“Dorian Grey portreti” asari Oskar Uayldning roman janridagi yagona asari bo‘lib, juda oz fursat – uch hafta ichida yozilgan

“Ana shu suvratim qarisa-yu, men mangu yoshligimcha qolaversam! Buning uchun... Buning uchun men olamdagi bor narsani berishga tayyorman. Ha, hech narsamni ayamas edim. Buning uchun hatto jonimni ham beraman!”...
Odatda, biror bir asar haqidagi muhim bir fakt, qiziqarli ma’lumot ham menda shu asarni o‘qib chiqishga turtki bo‘lishi mumkin. Oskar Uayldning “Dorian Grey portreti” asari haqidagi bir maqolada keltirilgan qiziqarli ma’lumot diqqatimni tortib, asarni mutolaa qilishga undagan. Maqolada taxminan shunday jumlalar bor edi: “...yozuvchining bu asari bir inson bilan tuzilgan garovi natijasida bor-yo‘g‘i uch hafta ichida yozib tugatilgan. Garov o‘ynagan kishi yozuvchini umrida hech qachon roman yoza olmasligini aytgan edi...” Asar shu qisqa vaqt ichida yozib tamom qilingan bo‘lsa-da, haqiqatan u kishini mushohadaga chorlaydi, asarni o‘qigan har bir kitobxon o‘zini Dorianning o‘rniga qo‘yib, taftish qilib ko‘radi, portret qarshisida o‘z savollariga javob izlaydi.
Asar haqida
“Dorian Grey portreti” asari Oskar Uayldning roman janridagi yagona asari bo‘lib, juda oz fursat – uch hafta ichida yozilgan. Roman yozilib, nashr qilingandan keyin norozichiliklarga ham sabab bo‘lgan. Shunga qaramay, kitobxonlar bu asarni juda iliqlik bilan qarshi oladi. “Dorian Grey portreti” romani jahonning ko‘plab mamlakatlarida ekranlashtirilgan.
Syujet
Roman voqealari rivojida rassom Bezil Xolluord yosh va sohibjamol yigit – Dorian Greyning portretini mahorat bilan chizadi. Rassom Bezilning yaqin do‘sti bo‘lgan lord Genri Uotton suhbatlardan birida bu portretni Grovenorga ko‘rgazmaga yuborish kerakligini aytadi. Ammo Bezil uning taklifini e’tiborsiz qoldirib, ko‘rgazmaga qo‘yish niyati yo‘q ekanligini bildiradi. Genri esa uning javobidan hayratlanib, sababini so‘raganida, Bezil shunday so‘zlarni aytadi: “Rassom ishlagan suvratida qarshisida o‘tirgan odamning emas, o‘z-o‘zining qiyofasini ochib beradi. Bu portret mening yurak sirlarimni oshkor etib qo‘ymasa, deb qo‘rqaman. Shuning uchun uni ko‘rgazmaga qo‘yish niyatida emasman”. Rassom Bezilning bu javobi esa nafaqat do‘sti Genrini, balki kitobxonni ham qiziqtirib qo‘yadi. Rassom san’at asarini yakunlab, portretni Dorianga taqdim etadi. Surat bilan Dorian o‘rtasida deyarli farq yo‘q bo‘lib, u rasmga qaraganda ilk bor o‘zining jamolidan hayratga tushadi: “Ana shu suvratim qarisa-yu, men mangu yoshligimcha qolaversam! Buning uchun... Buning uchun men olamdagi bor narsani berishga tayyorman. Ha, hech narsamni ayamas edim. Buning uchun hatto jonimni ham beraman!” Xo‘sh, Dorianning bunday fikrga kelishiga sabab nima bo‘ldi?! Avvalo, rassom Bezil portretga butun qalbini berib ishlov bergan edi. Bundan tashqari asar bitguniga qadar Dorian bilan Genrining o‘zaro suhbati, yoshlik haqidagi muhokamalaridan so‘ng, yigit umrining oxirigacha portret qarisa-da, ammo o‘zi navqironligicha qolishni xohlab qoladi.
Asar voqealarida Dorian Genri bilan tanishganidan keyin, Genri o‘z g‘oyalari bilan Dorianni ham o‘z domiga tortib boraveradi. Dorian aktrisa Sibila Veyn bilan uchrashib, unga unashtiriladi. Ammo teatrda bo‘lgan bir sahnada yaxshi rol ijro etmagani uchun Sibilaga achchiq gapirib, uni tashlab ketadi. Qiz esa bunga chidayolmay o‘z joniga qasd qiladi. Ana shundan keyin ilk bor Dorian Greyning portretida o‘zgarish yuz beradi: “Shu xira shu’lada suvratda uning yuzida qandaydir o‘zgarish sodir bo‘lganday ko‘rindi. Uning chehrasidagi ifoda nechukdir boshqacha edi – qimtib olgan lablarida shavqatsizlik sezilib turardi. Bu – g‘alati edi”. Shu tariqa Dorianning xulqidagi o‘zgarishlar suratda namoyon bo‘lib boraveradi.
Tahlil
Asarning boshlang‘ich qismida Dorian Grey aslida yosh bo‘lishiga qaramasdan tuyg‘ulari sof yigit sifatida tasvirlanadi. Ammo u rassom Bezilning do‘sti Genri Uotton bilan tanishganidan so‘ng fikrlari, dunyoqarashi butunlay o‘zgara boshlaydi. Butun xulq-atvoridagi o‘zgarishlar vaqt o‘tib, suratda aks etib boradi. Buni qarangki, haqiqatdan Dorian navqironligi o‘zida saqlanib qolib, bor qusur va kamchiliklar portretda aql bovar qilmas darajada namoyon bo‘ladi. Dorian portretni yashirishga urinadi. Aynan mana shu surat Dorianni qotillik qilishiga ham sababchi bo‘ladi. Hatto barcha bo‘layotgan voqealarning sababkori deya rassom Bezilning ham hayotiga zomin bo‘ladi. Bu voqealarga Dorianning yoshligi sababmi, u oqni qoradan vaqtida ajratolmadi. Bezil bergan yaxshi tavsiyalarga amal qilmasdan Genrining razil g‘oyalariga berilib ketdi. Asar mazmunidan anglashiladiki, hayot doim ham bir tekisda ketmaydi, ba’zida bilib-bilmay qilingan xatolarni takrorlash kattadan katta gunoh ishlarni, yovuzliklarni keltirib chiqarishi mumkin. Buni biz bosh qahramon Dorian obrazi misolida ko‘ramiz. Ayniqsa, asardagi asosiy detallardan biri – portret orqali kitobxon ham o‘z hayotiga nazar tashlab ko‘radi, xuddi Dorian suratga boqqanda o‘z kamchiliklarini ko‘rgani kabi! Asar insonni vijdon bilan yashashga, yaxshi ishlar bilan umr kechirishga undaydi.
Xulosa
Asar so‘ngida portretda Dorian Greyning navqironligi barq urib turgan holati o‘zining asliga qaytishi, Dorianning esa yuziga ajinlar tushgan, qarigan chol tusidagi jasadi topib olinish tasviri bor. Bu esa yoshlikning o‘tkinchi ekanligini, bu dunyoda inson yaxshi xulq-atvori bilangina nom qoldirishi mumkinligini ko‘rsatib beradi. Xulosa shuki, har bir inson o‘z “portret”iga har safar boqqanida faqat savob ishlari, ezgu amallari porlab turishi kerak ekanligi asarning tub mohiyatini tashkil etadi.
Iqtiboslar
- Baxtning chinakam siri – go‘zallikni izlamoqdadir.
- Eng oddiy, eng arzimas buyum ham uni odamlardan yashira boshlashing bilanoq birdan kishini lol qoldiradigan darajada qiziqarli bo‘lib qoladi.
- Mehr bilan chizilgan har qanday portret, sirasini aytganda, rassom qarshisida suvratga tushmoq uchun o‘tirgan odamning emas, rassomning o‘z portretidir.
- Hayotdagi eng maroqli narsa – o‘zingning qalbing va do‘stlaringning ehtirosidir.
- Yashashdan maqsad – o‘zligini namoyon etishdir. Biz o‘z mohiyatimizni to‘la-to‘kis namoyon etish maqsadi bilan yashaymiz.
- Dunyodagi eng ulug‘ hodisalar inson miyasida sodir bo‘luvchi voqealardir... dunyodagi eng buyuk gunohi azimlari ham miyada, faqat miyada tug‘iladi.
- Qalb dardini hamisha sezgilar bilan davolamoq kerak, sezgilarga esa qalb davo bo‘ladi.
- Hayotimizdagi birdan bir qimmatli narsa yoshlikdir.
- Ba’zi odamlar o‘zlariga juda zarur bo‘lgan narsalarni bajon-u dil boshqalarga berib yuboraveradilar. Oliyjanoblikning eng yuksak namunasi desa arziydi buni!
Chamangul Saydazzamova,
Samarqand davlat universiteti
filologiya fakulteti talabasi.