Amaliy ishlar davri

    Samarqand davlat universiteti:

    Magistrlar uchun noan’anaviy dars...

    ...SamDU  filologiya fakulteti  magistrlariga   O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, “El-yurt hurmati” ordeni sohibi, professor Muslihiddin Muhiddinovning darsi boshlandi.

    ...Kutilmaganda Toshkent bilan bog‘lanildi. Taniqli navoiyshunos,  O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi Sultonmurod Olimning “Lison ut-tayr” dostonida komillik va fano timsoli mavzusidagi onlayn ma’ruzasini tingladik.

    Ulug‘ olimlarning fikr-mulohazalariga g‘arq bo‘lib, vaqt  o‘tganini ham sezmay qoldik.  “Lison ut-tayr” qanday omillar asosida paydo bo‘lganligi, Shayx San’on haqidagi hikoyat va asardagi ramziy timsollar haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘ldik.

    - Shayx San’on haqidagi hikoyat Alisher Navoiyning  «Lison ut-tayr» dostonida 79-bob tarzida kelgan. Bu - masnaviydagi eng yirik bob, - deydi  Sultonmurod Olim. -  U 520 bayt, ya’ni 1040 misradan iborat. Dostondagi boshqa biror hikoyat,  bob  hajman bunga yaqin ham kelmaydi. Shunga ko‘ra,  ba’zi olimlar uni  «doston ichra doston» deb ham hisoblaydi. Chunki mazkur bobda Shayx San’on ishqi juda batafsil bayon etiladi. Shuning uchun, boshqa hikoyatlardan farqli o‘laroq, buni alohida asar sifatida o‘quvchiga taqdim etsa ham bo‘ladi. Mutolaa qilgan kitobxon mustaqil asar o‘qigandek ma’naviy va badiiy zavq oladi…

    -Bundan keyin darslarimizga o‘tilayotgan mavzu bo‘yicha ilmiy tadqiqot olib borgan yetuk olimlarni jalb etishni yo‘lga qo‘yamiz,-deydi Muslihiddin Muhiddinov.-Bu fikrlar xilma-xilligiga, bahs-munozaralarga olib keladi. Shuningdek, har bir mavzuni ichiga chuqurroq kirish imkonini beradi. Magistrlarimiz bo‘lg‘usi ilm izlovchilar ekanligini hisobga oladigan bo‘lsak bu juda muhimdir...

    - Bugungi dars  butunlay boshqacha uslubda o‘tdi. Menda katta taassurot qoldirdi. To‘g‘risini aytganda, magistrlar uchun noan’anaviy darslar juda zarur, deb hisoblayman. Ayniqsa, bizda yuksak darajadagi fikrlar, ilmiy yangiliklarga tashnalik bor, - deydi magistrant Umidjon Toshmamatov. – Kelgusida ham bugungiday darslar tashkil etilsa maqsadga muvofiq bo‘lardi. Har ikki ustozimizga ham rahmat. Bugungi kun biz uchun esda qolarli unutilmas kun bo‘ldi...

Behruz SHAMSIDDINOV

Samarqand davlat universiteti

filologiya fakulteti magistranti.