Aniq maqsad→puxta reja→harakat→g‘alaba→KELAJAK SIZNIKI!

Assalomu alaykum, azizlar! Yodingizdami, talaba bo‘lishingizdan oldingi kunlar? Sizning mana shu dargohda ta’lim olish uchun qilgan mehnatingiz, chekkan azoblaringiz. Siz shu vaqt aniq maqsad — oliygohga kirish yo‘lida tinmay mehnat qildingiz, kitoblarga bosh egdingiz. Albatta, buning samarasi bugungi kunda siz ko‘pchillik yeta olmagan, yuragida armon bo‘lib qolgan baxtga erishdingiz. Kechalari bilan dars tayyorlab chiqib, tinmas edingiz. Bu damlarni hecham yoddan chiqarmaysiz. Muvaffaqiyatga yetgan kuningiz-chi? Sizning oliygohga talaba sifatida qabul qilingan kuningizni yodga oling-a! Sizga qanchalik quvonch hadya etgan shu kun. Ixtiyorsiz holda ko‘zlaringizdan tomgan marjon yoshlar qalqib yuzingizni nam qilgan onlar siz uchun hayajonga to‘la damlar edi. Sizning quvonchingiz shuncha, ota-onangizning sevinganini, ich-ichidan siz bilan faxrlanishini aytmaysiz-mi?
Garchi ba’zilaringiz shartnoma asosida o‘qishga kirgan bo‘lsangizda sizga orqa tog‘ bo‘lib, kelajagingiz uchun qayg‘urgan ota-onangiz, oilangizdir. Bu katta mablag‘lar yerdan supurib olinmayotganini juda yaxshi bilasiz! Bugun talabasiz, sizga chetdan turib havas qiluvchilar oz emas. Siz yetgan marraga yetolmay, universitet ostonasidan qaytib ketganlar qancha. Siz bu ne’matni qadriga yetyapsiz-mi? Kelajagingiz uchun aniq bir maqsad qo‘yganmisiz? Shu maqsad yo‘lida shu kungacha biror ish qildingizmi? Ta’limda zamon bilan hamnafasmisiz? Qaysi xorijiy tilni o‘rganmoqdasiz? Haliyam o‘ylab o‘tiribsizmi? Bunaqasi ketmaydi! Bilasizmi, kelajak hozir qattiq mehnat qilayotganlarniki, o‘z ustida tinmay ishlayotganlarniki! Boshlashdan sira ham qo‘rqmang. Muvaffaqiyatning asosiy siri boshlashdir. Atrofingizga razm soling, ilm egallash uchun barcha imkoniyatlar eshigi ochiq. Hayotga real ko‘z bilan qarang. Bugungi kunda kompyuter savodxonligini puxta egallagan, o‘z mutaxassisligining bilimdoni hamda bir necha xorijiy tillarni mukammal egallagan xodimlarga bo‘lgan talab yuqori. Shu to‘rt yil davomida siz ko‘p natijalarga erishishingiz mumkin. Bu sizga bog‘liq. Har bir kuningizni reja asosida o‘tkazing. Ko‘proq kitob mutolaasi bilan mashg‘ul bo‘ling. Bu jarayon sizning dunyoqarashingizni boyitib boradi. Vaqtim yo‘q, imkoniyatim yo‘q kabi bahonalar bilan o‘zingizni aldamang. Inson chin dildan istasa, barchasiga ulgura oladi. Shuni unutmangki, bu to‘rt yillik oliygohdagi vaqtingiz sizga qayta berilmaydi, xuddi bolaligingizni qo‘msaysiz-u unga qaytib borolmaydigan holatdek. Oliygoh ham ta’lim-tarbiya maskani. Unga kirdingizmi, yana shu avvalgi bilim bilan qaytib chiqib ketmang. Bu xuddi suvga kirib yuvinmay chiqishga teng. Har lahzasi oltinga teng bo‘lgan umringizni, sizga foydasi tegmaydigan “ijtimoiy tarmoqlar”ga sarflashni bas qiling. Talabalarda mas’uliyasizlik, beparvolik ularning vujudiga singib bormoqda. Bu holatlardan chiqib, o‘z kelajagingiz uchun kurashing. Dangasalik qilmang, doimo harakatda, ilm olish payida bo‘ling. Bilasiz-mi? To‘xtaganni o‘tirgisi keladi, o‘tirganni yotgisi, yotganni esa uxlagisi keladi. Gʻaflatda qolib orzularni tushingizda ko‘rganingiz ma’qulmi yoki ilm egallash zahmati ortidan keladigan natijalaringizni hayotda ko‘rganingizmi??? Men sizga ishonaman. Siz-chi?
Inson istasa, u barcha ishga qodir. Dastlab qiynalyapsizmi? Bu bir tizimga kirib olguningizcha bo‘lgan qism. Qiyin ekan, eplay olmayapman deya birdan qaror chiqarmang. Yana boshidan boshlang, qaytadan urinib ko‘ring. Kuzatgansiz, bola ham yurishni o‘rgana turib bir necha bor yiqilib tushadi. Ammo, har yiqilganida “yurish mening qo‘limdan kelmaydi, men uchun emas”-deya yarim yo‘lda tashlab ketmaydi. Harakat qiladi va oxiri yurish u yoqda tursin, YUGURISHni ham o‘rganib oladi. Xulosa o‘zingizdan, bir bolakaydek harakat qilolmasangiz, sizni qanday qilib talaba deb atash mumkin! Inson osoniga intiladi, oson kelgan narsalar oson ketishini unutmang. Bu inkor etib bo‘lmas haqiqat.
Keling, kelajagimiz uchun formula yaratamiz:
Aniq maqsad→puxta reja→harakat→g‘alaba→KELAJAK SIZNIKI!
Bilimsiz aqlning changi bo‘ladi, ilm-la egovla yangi bo‘ladi.
Oynadan ibrat ol bir kun artmasang, ustida bir enlik changi bo‘ladi.
Azizlar, Bedilning ushbu fikrlaridan ibrat oling, charxlangan ilm egasi doim o‘z o‘rnini topadi. Unda OLGʻA !!!
Hilola Saidova
Samarqand davlat universiteti
filologiya fakulteti magistranti