Samarqand shahar aholisini ming yillar davomida ichimlik suvi bilan ta’minlab kelayotgan buloqlar mavjud. Bular Chashmai Xizr, Tosh-Oxur Chashma, Xo‘ja Doniyor va boshqalar hisoblanadi.

    Shahardagi yuzdan ortiq katta-kichik buloqlarning suv rejimi, sifat ko‘rsatkichlari, shifobaxshlik xususiyatlari shu kungacha yaxshi o‘rganilmagan. Tosh-Oxur, Chashmai Hizr va Chashma buloqlari shular jumlasidan.

    Samarqand davlat universiteti biologiya fakulteti magistri Shahlo Erdanova “Samarqand shahri ”Chashma” arig‘i florasining taksonomiyasi va ekologik xususiyatlari” mavzusida ilmiy tadqiqot olib bormoqda. Mazkur mavzu bo‘yicha bir qator maqolalari respublika va xalqaro nashrlarda chop etilgan. Ilmiy rahbari botanika kafedrasi dotsenti Bo‘ston Islomov.

    Tadqiqotchi olib borgan kimyoviy tahlillarga ko‘ra, “Chashma” bulog‘i suvi juda yumshoq bo‘lib, boshqa buloqlarga nisbatan unda sulfat ionlari miqdori kam, natriy va kaliy miqdori me’yordan past, qattiq qoldiq miqdori eng kam bo‘lgan yuqori sifatli suvdir.

    Ming yillar davomida Samarqand aholisini toza ichimlik suvi bilan ta’minlab kelgan ushbu ariq 200 dan ortiq turdagi manzarali va dorivor o‘simliklar dunyosiga ega. O‘tgan asrning 50-60 yillarigacha ariq suvi ichishga yaroqli bo‘lgan. Shahar aholisining asosiy qismi shu ariq suvidan iste’mol qilib kelgan. Asrimiz boshlarida “Chashma” suvining ifloslanish darajasi anchayin ortgan. Hozirgi kunga kelib ariq juda achinarli ahvolga kelib qolgan. Suvi ichishga yaroqsiz, ariq atrofi chiqindilar bilan ifloslangan. Bu esa o‘z navbatida shahar ekologiyasiga va “Chashma” arig‘i florasiga salbiy ta’sir ko‘rsatmasdan qolmaydi. Shu bosidan ariq suvi sifatini atroflicha tahlil qilish, ba’zi mashhur buloqlarga alohida milliy arxitektura-qurilish ko‘rinishida bezak berish, shifobaxshlik xususiyatlarini aniqlash, sayyohlar kelib ko‘radigan, tomosha qiladigan va dam oladigan turistik maskanlarga aylantirish muhim vazifadir.

    – Tadqiqot davomida “Chashma”ning suv sifati ko‘rsatkichlarini ham o‘rganishga harakat qildik, - deydi tadqiqotchi. – Tahlil natijalariga ko‘ra suvning umumiy qattiqligi 12mg/l ni tashkil etdi. Toza ichimlik suvi umumiy qattiqligining eng yuqori darajasi 7-9 mg/l etib belgilangan. Nitratli ko‘rsatkich ham “Chashma” bulog‘ida toza ichimlik suvnikiga qaraganda yuqori. Ya’ni ichimlik suvida nitrat 45mg/l gacha bo‘lishi kerak, “Chashma” arig‘i suvida bu ko‘rsatgich 75,1 mg/l ni tashkil etadi. Bu kabi tahlillar “Chashma” suvi ichimlik suvi sifatida foydalanish va iste’mol uchun yaroqsiz ekanligini ko‘rsatadi.

Iroda Bekmurodova

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi.

Shavkat Akramov olgan suratlar.