Bu haqida vazir Abduqodir Toshqulov ma’lumot berdi.

         2022 yilda: Oliy ta’lim sohasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish hamda yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrov darajasini 32 foizga yetkazish maqsadida nodavlat oliy ta’lim muassasalari sonini 25 tadan, jami oliygohlar sonini 160 tadan oshiramiz.

         Is’hoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillar instituti, Andijon davlat chet tillar instituti faoliyati yo‘lga qo‘yilsa, Navoiy davlat konchilik instituti negizida Navoiy politexnika universiteti tashkil etiladi.

         Kelgusi yillarda:

- oliy ta’limning me’yoriy-uslubiy tizimi xalqaro standartlarga muvofiq joriy etiladi va buning natijasida:

mamlakat oliy ta’lim tizimi jahon ta’lim makoniga to‘liq integratsiya qilinadi;

- xalqaro akademik va ilmiy mobillik huquqiy asosga ega bo‘lib, keskin kengayadi;

- diplomlar, akademik va ilmiy darajalar “konvertatsiyasi” uchun keng imkoniyatlar yaratiladi;

- ta’lim dasturlarini xalqaro miqyosda uyg‘unlashtirish imkoniyatlari kengayadi;

- mamlakat oliy ta’lim muassasalari xalqaro reytinglarda tengma-teng ishtirok etishi imkoniyatlari yanada oshadi;

- ta’lim jarayoniga xorijiy mutaxassislarni jalb qilish imkoniyatlari kengayadi;

- xalqaro akademik va ilmiy loyihalarni amalga oshirish ko‘lami kengayadi;

- qo‘shma dasturlar asosida o‘qitish imkoniyatlari kengayadi.

 

         Oliy ta’lim tizimida “Ma’muriy”, “O‘quv”, “Ilmiy” va “Moliyaviy” jarayonlarni boshqarish to‘liq elektronlashtiriladi.

         Ta’lim jarayoniga tegishli bo‘lgan jarayonlarni to‘liq elektronlashtirish orqali talabalar va professor-o‘qituvchilarning asosiy faoliyati o‘quv jarayoniga qaratiladi. O‘quv jarayonini qog‘ozda tartibga solish amaliyotidan to‘liq voz kechiladi.

         - Dars jadvalidan tortib reyting daftarchagacha talaba va uning ota-onasining telefonida bo‘lishi kerak, biz bu ishni boshladik va kelgusi 2022 yilda yakuniga yetkazamip, - deydi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov.

         Shuningdek, barcha oliy ta’lim muassasalarining axborot-kutubxonalarini birlashtirgan holda Yagona raqamli kutubxona tizimini joriy etamiz. Buning uchun mavjud barcha o‘quv va ilmiy adabiyotlarni raqamlashtirish, elektron, audiokitoblar yaratish orqali kutubxona bazasini boyitamiz.

         Talabalarga o‘z oliy ta’lim muassasasida mavjud bo‘lmagan kitoblarni boshqa oliygohda mavjudligini ko‘rish va ushbu kitobni buyurtma qilish imkoniyatini yaratamiz.

         Keyinchalik "Raqamli kutubxona" tizimini xalqaro ilmiy kutubxona tizimlariga integratsiya qilish rejalashtirilgan.    

         Shuningdek, ilmiy salohiyat sohasida amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar yuzasidan vazirning fan va innovatsiyalar bo‘yicha o‘rinbosari Rahimjon Hakimov ma’lumot berdi. 

         Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Sarvar Buzrukxonov Prezidentimizning Davlat oliy ta’lim muassasalariga moliyaviy mustaqillik berish to‘g‘risidagi qarori haqida batafsil tushuntirishlar berdi.