Yolg‘on gapirishimiz rostmi?

“Men umuman yolg‘on gapirmayman” degan odam o‘sha paytda bitta yolg‘on gapirgan bo‘ladi. Masalan, talaba “Domla bir daqiqaga ruxsat bering uydan u bu narsa berib yuboribdi” deb ruxsat so‘raydi, aslida bir daqiqalik ish emas, ya’ni yolg‘on. “Nimaga darsga kech qoldingiz” deb so‘rasa “Yo‘l tirband, tiqilinch ekan shunga ushlanib qoldim” deb javob berishadi. Haqiqatan yo‘l tirband bu rost gap, lekin o‘z navbatida yolg‘on, chunki uxlab qolgan yoki uydan kech chiqqan. Diniy adabiyotlarda ham yolg‘on gapirishga izn berilgan, qachonki u yolg‘on birovni oilasini saqlab qolishga, yaxshilikka yo‘g‘rilgan bo‘lsa, ijtimoiy nohaqlik keltirib chiqarmasa.
Yolg‘on – noto‘g‘ri gap, aldov, nohaqlik. Jamiyatimizda ayrim insonlar tomonidan beriladigan yolg‘on axborot tufayli turli qiyinchiliklar yuzaga keladi. Yolg‘on, aldov qarama-qarshi manfaatlar, axloqiy va ijtimoiy normalar to‘qnashgan paytda yuzaga keladi. Yolg‘on – adovatlardan biridir, bu bilan psixologlar vazifalarini bajarish chog‘ida juda ko‘p hollarda to‘qnashishlariga to‘g‘ri keladi.
Yolg‘onchilik muammolarini o‘rganuvchi psixologlar, haqiqatni aytishdan ko‘ra yolg‘on gapirish qiyinligini ta’kidlaydilar. Yolg‘on doimo shaxsning o‘zini tutishidagi ozgina o‘zgarishi orqali namoyon bo‘ladi. Uni aniqlash esa – san’atdir, uni alohida bilimlarni egallash, mohirona qo‘llash, va albatta, katta hayotiy tajriba orqali o‘zlashtiriladi.
Psixolog faoliyatida muvaffaqiyatga erishishda psixologik tashhis orqali shaxsning o‘zini nosamimiy tutishi va uning yolg‘onini aniqlashni bilishi muhim omil hisoblanadi.
Yolg‘on tabiati, namoyon bo‘lish shakli va maqsadiga ko‘ra farqlanadi, adolatni tiklash uchun kurashish quroli sifatida kim qo‘llasa, uni ta’qib qiladi. Har qanday yolg‘on xavfli: uning katta va kichik, ochiq va yashirin, sodda va ayyoronaligi ahamiyatsiz. U kimdan chiqishidan qat’iy nazar, aniqlanmagan yolg‘on alohida xavf tug‘diradi. Jinoyat jarayonida haqiqatni aniqlashda, to‘g‘ri qaror qabul qilishda, u adolatga jiddiy putur yetkazishi mumkin.
Aldash – haqiqiy fakt o‘rniga yolg‘onchi tasavvuridagi holatni qo‘yish va haqiqatni aldoqchiga ma’qul bo‘lgan uydirma bilan almashtirish. Yolg‘on zanjirsimon xarakterga ega: bir yolg‘on ikkinchisini tug‘diradi va u bilan bog‘langan bir qator faktlarni mutanosiblashtirishni talab etadi.
Aldashga urinadigan odamlar o‘z xulqini, jumladan ovozining sadosini nazorat qilishga harakat qiladilar, ammo shu paytda buni qay darajada uddalaganliklarini aniq bila olmaydilar, chunki o‘z ovozining sadosini to‘liq nazorat qilish ancha qiyin ish.
Hayajon, jumladan fosh bo‘lishdan qo‘rqish tufayli kelib chiqadigan hayajonga ko‘proq darajada xos bo‘lgan hamda yolg‘on axborot berish vaqtida ovoz va nutqda ko‘rinadigan quyidagi belgilar farqlanadi:
- ovozda titroq paydo bo‘lishi;
- vaqti-vaqti bilan ovozni tozalash; yo‘talib qo‘yish;
- og‘iz qurishi hamda yutinish va lablarni yalash ehtiyoji tufayli gap o‘rtasida jumlalar uzilishi;
- nutq ohangi (intonasiya)dagi ixtiyorsiz o‘zgarishlar;
- nutq sur’atidagi o‘zgarish (masalan, jumlalarni o‘ylab ko‘rish zarurligi tufayli uning pasayishi);
- ovoz tembrining o‘zgarishi.
Ovozda hissiyotlar ko‘rinishining ko‘proq o‘rganilgan belgisi ohang kuchayishidir. Ranjigan odamlarda ovoz pardasi ko‘tarilib boradi. Ular g‘azablangan yoki qo‘rqqan hollarda buni yanada ko‘proq ko‘rish mumkin. Gʻam-anduh yoki qayg‘u-hasrat vaqtida ovoz pardasining pasayishidan dalolat beradigan tadqiqotlar mavjud. Va nihoyat, hayajon, xafagarchilik, nafrat va jirkanish vaqtida ovoz pardasining balandligi o‘zgarish - o‘zgarmasligi noma’lum. Ovoz pardasining ko‘tarilishi yolg‘ondan dalolat beradigan ishonchli belgi emas; u qo‘rquv yoki g‘azab va, ehtimol, hayajon belgisidir. Ammo ovoz va undagi o‘zgarishlarga qarab aldashda rohatlanish bor - yo‘qligini aniqlash qiyin.
Ovozdagi hissiy o‘zgarishlarni yashirish oson emas.
Agar asosan, yolg‘on gapirish paytidagi hissiyotlar haqida gapiriladigan bo‘lsa, axborotning oshkor bo‘lish ehtimoli ancha katta. Agar yolg‘on gapirishdan maqsad qo‘rquv yoki g‘azabni yashirish bo‘lsa, ovoz balandroq pardada va qattiqroq chiqadi, nutq esa, ehtimol, tezlashadi.
Ma’lumki, inson reaksiyasi ixtiyoriy va ixtiyorsiz turlarga bo‘linadi. Ixtiyorsiz reaksiya boshqarilmaydi va quyidagilarda namoyon bo‘ladi: yuzning oqarib ketishi, qizarishi, qo‘lning qaltirashi, tez-tez nafas olish, terlab ketish, ovozning o‘zgarishi, harakat yo‘nalishining buzilishi, duduqlanish va boshqalar.
Shuningdek, beixtiyor reaksiyalar ham mavjud va bunday reaksiyalarni nazorat qilish juda qiyin (zero, ularni turli usullar bilan yashirishga urinishadi) biroq ma’lumot olishda ancha ahamiyatli hisoblanadi.
Ba’zi reaksiyalar «yolg‘on detektori» kabi tashxis apparatlarida aniqlanadi.
Bunday reaksiyalar quyidagicha ko‘rinishda bo‘ladi:
- yuzning qizarishi – uyat, g‘azab;
- oqarib ketish – qo‘rquv, aybdorlik hissi;
- qorachiqning kengayishi – qiziqish, qoniqish hissi, rozilik, kuchli og‘riq;
- qorachiqning torayishi – qoniqmaslik, rad qilinish;
- qo‘l va bo‘yin sohasi arteriyasida tomir pulsining kuchli urishi – (yurak urishining faollashuvi bilan bo‘yinbog‘ni bo‘shatishga urinish) xavotir, qo‘rquv, uyat, yolg‘on;
- puls chastotasining pasayishi – diqqatning oshishi;
- tez-tez va yuzaki nafas olish – ichki zo‘riqish;
- burundan qisqa-qisqa nafas olish – jahl;
- nafas olishning buzilishi, tomoqning qisilishi, tupukni reflektiv yutinish – vahima, uyat, yolg‘on;
- og‘izning qurishi (yutinish, labni yalash, tashnalik…) – qo‘rquv, yolg‘on;
- to‘satdan tishlarni ko‘rsatish – qahr, tajovuzkorlik;
- terlamoq, ter – g‘azab, xijolat bo‘lish, asabiylashish, yolg‘on;
- titroq (qo‘l, oyoq barmoqlarida, yuz mushaklarida) – ichki zo‘riqish, qo‘rquv, yolg‘on;
- ko‘zini pirpirash – qo‘zg‘alish, yolg‘on;
- qorinning g‘uldirashi – qo‘rquv (doim ham emas, vaziyatga qarab);
- tishlarni g‘ijirlatish – kuchli nevroz, stress, o‘ylaganni amalga oshira olmaslik.
Bunday reaksiyalar ayollarga nisbatan erkaklarda aniqroq ifodalanadi va kuzatish imkoni ko‘proq bo‘ladi.
(davomi bor)
Muxtasam Sulaymonov
Samarqand davlat universiteti
psixologiya nazariyasi va amaliyoti kafedrasi o‘qituvchisi