Alisher Navoiy ijodiy merosining dunyo tamaddunidagi o‘rni va ahamiyati

Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetida buyuk mutafakkir va shoir, davlat va jamoat arbobi Alisher Navoiy tavalludining 581 yilligi munosabati bilan shu mavzudagi ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi. Tadbirda filologiya fakulteti professor-o’qituvchilari Alisher Navoiy merosining ilmiy va badiiy ahamiyati, buyuk mutafakkir ijodining jahon adabiyoti va tilshunosligida o‘rganilishi, shoir asarlarini o‘rganishning qardosh xalqlar merosini tadqiq etishdagi ahamiyati, Navoiyning tilshunoslikka oid qarashlari mavzularida ma’ruza qildilar.
Alisher Razzoqov, filologiya fanlari bo’yicha falsafa doktori, dotsent:
- Kishilik tarixida o‘zining benazir shaxsiyati, umuminsoniy g‘oyalarga yo‘g‘rilgan ijodi bilan o‘chmas iz qoldirgan Nizomiddin Mir Alisher Navoiy uchun ham inson shaʼni, qadr-qimmati asosiy bosh mezonlardan biri hisoblangan. Alisher Navoiy nafaqat o‘zining asarlari, yaʼni maʼnaviy merosi bilan, balki o‘zining davlat boshqaruvidagi va jamiyatdagi mavqei bilan ham insonlarga har tomonlama xizmat qilish, uning uchun oliy qadriyat hisoblangan. Bu haqida uning o‘z asarlaridan tortib unga zamondosh bo‘lgan tarixchilarning asarlarida ham bir qator qiziqarli maʼlumotlar keltirilgan. Jumladan, Alisher Navoiy o‘z moliyaviy ishlarining sarhisobi hisoblangan “Vaqfiya” asarida o‘z hisobidan kishilar foydalanishi uchun qurilgan masjid, madrasa, shifoxona, ko‘prik, rabot singari inshootlarning ro‘yxatini keltirgan. Manbalarda aytilishicha, Navoiy qurdirgan “Xalosiya” xonaqohida har kuni mingdan ortiq faqir miskinlar ziyofat qilingan, kiyim-bosh ulashilgan. Eʼtiborli jihati shuki, Alisher Navoiy taʼsis qilgan madrasalardagi o‘qish-o‘qitish tizimining baʼzi o‘ziga xos jihatlari, olimlar va talabarga to‘lanadigan nafaqa va maoshlar haqida uning “Vaqfiya” asarida maʼlumot berilgan. Unda aytilishicha, madrasadagi har bir dars halqasi (potok)da o‘n bittadan tolibi ilm tahsil olgan, ular o‘zlashtirishlariga qarab uch tabaqaga – aʼlo, vasat (o‘rta) va adno (quyi)ga bo‘lingan va shu mezon asosida ularga nafaqa (stipendiya) tayinlangan. Bu ayni vaqtdagi universitet tizimiga juda o‘xshaydi.
Mahfuza Davronova, filologiya fanlari doktori, dotsent:
Hech qaysi bir ijod o‘zidan oldingi an’analarga aylangan asarlarni o‘rganmasdan, undan oziqlanmasdan turib takomilga yeta olmaydi.
Ayniqsa, so‘z – buyuk mumtoz shoiri hazrat Navoiy xususida ketganda, bu fikrga yana bir bor amin bo‘lish mumkin bo‘ladi. Uning asarlariga bo‘lgan munosabat esa bir necha asrlardan buyon izdoshlik hamda hamnafaslik darajasidadir. Ijodkor qaysi bir davrda yashamasin, albatta qayta-qayta Alisher Navoiy asarlariga murojaat etaveradi.
Alisher Navoiy ijodi shunday bir musaffo buloqki, undan ijodkorlar nafaqat huzur, rohat topishadi, balki o‘z nomini o‘chmaslikka, abadiylikka ham muxrlashiga sabab bo‘ladi. Fikrimizga birgina ozar shoiri Fuzuliyning ijodi ham misol bo‘la oladi.
XX asr adabiyoti xususida so‘z ketganda ham mana shu kayfiyat, mana shu hamohanglik ko‘zga yaqqol tashlanadi. Erkin Vohidov o‘zining “Shoiru she’ru shuur” asarida quyidagi fikrlarni ta’kidlaydi:
“Biz bugun Alisher Navoiy nomisiz o‘zbek madaniyatini tasavvur qilolmaymiz. Uning nurli she’riyati, yorug‘ siymosi ruhimizga singib ketgan. Shoirning yuksak badiiyat bilan muzayyan bo‘lgan, chuqur insonparvar g‘oyalar bilan yo‘g‘rilgan ijodi asrlar osha bizni hanuz o‘ziga rom qiladi, ko‘ngillarimizni zavqu shafq hamda iftixor tuyg‘ulari bilan, ongimizni ezgulik fikrati bilan boyitadi, bizni adolat uchun, inson qalbining mangu erki uchun kurashmoqqa chorlaydi”.
Erkin Vohidov to‘g‘ri ta’kidlaganidek, Alisher Navoiy she’riyatida buyuk qudrat, qandaydir ilohiy mo‘jiza yashiringan. Shu bois har doim ijodkorlar uning asarlariga murojaat etar ekan, bu ilohiy qudratni his etib turishadi. Uning so‘z ganjasi oldida esa, so‘z, fikr aytmoqlikka kuch topa olish zarur bo‘ladi.
Iroda Bekmurodova
Samarqand davlat universiteti
filologiya fakulteti talabasi,
Shavkat Akramov olgan suratlar.