Shom qorong‘usida chol o‘g‘lini yetaklab darvozadan kirib keldi. Kampirning ikki ko‘zi ularda. "Ishqilib yaxshi xabar bo‘lsin", - deya ko‘nglidan o‘tkazdi.

    - Hay, nima deyishdi? - sabri yetmay savolga tutadi.

    - Ko‘nmadi...prikaz qat'iymish.

    - Aytmadingizmi? Yosh oilali,erta kuzda o‘g‘liga to‘y boshlagan deb.

    - Qiziqsanda, kampir, rais buni tushunarmidi. Ana, Sayfullaning kenjasini to‘yiga bir oy qolganda olib ketishibdi. Shukur deyaver, har holda Yusufing uylanib, farzandli bo‘lishga ham ulgurdi...

    - Qachon ketar ekan endi?

    - Indinga...

    Kampir kelini bilan ertasi kuni tong sahardan o‘g‘liga safar xalta yig‘adi. Eski kiyimlarni yuvadi, yamoq soladi. To‘rt nevara to‘rt tomondan savolga tutadi: "Buvi,dadam qayerga ketyapti?" Kelin indamaydi, javob o‘rniga bir xo‘rsinib qo‘yadi. Kampir bolalarni ko‘chaga haydaydi, "Bir o‘ynab kelinglar". Eshikdan chol kiradi. "Tursunmurod keldi. To‘qlini so‘yamiz". Kampir pichoq qayrayotgan Tursunmurodga bir qaraydi, choliga ikki qaraydi. "To‘yga atalgulik ediya..."

    "Xasis bo‘lma,kampir. Yolg‘iz o‘g‘ling urushga ketyapti. Qaytib kelganidan keyin bunaqa to‘qlidan yuztasini boqadi."

    Hovli o‘rtasida doshqozon qaynaydi. Uzoq-yaqin qarindoshlar keladi. Hammada bir xil gap. "Navbati kelsa yoshi yetganning bari ketarmish".

    Kechqurun hamma tarqaydi. Kampir supada o‘g‘lini quchoqlab yotadi. O‘g‘lining diydoriga termulib o‘tiradi. "Yusufjon, tur bolam, joyingga borib yotaqol". O‘g‘il indamaydi. "Hoy,bolam. Turaqol endi. Ertaga jo‘nab ketasan. Bugun bolalaring bilan uxlagin."

    Kampir choliga supadan joy solib beradi.

    -Ertaga non yopish kerak. Suprada bir siqim ham un qolmagan. Go‘shtni unga alishsa bo‘lmasmikin?

    -Tong otsin. Tursunnikidan alishib kelaman.

    Kampir tong qorong‘usida uyg‘onadi. Bomdod o‘qiydi. O‘g‘lining eson-omon yetib borib, eson-omon qaytishini, urush balosi daf bo‘lishini Allohdan tilaydi... Choli go‘shtga alishib kelgan ikki tovoqqina unni elab, xamir qoradi. Mayin-mayin,yumshoq-yumshoq non yasab,tandir qizitadi. Issiq tandir taftida ikki yuzi kulcha bo‘lib non yopadi. "Buvi,non yopdingizmi?" Nevaralar sevinganidan qiyqirib yuboradi. "Bug‘doy non".

    Poyezd signal chaladi. "Ketamiz,xayrlashinglar". Kampir qarshisida g‘ozdek turgan o‘g‘lining yelkasiga qoqadi. "Omon bo‘lgin, bolam. Oy borib, omon qayt. Yo‘ling oydin, rizqing butun bo‘lsin. Ol,bolam. Manavi nonni tishla, uyingda rizqingni qoldirib ket, toki shu nasiba seni bog‘lab tursin."

    -Xayr, ena, yaxshi qoling, xat yozib turaman.

    Poyezd ikki marta signal chaladi. O‘g‘il ortiga qaray-qaray poyezdga chiqadi. Poyezd yurib ketadi. Kampir qo‘lida tishlangan nonni mahkam siqqanicha o‘g‘li ketgan yo‘lga termulib qoladi.

    Nasiba non devordagi mixga ilinadi. Kampir nonga har gal ko‘zi tushganda, o‘g‘lini eslaydi. "Yaxshi yuribdimikin,eson-omon yetib bordimikin?"...

    Oradan bir yil o‘tadi. Nasiba non toshdek qotadi, rangi uniqadi, ammo yolg‘iz bolaginasining xotirasini hamon eslatib turadi. Kampir o‘g‘lidan kelgan xatlarni mana shu non osilgan devor tagida o‘qiydi. Nega bunday qilishini o‘z ham bilmaydi...

    Aksiga olib, o‘sha yil qattiq keladi. Qahraton qish, yegulik non yo‘q, hamma och. Kunjara yeb shishib o‘lganlar qancha. Atala, yovg‘on oshga masalliq bo‘lgulikka ham hech narsa qolmagan. Chol daraga o‘tin yig‘ishga ketgan. Qish qattiq kelib, zaxira o‘tinlarning ham tagi ko‘rinib qolgan. Nevaralar u yoqqa o‘tadi, bu yoqqa o‘tadi. "Buvi, och qoldik", "Buvi, ovqat". Kampir eziladi. Bir haftadan beri shu ahvol. Sho‘rlik bolalarga qiyin bo‘lyapti. Shu paytgacha atala bilan aldab kelayotuvdi, uch kun bo‘ldi un ham tugagan. "Buvi,non". Kenja nevara qo‘lini devorga ilingan nonga cho‘zadi. "Buvi,nooon".Kampir bir devordagi nonga,bir mo‘ltirab turgan nevarasiga qaraydi... "Kechir meni,o‘g‘lim!"

    Qumg‘onda suv qaynatib tovoqqa solingan nasiba non ustiga qaynoq suv quyadi. "Ozroq kutib turinglar, bolalarim. Non yumshasin". Bolalar mamnun tamshanishadi. Ularning ko‘zidagi quvonchni ko‘rib, kampirning shashqator yoshlari yuzni yuvadi... Yutoqib non chaynayotgan nevaralariga termularkan, ichida o‘ylaydi: "Kechir, meni o‘g‘lim. Boshqa ilojim qolmadi. Alloh nasibangni shu yerga qo‘shgan bo‘lsa kun kelib albatta kelasan va nasibangni ham yeysan. Faqat qaytsang bo‘ldi, bolaginam. Ilohim, eson-omon qayt. Qaytgan kuning bunaqa nondan ikki tandir yopaman. Bir tandirini qo‘ni-qo‘shnilarga taraqatamiz,qolgani o‘zimizga bo‘ladi. Nasibangni o‘shanda yeysan, o‘g‘lim, o‘shanda albatta yeysan!"…                         

                                                       

Iroda Bekmuradova,

Samarqand davlat universiteti

filologiya fakulteti 3-kurs talabasi