«Temuriylar davrida yaratilgan “Xamsa”larning komparativistik tadqiqi va ularning Sharq adabiyoti taraqqiyotidagi o‘rni»mavzusidagi konferensiya yuzasidan press-reliz

Joriy yilning 6 noyabrida Samarqand Davlat Universiteti filologiya fakultetida Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligi oldidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Farmoyishiga asosan 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan OT-F1-138 – «Temuriylar davrida yaratilgan “Xamsa”larning komparativistik tadqiqi» mavzuidagi fundamental loyiha ijrosi doirasida «Temuriylar davrida yaratilgan “Xamsa”larning komparativistik tadqiqi va ularning Sharq adabiyoti taraqqiyotidagi o‘rni» mavzuidagi xalqaro onlayn ilmiy-nazariy anjuman tashkil etildi. Anjumanda Samarqand davlat universiteti prorektori M.Nosirov, jahon miqyosida professorlar Mustafo O‘g‘urlu, Vaxit Turk (Turkiya), Xon Hasa Aqib (Hindiston), V.Elboev (Tojikiston) hamda Respublikamizdan M.Muhiddinov, I.Mirzaev, N.Jabborov, J.Hamroev, N.Shodmonov, A.Erkinov, J.Eltazarov, E.Musurmonov, U.Qobilov va S.Toxirov kabi olimlar ilmiy ma'ruzalari bilan qatnashib ilmiy hamkorlik qilish chora-tadbirlari sifatida istiqbolli tadqiqot rejalari bo‘yicha fikrlar almashildi.
Ushbu anjumanda qatnashchilar havola etgan ilmiy tadqiqotlar asosida temuriylar davrida yaratilgan “Xamsa”larning komparativistik tadqiqi xususida ilmiy-nazariy xulosalar jamlandi. Jumladan, XV asr Xuroson adabiy muhiti va unda Jomiy hamda Navoiyning mavqei, Abdurahmon Jomiy adabiy merosi va poetikasi xususida qator ilmiy-nazariy maqolalar ilm-fanga taqdim etildi. Yaratilgan “Xamsa”larda tasavvufiy ohanglar, jahon adabiyotida “Xamsa” motivlarining o‘rni, adabiy matnshunoslik: nashr, tarjima, ilmiy tahlil va talqin muammolari, “Xamsa”larda til va uslub masalalari nuqtai nazardan berilgan ilmiy qarashlar bugungi kun zamonaviy jahon adabiyotshunosligi va tilshunosligi uchun dolzarb ahamiyatga egaligi amaliy isbotini topdi.
Qolaversa, Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy umumbashariy madaniyat xazinasidan munosib o‘rin olgan o‘lmas asarlarini aynan ona tilimizda yaratib, uning shuhratini butun dunyoga tarannum etdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi Qarorida haqli ravishda qayd qilinganidek, “buyuk shoir va mutafakkir, davlat va jamoat arbobi Alisher Navoiyning bebaho ijodiy-ilmiy merosi nafaqat xalqimiz, balki jahon adabiyoti tarixida, milliy madaniyatimiz va adabiy-estetik tafakkurimiz rivojida alohida o‘rin tutadi”. O‘zbek tilida yaratilgan ana shunday noyob durdonalardan biri Alisher Navoiy “Xamsa”si bo‘lib, bu beshlik haqli ravishda jahon adabiyotining eng yirik polotnolaridan biri sifatida har tomonlama tahlil va tadqiqqa munosibdir.