchining asarlari bilan tanishib, tanqid va tahlil asosida o‘z fikr va xulosalarini bildirishdi.

-Men Zomin seminarning nasr yo‘nalishida ishtirok etdim, - deydi Samarqand davlat universiteti filologiya fakulteti talabasi Iroda Bekmurodova. - Seminarda ko‘plab do‘stlar orttirdim, ijodkor tengqurlarim, akalarim, opalarim, eng asosiysi ustoz ijodkorlar bilan tanishdim. Ularning qimmatli maslahatlarini oldim. Bu suhbatlardan keyin o‘zimga bo‘lgan ishonchim ortib, qo‘yadigan talablarim bir karra kuchaydi. Zomin seminari biz uchun hayotimizda alohida unutilmas o‘rin tutadigan maktabga aylandi. Undagi ishtirokimiz bizga adabiyot oldida, ijod oldida yanada ulkan mas’uliyat yuklaydi. Shunday ekan, ustozlarning bizga bildirgan ishonchlarini oqlashga astoydil harakat qilamiz

Behruz SHAMSIDDINOV,
SamDU Axborot xizmati xodimi.