Payshanba kuni Sohibaga hayitlik keldi. Mavjuda aya  quda tarafni yaxshigina siylab jo‘natdi.  Ertasi ertalabdanoq kelini bilan  holva bo‘lishga kirishdi. “Holva bo‘lish” shunday narsaki, oddiy yelimxaltalarga hayitlikka kelgan holvalardan, shirinliklardan uch-to‘rt bo‘lakdan solinib chiqiladi-da, qo‘ni-qo‘shni, qavm-qarindoshlarga tarqatiladi. Bironta tanish qolib ketmaydi. Kam-kamdan bo‘lsa-da ulashiladi. Chunki, gap miqdorda emas, niyatda. Hayitlikni yegan odam borki, niyat qiladi. Yosh qiz bo‘lsa o‘z baxtini tilaydi, ona bo‘lsa qiziga, yoxud keliniga baxt so‘raydi. Yosh bolalar yesa xursand bo‘ladi. Hayitlik tarqatish yaxshi narsa. Uning bahonasida yil davomida ko‘rishmagan opa-singillar, yor-birodarlar ko‘rishadi, diydorlashadi. Mavjuda aya ham hayitlik tarqatishning shu tomonini yaxshi ko‘radi. Shu sababdan ishni kechiktirmasdan ertalabdan boshladi. Buning ustiga Sohiba birinchi nevarasi.

    Aya dastlab hayitlikni nevarasi Raufjon bilan uyma-uy kiribqo‘shnilarga tarqatib keldi. Uzoqroqdagi qarindoshlarnikini o‘g‘li olib ketdi. Yana bir ikkitalarini kelini o‘zi bilan olib ketdi. Sohibaning o‘zi ham uch-to‘rt dugonasiga berdi. Oxirida faqat ayaning shaharda yashaydigan o‘g‘li bilan qiziga atalgan hayitlik qoldi. Mavjuda aya ularni o‘zi olib bormoqchi. Bahonada nevaralarini ko‘radi, havo almashtirib qaytadi. O‘g‘lining “Dam olish kunigacha sabr qilsangiz  birgalashib borib kelardik” deyishiga qaramasdan, unamadi. Yo‘q, aynan shanba kuni borish kerak. Hafta oxirida ish kam bo‘ladi, buning ustiga...o‘sha kuni ayaning tug‘ilgan kuni. Aya bir necha yillardan beri tug‘ilgan kunini nishonlamasa-da, bu yilgisini boshqacha kutyapti. Chunki, bu yil payg‘ambar yoshiga yetyapti. Shu munosabat bilan tanish-bilishlarga kichikroq qilib yig‘incha qilib berish niyatida ularga maslahat solib ko‘rmoqchi. To‘ng‘ich o‘g‘il Rustamjonga aytay desa, o‘g‘lining ishlari unchalik o‘xshamay turibdi. Kamiga kuzda to‘y boshlab qo‘ygan. Sohibani uzatish kerak. Qisqasi, uning tashvishi o‘ziga yetarli. Umid O‘ktamjondan.  O‘ktamjon kenjasi, shaharda yashaydi.

    Mavjuda aya O‘ktamjonnikiga kirib kelganda quyosh odam bo‘yi ko‘tarilgan, havoning tafti ham anchayin baland edi. Hashamdor hovlini gir aylantirib qurilgan imorat hovliga soya solib turar, tekis qirqilgan maysalar, tuvakda undirilgan gullar hovlini sarishta va tartibli ko‘rsatsa-da ko‘rgan odamga allaqanday davlat idorasiningmi, yoki mehmonxonaningmi hovlisini eslatardi. Mavjuda aya uy ichkarisiga kirdi  hamki, hech kim ko‘rinmadi. Aya ostonada  to‘xtadi.

    – No-zi-maa.

     Hech kim javob bermadi.

    – Nozima-yu.

    Ichkaridan avval karavotning g‘irchilagani, keyin oyoq dupurlari eshitildi. Sal o‘tib, yo‘lak boshida kelini ko‘rindi.

    – Voy, assalomu alaykum, oyijon - dedi u qo‘lidagi ro‘molini shoshgancha boshiga o‘rarkan.

    Aya kelini bilan ko‘rishib, uning qistovida ichkariga kirdi. Maftunaxon tezda dasturxon tuzatishga kirishdi.

    – Buni qaran-ga, oyi. O‘g‘lingizni tong saharda ishga kuzatganimcha shu bilan ko‘zim ketib qolibdi. Bugun bizga dam olish kuni. Shunga bemalol bo‘libman-da.

    – Ha, mayli. Hijolat bo‘lmang, kelin. Bo‘p turadi. - dedi aya.

    Oshxona biroz betartib edi. Sochiqlar solingan shkafning eshigi ochilib, ichidagi sochiqlar betartib osilib yotar, gazplita ustidagi qozon ichida cho‘michi bilan qoldirilgandi. Stol ustida choynak,  ichida choy qoldig‘i qotib qolgan ikkita piyola tong saharda choy damlanmaganini oshkor etgancha shumshayib turardi. Maftunaxon apil-tapil choy damladi, dasturxonni turli shirinliklarga to‘ldirib tashladi. Nevaralar ham birin-ketin ko‘zini ishqalay-ishqalay kirib kelishdi. Mavjuda aya nevaralarini ko‘rib, ko‘ngli ochildi.

(davomi bor...)

Iroda Bekmuradova,

Samarqand davlat universiteti

filologiya fakulteti talabasi.