Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoev 2017 yilning 31 avgustda Qatagʻon qurbonlari xotirasini yod etish kuni munosabati bilan Toshkentdagi Qatagʻon qurbonlari xotirasi majmuiga tashrif buyurganlarida u erda tashkil etilgan muzeyni ham tomosha qilish paytida uni davlat muzeyiga aylantirish va viloyatlarda ham ana shunday muzeylarni tashkil etish haqida koʻrsatma berdilar.

    Ana shu koʻrsatmaga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 2017 yilning 22 noyabr kuni  «Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatagʻon qurbonlari xotirasi davlat muzeyi va hududlardagi oliy ta'lim muassasalari tuzilmasida Qatagʻon qurbonlari xotirasi muzeylarini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida» qaror qabul qildi.

Qaror ijrosi yuzasidan Samarqand davlat universiteti tuzilmasida Qatagʻon qurbonlari xotirasi viloyat muzeyini tashkil etish ishlari boshlandi.

    Muzey faoliyatini olib borish uchun Vazirlar Mahkamasi tomonidan 4 ta shtat birligi ajratildi. 2018 yilning 1 martidan uning birinchi direktori etib filologiya fanlari doktori, professor Karimov Suyun Amirovich tayinlandi.

Muzeyga 2019 yil 3 sentyabrdan Muqimov Muzaffar Gadaevich direktorlik qilmoqda.

Muzey 2018 yilning 29 avgust kuni – Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 27 yillik bayrami arafasida ochildi. Marosimda Samarqand viloyat hokimi oʻrinbosari Rustam Qobilov, SamDU rektori, senator Rustam Ibragimovich Xalmuradov, Respublika Qatagʻon qurbonlari xotirasi davlat muzeyi direktori, professor Bahtiyor Vahobovich Hasanov, Respublika «Nuroniy» jamgʻarmasi viloyat boʻlimi raisi Hasan Norbekovich Normurodov, viloyat nuroniylari vakillari – Toshboʻri Qilichev, Abdushukur Muhammadqulov, Salohiddin Bobomurodov, Oʻktam Qarshiev, shuningdek universitet rahbariyati, nuroniy-oqsoqollari – Mavlon Joʻraqulov, Muslihiddin Muhiddinov, Ali Abdulqosimov, viloyat madaniyat boshqarmasi, «Mahalla» jamgʻarmasi, muzey-qoʻriqxona va boshqa jamoat tashkilotlari rahbarlari ishtirok etishdi.

Tadbir respublika, viloyat matbuotida yoritildi va televidenie orqali namoyish etildi.

Muzey SamDU geografiya fakulteti binosining bir qismini egallagan. Manzili: Universitet xiyoboni, 15. Muzey toʻrt xonani qamrab olgan: 106 kv.m. ekspozisiyalar zali, 50 kv.m. ma'muriyat, arxivlar saqlanadigan xona, 40 kv.m. yoʻlakchalardan iborat boʻlib, jami 196 kv.m. maydonni egallaydi. Muzeyda bugungi kunda ekspozisiyaga qoʻyilgan va arxivda mavjud 3989 ta turli xil hujjatlar, suratlar, eksponatlar saqlanmoqda. Muzey 4 blok, 8 boʻlimdan iborat boʻlib, 1 ta zalga taqsimlangan.

1-BLOK.

1-boʻlim. Mavzu: Oʻrta Osiyo (Turkiston)ning chor Rossiyasi tomonidan bosib olinishi va mahalliy xalqning bunga qarshi kurashi, Samarqandning bosib olinishi (1868-1900).

Boʻlim mazmuni: Oʻrta Osiyo  xonliklariga podsho Rossiyasining hujumi. Podsho Rossiyasining Turkiston oʻlkasidagi mustamlakachilik siyosati va uning oqibatlari. Podsho Rossiyasi mustamlakachiligiga qarshi oʻlkada ozodlik kurashlari. Mardikorlikga olish.

2-boʻlim. Mavzu: Milliy oʻygʻonish harakati, uning namoyon boʻlishi va amaliy yoʻnalishlari  (1901-1917). 

Boʻlim mazmuni: Mustamlakachilik siyosati. Muxtoriyat uchun kurash. Ma'rifatparvarlik harakati. Mustabid sovet rejimining oʻrnatilishi.

2-BLOK.

3-boʻlim. Mavzu: Turkiston Muxtoriyat  hukumati  va uning  tugatilishi va viloyatda bolsheviklar hokimiyatining oʻrnatilishi. Sovet davlatida qatagʻon siyosatining boshlanishi (1917-1929 y.y.).

Boʻlim mazmuni: 1917 yil Fevral inqilobining roʻy berishi. Turkiston Muxtoriyat hukumatining tuzilishi va tugatilishi. Samarqand viloyatida Turkiston Muxtoriyatiga boʻlgan munosabat. Turkistonda  bolsheviklarning hukumat tepasiga kelishi. «Shoʻroi islom», «Milliy ittihod», «Milliy istiqlol», va «Nashri maorif» singari tashkilot va jamiyatlarning vujudga kelishi. Sovet davlatining gʻayrimilliy siyosati. Samarqand viloyatida bolsheviklar zulmi va haqsizliklarga javoban qarshilik harakatining boshlanishi. Bu harakatning tor-mor keltirilishi. «Quloqlashtirish» va jamoalashtirish kampaniyalarining avj olishi. Viloyatda tuzilgan ijtimoiy tashkilot va jamiyat a'zolarining ta'qib etilishi va qamoqqa olina boshlashi. Qishloq rayonlarida «quloq» qilingan oilalarning Shimoliy Ukraina, Shimoliy Kavkaz, Sibir, Oʻrta Osiyo va Qozogʻistonning sharoiti ogʻir hududlariga koʻchirilishi.

4-boʻlim. Mavzu. Sovet davlati qatagʻon siyosatining boshlanishi  (1929-1936 y.y.).  

Boʻlim mazmuni: GPU organlari tomonidan Oʻz.SSRda «oʻn sakkizlar guruhi», «inogʻomovchilik», «qosimovchilik», «milliy istiqlolchilar», «narkompros ishi» va «botir gapchilar» va shu kabi siyosiy uydirmalarning toʻqilishi. XX asrning 30-yillari boshida ulamolar, ruhoniylar va dindorlarga  nisbatan ta'qibning  kuchayishi. 1937-39 yilgi «katta qirgʻin yillari», Samarqandda davlat arboblarining va ziyolilar qatlamining, xotin-qizlarning qatagʻon qilinishi. «Eski» ziyolilarga qarshi kurashning avj olishi.

3 – BLOK.

5-boʻlim. Mavzu: Sovet davlatining kollektivlashtirish va «quloqlashtirish» kompaniyasi va uning fojiali oqibatlari. 1937-1938 yillardagi «Katta qirgʻin» (1930-1938 y.y.).

Boʻlim mazmuni: Oʻzbekiston SSRda quloqlashtirish kompaniyasi va uning oqibatlari. SSSRning turli hududlariga surgun qilinganlar qismati. Samarqand, Kattaqoʻrgʻon va Xatirchi tumanlarida quloq qilinganlar uchun mehnat posyolkalarining tashkil etilishi.

Viloyatdagi davlat va partiya, fan va madaniyat arboblari, shuningdek, boshqa soha vakillarining ommaviy ravishda qatagʻon qilinib, ularga tegishli mol-mulkning davlat foydasiga musodara etilishi. «Xalq dushmanlari» hisoblangan kishilar oila a'zolarining qamoqqa olinishi, bolalarining esa respublika va respublikadan tashqaridagi etimxonalarga yuborilishi. Davlat apparatlari, sanoat korxonalari, oʻquv muassasalarida «xalq dushmani», «josus», «aksiliniqlobchi» unsurlarni axtarish vasvasasi.

6 -boʻlim. Mavzu: 1940-1950 yillardagi siyosiy qatagʻonlar.

Boʻlim mazmuni: 1941-1945 yillardagi urush arafasida va urushning dastlabki yillarida sovet davlati siyosatidan norozi kishilarning dushman foydasiga xizmat qilishi mumkinligi uchun ularni ta'qib va qatagʻon qilish. Urushdan keyingi yillarda millatchilik va kosmopolitizimga qarshi kurash kabi kampaniyalarning boshlanishi. Ijodkor, fan va madaniyat arboblariga nisbatan qatagʻonlar.

Etnik qatagʻonlar. 30-yillar oxirida uzoq Sharqdan koreys millati vakillarining, 40-yillarning boshlarida Qrim va Kavkazdan qrimtatar, mesxeti turklari, ingush, qorachoy va boshqa turkiy xalqlarning, shuningdek, polyak va nemis millatiga mansub aholining Oʻzbekistonga, xususan Samarqand viloyatiga surgun qilinishi.

4-BLOK.

7-boʻlim. Mavzu: 1980-yillardagi  qatagʻonlar, «Paxta ishi» kampaniyasi.

Boʻlim mazmuni: Oʻtgan asrning 80-yillarida sobiq markaz tomonidan oʻzbek xalqiga nisbatan olib borilgan ommaviy qatagʻon – «Paxta ishi»  siyosiy kampaniyasi. Samarqand viloyati boʻyicha bu kampaniyaning nohaq qurbonlari. 1990 yillarda sovet davlati siyosiy nayranglarning fosh etilishi. «Paxta ishi» boʻyicha nohaq javobgarlikka tortilib, boshqa respublikalardagi qamoqxonalarda saqlangan koʻplab fuqarolarimizning Oʻzbekistonga keltirilishi va ular «jinoiy ishlari»ning qayta koʻrilishi; begunoh qurbonlarning oqlanishi.

8-boʻlim. Mavzu: Mustaqillik yillarida tarixiy adolatning tiklanishi, qatagʻon qurbonlari xotirasining abadiylashtirilishi, milliy qadriyatlarni asrab-avaylash va rivojlantirish yoʻlida amalga oshirilgan tarixiy ishlar (1991 yildan keyingi davr).

Boʻlim mazmuni: 1990-yillarda  sovet tuzumi siyosiy nayranglarning fosh etilishi, adolatning tiklanishi.

Tarixiy adolatni tiklash masalasining davlatimiz ijtimoiy-siyosiy va madaniy siyosatining ustuvor yoʻnalishi sifatida belgilanishi va bu borada amalga oshirilgan ulkan ishlar. Oʻtgan asrning 30–80-yillarida mamlakatimizda amalga oshirilgan siyosiy qatagʻon qurbonlarining oqlanishi va ular xotirasining abadiylashtirilishi.

Sovet davrida badnom etilgan davlat arboblari va sarkardalar (Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi, Bobur va b.) haqida tarixiy xaqiqatni qaror toptirishga qaratilgan amaliy ishlar.

Sovet davrida nomlari taqiqlangan, badnom etilgan islom dini va falsafasining buyuk namoyandalari (Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Margʻinoniy, Bahouddin Naqshband, Xoja Axrori Valiy va b.) xotirasining tiklanishi va ardoqlanishi.

Navroʻz, Ramazon va Qurbon hayitlarining umumxalq bayrami sifatida qayta tiklanishi; Sovet davrida feodal adabiyoti namunasi sifatida qoralangan asarlar («Avesto» kitobi, «Alpomish» eposi) va shoir-adiblar (Ahmad Yassaviy, Burhoniddin Rabgʻuziy, Sufi Olloyor va b.) ijodining xalqqa qaytarilishi.