Jamiyatda huquqshunos ayollarga ehtiyoj katta…

Samarqand davlat universiteti yuridik fakulteti falsafa va milliy-g’oya kafedrasi dotsenti Gulnoza Sultanova AQSH, Ispaniya, Hindiston, Rossiya, Chexiya, Bolgariya, Buyuk Britaniya, Germaniya kabi davlatlarning xalqaro jurnal va konferensiyalarida bir qator maqolalari bilan ishtirok etgan.
2018-yilda “Postnoklassik ilmiy tafakkur tarzida g‘oyaviy vorislik va innovatsiya muammolari” mavzusida falsafa fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasini professor Shuhrat Qo‘shoqov rahbarligida muvaffaqiyatli himoya qilgan.
Aynan shu yilda Samara universitetida (Rossiya) bo‘lib o‘tgan “Fan va taʼlim zamonaviy amaliyotda gumanitar bilim xalqaro integratsiyasi: Samara va Samarkand” mavzusidagi xalqaro loyihada ishtirok etgan.
2019-yil Sian Jiatong universitetining (Xitoy) taklifiga ko‘ra “University Alliance of the Silk Road” mavzusidagi xalqaro forumida “O‘zbekistonning tarixiy shaharlari”, “Samarqand Sharq gavhari”, “Samarqand davlat universiteti: islohotlar va yo‘nalishlar” mavzusidagi maʼruzalar bilan Xitoy davlatida bo‘lgan.
Gulnoza Sultanova 4 nafar falsafa fanlari doktori (PhD) yosh olimlarga ilmiy rahbarlik qilmoqda. Uning shogirdi SamDU 2019-2020 o‘quv yili bitiruvchisi Oybek Shavqiyev Navoiy nomli davlat stipendiyasini qo‘lga kiritgan. Shuningdek, olima ingliz, rus va turk tillarida erkin muloqot qila oladi.
Olimaning “Postnoklassik ilmiy tafakkur tarzida innovatsiya” nomli monagrafiyasi Germaniyaning Lambert nashriyotida, qolgan ikki monografiyasi esa O‘zbekistonda nashr etilgan. Qolaversa, uning bir o‘quv va 2 o‘quv-uslubiy qo‘llanmalari chop etilgan.
Gulnoza Sultanova yaqinda “Kognitiv konstruktivizm tafakkur tarzi kreativligining intellektual asosi sifatida” mavzusida dissertatsiyasini himoya qilib, falsafa fanlari doktori ilmiy darajasini qo‘lga kiritdi. Ilmiy maslahatchisi professor Shuhrat Qo‘shoqov.
- Ayol va jamiyat tushunchasi qaysidir ma’noda eskirganday taassurot qoldirishi mumkin. Lekin, aslida jamiyat oilalar asosiga qurilishini hech kim inkor etolmaydi. Bas, shunday ekan jamiyatni ham ayol va xotin-qizlarga bo‘lgan adolatisiz tasavur qilib bo‘lmaydi, - deydi dotsent Gulnoza Sultanova. - Bugun jamiyatda xotin-qiz yuristlarga, olimlarga bo‘lgan ehtiyoj tobora ortmoqda. Xotin-qizlar haq-huquqlari, ular uchun jamiyatning mas’uliyatini yanada oshirish borasida juda ko‘p ish qilinishi kerak. Mening nazarimda, ayollar huquqini, muammolarini, dardini tushunish uchun, his etish uchun ham ayol huquqshunoslar tayyorlash masalasiga alohida e’tibor qaratilishi kerak bo‘lgan vaqt allaqachon yetib keldi. Balkim, xotin-qizlar haq-huquqlarini buzilishi va poymol bo‘lishiga doir masalalarga huquqiy baho berishda ayol huquqshunoslarining ishtiroki shartdir. Ayol o‘z iztiroblarini kechmishlarini, qiyinchiliklarini hamma vaqt ham oshkor qilavermaydi. Bunda milliy mentalitet degan tushuncha ko‘p o‘rinlarda ustun kelaveradi. Agar ushbu jarayonlarni ayol huquqshunos o‘rganadigan, ko‘radigan, tahlil qiladigan bo‘lsa, bu o‘z-o‘zidan jamiyatdagi illatlarni kamayishiga, oilalarning mustahkamligiga olib keladi. Mening nazarimda oila va nikoh tushunchalari bo‘yicha professional yuristlarga, advokatlarga va o‘z navbatida psixologlarga, faylasuflarga ehtiyoj juda katta bo‘lib boraveradi. Ming afsuski, juda ko‘p holatlarda xotin-qizlarimiz o‘z haq-huquqlarini bilmaydi, zo‘ravonlik qurboniga aylanadi. Moddiy va ma’naviy jihatdan juda katta yoqotishlarga duch keladi, oilalar barbod bo‘ladi, bolalar yetim qoladi. Bunday holatlar esa, jamiyatga ham ma’lum bir ma’noda ziyon yetkazadi. Shuningdek, ta’lim dargohlarida ham, o‘qish, o‘rganish, jarayonlarida ham, xotin-qizlarga alohida munosabat, alohida e’tibor, alohida yengilliklar lozim. Buning uchun esa, xotin-qizlar orasidan juda ko‘plab oliy ma’lumotlilar yetib chiqishi kerak, deb o‘ylayman.
Behruz SHAMSIDDINOV
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi,
Shavkat AKRAMOV olgan suratlar.