Samarqand davlat universiteti botanika kafedrasi dotsenti Zebiniso Nomozova botanika va o‘simliklar morfologiyasi bo‘yicha 30 ga yaqin darslik va o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar muallifi. 110 dan ortiq ilmiy maqolalari respublika va xalqaro nashrlarda chop etilgan. Shundan 5 tasi Scopus bazasida indekslanadigan jurnallar hisoblanadi. Olima dorivor o‘simliklarni tabiiy sharoitda o‘stirish va o‘simliklar introduksiyasi yo‘nalishlarida ilmiy tadqiqot olib borish bilan bir qatorda talabalarga “O‘simliklar anatomiyasi”, “O‘simliklar morfologiyasi”, “Yuksak o‘simliklar sistematikasi” va “Geobotanika” fanlaridan dars berib keladi.

    – Tadqiqotlarimda Samarqand viloyati sharoitida introduksiyalanayotgan tikanli artishokning bioekologik xususiyatlarini o‘rgandim, - deydi Zebiniso Nomozova. - Mazkur o‘simlik dorivor o‘simlik sifatida tibbiyot va farmatsevtikada keng qo‘llaniladi. Tikanli artishokning vatani O‘rtayer dengizi mamlakatlari hisoblanadi. O‘zbekiston hududida Samarqand va Buxoro viloyati hududlarida uchraydi. Tikanli artishok dorivor o‘simlik sifatida jigar va buyrak kasalliklarida, allergiyada, qandli diabet xastaligida keng qo‘llaniladi. Tadqiqot jarayonida Respublika bo‘yicha dorivor o‘simliklar tabiiy sharoitda o‘stirish bo‘yicha grant qo‘lga kiritdik va SamDU botanika bog‘ida tikanli artishok o‘simligi yetishtirishni yo‘lga qo‘ydik. Bugungi kunda o‘simlik ekiladigan maydonlarni yanada kengaytirish, yangi navlarini ekishni yo‘lga qo‘yish hamda dori-darmon sanoatiga yanada ko‘proq yetkazib berish ustida ishlayapmiz.

Iroda Bekmurodova

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi.

Shavkat Akramov olgan suratlar.