Samarqand davlat universiteti fizikaviy va kolloid kimyo kafedrasi assistenti Mashhura Tagirova “Nano va mikroqobiqlarda antioksidant fermentlarni immobillash” mavzusida ilmiy tadqiqot bilan shug‘ullanib keladi. Shu kunga qadar 20 dan ortiq maqolalari respublika va xalqaro nashrlarda chop etilgan. 3 ta maqolasi Scopus va WEB of Science bazasidagi jurnallarda nashrdan chiqqan. Rossiyaning Moskva, Saratov, Novosibirsk shaharlarida xalqaro konferensiyalarda ishtirok etgan. Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti aspiranturasida tahsil olgan.

    – Ma’lumki, odam organizmdagi kislorodning aktiv formalari sintezi jarayoni nazoratdan chiqib ketganda ko‘plab kasalliklar yuzaga kelishi mumkin, - deydi Mashhura Tagirova. - Mening tadqiqotim tirik organizmlarda uchraydigan antioksidant fermentlarni imobillash orqali ularning faolligini va barqarorligini oshirishga mo‘ljallangan.

    Antioksidant fermentlarni o‘simliklar tarkibida ko‘p uchraydi. Asosan oqsil ko‘rinishida bo‘ladi. Sanoat, tibbiyot, farmatsevtika, ishlab chiqarish sohalarida zarur hisoblanadi. Ularning vazifasi organizmdagi kislorodni atomar ko‘rinishdan  molekulyar ko‘rinishga o‘tkazadi, sodda tarzda aytsak, zararli ko‘rinishdan zararsiz holga keltiradi. Antioksidant fermentlarni qo‘llash kislorod aktiv formalarini bog‘lashning eng samarali usuli hisoblanadi. Shu munosabat bilan antioksidant fermentlarni inaktivlanishdan himoya qilish imkonini beradigan nano va mikrokobiqlarda oqsilni o‘z ichiga oladigan antioksidant tizimlarini yaratish va amaliyotga tadbiq qilishga katta e’tibor qaratmoqdamiz. Shu bilan birga ularda yuqori fermentativ faollik va barqarorlikka ega antioksidant fermentlarni olish hamda ularni tibbiyot va sanoatda qo‘llash imkoniyatlarini o‘rganmoqdamiz.

 

Iroda Bekmurodova

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi.

Shavkat Akramov olgan suratlar.