Porey piyozi haqida nimalarni bilamiz?

Samarqand davlat universiteti agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi fakulteti stajyor-tadqiqotchisi Hayot Qurbonov “Porey piyozi ahamiyati va yetishtirish texnologiyasi” mavzusida tadqiqot olib bormoqda.
Porey piyozida boshqa sabzavotlarda yo‘q bo‘lgan xususiyatlar mavjud: saqlash davrida oq qismidagi askorbin kislotasi miqdori bir yarim baravarga ortadi. Yangi uzilgan piyozni dastlab bir hafta sovutgichda saqlab, keyin ishlatilsa, S vitamini miqdori yanada oshishi kuzatiladi. Ozuqa moddalarining asosiy qismi porey hosili yig‘ib olingandan 3-4 oydan keyin to‘plana boshlaydi. Porey piyozining tashqi ko‘rinishi keng bargli sarimsoq piyozga o‘xshash bo‘ladi. Uning barglari tekis va ustki qismi parafin qoplanganga o‘xshaydi. Yetilgan piyozda 9-13 dona barglar bo‘ladi. Ikkinchi yilda porey piyozi gulpoya chiqaradi va u gullab, urug‘ beradi. Ushbu piyoz uncha achchiq bo‘lmagan ta’m va yoqimli xidga ega. Uning ko‘kat barglari va gulbarglarini ovqatga ishlatsa bo‘ladi.
Hayot Qurbonov “Yumshoq bug‘doyning qimmatli xususiyatlari”, “Sug‘oriladigan yerlarda bug‘doyning zang kasalligiga chidamli nav namunalarini tanlash”, “Bug‘doy seleksiya uchun yotib qolishga chidamli va mahsuldorligi yuqori boshlang‘ich materialni o‘rganish”, “Bug‘doyning kasalliklarga chidamli boshlang‘ich materiali” mavzularda bir qator ilmiy maqolalar chop ettirgan.
-Porey piyozi mamlakatimizga endigina kirib kelmoqda, juda kam joylarda uchratamiz, bu haqida ko‘pchilik bilmaydi,- deydi Hayot Qurbonov. –Men Samarqand davlat universiteti meva uzumchilik va sabzavotchilik kafedrasi mudiri Davlat Normurodov ilmiy rahbarligida tadqiqot ishimni davom ettirib, porey piyozini shifobaxsh xususiyatlarini to‘liq o‘rganib keng ommaga yetkazmoqchiman.
Behruz SHAMSIDDINOV,
SamDU Axborot xizmati xodimi
Shavkat AKRAMOV olgan suratlar