Samarqand davlat universitetida Polshaning Pomeraniya akademiyasi vakillari bilan ZOOM platformasi orqali uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

    Unda Samarqand davlat universiteti xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori Akmal Axatov, xalqaro hamkorlik boshqarmasi boshlig‘i Muxtor Nosirov hamda universitet professor-o‘qituvchilari Pomeraniya akademiyasi vakillari bilan uchrashdi.

    Ikki tomonlama olib borilgan muzokaralarda xalqaro aloqalarni yanada rivojlantirish, Samarqand davlat universiteti hamda Pomeraniya akademiyasi bilan hamkorlik doirasida bir qator sohalarda akademik almashinuvni yo‘lga qo‘yish masalalari keng muhokama qilindi. Ijtimoiy-gumanitar sohalar, axborot texnologiyalari, geografiya, atrof-muhit muhofazasi kabi sohalarda talabalar uchun qo‘shma ta’lim dasturlari ishlab chiqish, akademik almashinuv doirasida professor-o‘qituvchi va ilmiy tadqiqotchilar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, o‘zaro hamkorlikda ilmiy tadqiqotlar olib borish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

    -Pomeraniya akademiyasi Polshaning nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri,  - deydi SamDU geografiya va tabiiy resurslar fakulteti katta o‘qituvchisi Rasuljon Mamajonov, - Bugungi uchrashuvda akademiyadagi turizm instituti bilan sohaga oid dolzarb mavzularda hamkorlikda tadqiqotlar o‘tkazish, turizm sohasi bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlashda ikki tomonlama qo‘shma dasturlar tashkil qilish va ilmiy-akademik almashinuv masalalari bo‘yicha bir qator amaliy takliflar ilgari surildi. Bu kabi kelishuvlar albatta oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash zamirida ilm-fan olamida dolzarb mavzularda yangilik qilish imkonini beradi.

    Uchrashuv yakunida Samarqand davlat universiteti va Pomeraniya akademiyasi o‘rtasida kelishuv shartnomasi imzolandi.

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati.

Shavkat Akramov olgan suratlar.