Echki sutining inson salomatligiga ta’siri

Samarqand davlat universiteti biologiya fakulteti talabasi Hushnoza Mamadiyorova “Echki sutidagi oqsillarni biokimyoviy aniqlash usullari” mavzusida ilmiy tadqiqot olib boradi. Uning echki suti tarkibini o‘rganish va undan yangi turdagi preparatlar olish borasidagi tadqiqotlari ilmiy jamoatchilikning e’tibor markazida bo‘lib kelmoqda. Ilmiy rahbari SamDU dotsenti Marhamat Ismoilova.
– Jahon bo‘yicha ishlab chiqariladigan sutning atigi 2,6 foizi echki sutiga to‘g‘ri keladi, - deydi Hushnoza Mamadiyorova. – Bu borada iste’mol ko‘rsatkichlari eng yuqori sut turi bu sigir sutidir. Biroq, echki suti sigir sutiga nisbatan birmuncha foydali. Mahsulotning biokimyoviy xususiyatlarini o‘rganganish orqali echki suti tarkibida foydali va noyob minerallar ko‘pligi, bu esa inson salomatligi uchun nihoyatda foydali ekanligini ilmiy tahlil qilishga harakat qildim. Yaponiya, Shvetsariya, Gretsiya kabi mamlakatlarida echki suti ko‘p iste’mol qilinadi. Bu davlatlardagi umumiy sut mahsulotlarining 60-70 foizi echki sutiga to‘g‘ri keladi. Bizda aholi iste’molida sigir suti keng foydalaniladi. Ammo echki sutining sigir sutiga nisbatan shifobaxshlik xususiyati yuqori.
Echki sutining foydali xususiyatlari qadimgi davrlardayoq insonlarga tanish bo‘lgan. Ibn Sino uni yangi tug‘ilgan chaqaloqlar, homilador va emizikli ayollarga ham tavsiya qilgan. Allomaning fikricha, echki suti ichni yumshatuvchi, tomoqdagi yaralarni davolaydi, yo‘tal, bosh og‘rig‘i, me’da xastaliklarida foydali hisoblanadi.
Jahon olimlarining fikricha, echki suti kimyoviy tarkibiga ko‘ra ona sutiga yaqin turadi. Tarkibi kalsiy, magniy, temir, marganes, kaliy kabi qimmatli moddalarga boy. Raxit, jigar kasalliklari, o‘pka sili, allergiya kasalliklarini davolashda echki sutidan foydalanilsa, yaxshi samara beradi. Echki sutida ishqorlilik xususiyati yuqori bo‘lganligi uchun oshqozoni ortiqcha kislota ajratadigan bemorlarga yaxshi davodir. Ushbu mahsulot tarkibida bakteriyalarni yo‘q qiladigan, ichak va oshqozon shilliq qavatining yallig‘lanishini ketkazadigan, shuningdek, mayda yaralarni samarali davolaydigan lizozim fermenti mavjud.
Ekzema, qichima, astma va turli allergik kasalliklarda echki suti ichish foydali. Qandli diabetga chalingan bemorlarga ko‘pincha echki suti ichish buyuriladi. Sababi, uning tarkibida glyukoza yo‘q, kaloriya miqdori past. Echki sutidan xalq tabobatida bo‘g‘inlar og‘rig‘ini qoldirishda, o‘t xaltasidagi toshlarni tushirishda, uyquni mustahkamlash, stress, depressiya va nevrozning oldini olishda qo‘llaniladi. Asab tizimi bilan bog‘liq kasalliklarga chalingan bemorlarga ko‘proq echki suti ichish tavsiya qilinadi.
Echki sutini faqat pishirib iste’mol qilish zarur. Undan xushta’m qatiq, suzma, qurut tayyorlash mumkin. Shuningdek, suzma zardobi gepatit kasalligining oldini olishda foydali. Shakar bilan ichilsa, yuz terisini tiniqlashtiradi. Sut tarkibida D vitamini va kalsiy ko‘p uchraydi, shuning uchun uni muntazam iste’mol qilish orqali suyak sinishi xavfini sezilarli darajada kamaytirish, raxit va uning jiddiy oqibatlarining oldini olish mumkin.
Echki suti sportchilar uchun ham juda foydalidir. U uzoq davom etgan jismoniy mashqlar natijasida shikastlangan mushak to‘qimalari tiklanishiga yordam beradi. Agar echki suti sholg‘om sharbati va yong‘oq bilan birgalikda ichilsa kashandalik sababli kelib chiqqan kuchli yo‘talda samarali foyda beradi.
Ta’kidlash joizki, echki suti tabiatning insonga taqdim etgan noyob in’omidir. Unda inson organizmidagi jamiki kasalliklarning oldini olish va davolashda foydalanish mumkin. Shunday ekan, kunlik oziq-ovqat ratsioningizga echki sutini qo‘shishi orqali o‘z sog‘lom hayotingiz mezonlarini yana bir mahsulot bilan boyitishingiz mumkin...
Iroda Bekmurodova
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi