Mahmudxo‘ja Behbudiy o‘zidan keyingi avlodga nima vasiyat qilgan edi?

“Ey Turkiston maorifi ishlarida bo‘lg‘on o‘rtog‘ va o‘g‘lonlarim! Men o‘zim garchi bandi bo‘lsam-da, sizlarni esimdan chiqarmayman va sizlarga vasiyat qilib o‘taman.
Sizlarga vasiyat qilaman: maorif yo‘lida ishlay turg‘on muallimlarning boshini silangizlar! Maorifga yordam etingiz! O‘rtadan nifoqni ko‘taringiz! Turkiston bolalarini ilmsiz qo‘ymangizlar! Hammaga ozodlik yo‘lini ko‘rsatingizlar! Bizdek maorif” qurbonlarini yo‘qlangizlar! Ozodlikni tezlik ila yuzaga chiqaringizlar! Mumkin qadar ko‘proq yangi maktablar ochish, shuningdek maorif va xalq saodatini taʼminlash sohasida tinmay ishlash bizga eng yaxshi haykal bo‘ladi!”
(Vasiyatnomadan)
Behbudiy (forscha: 1. Yaxshilik, sog‘lomlik; 2. Foyda, najot) juda oz umr ko‘rdi (atigi 44 yil). Shu qisqa umrning katta qismi tazyiq va tahdidlar ostida kechishiga qaramasdan, xayrli ishlarni amalga oshirishga ulgurdi, kelajak avlod taqdiri to‘g‘risida qayg‘urdi. U noshir, teatrshunos, adib, mufti, siyosiy arbob sifatida faoliyat ko‘rsatdi va barcha sohada o‘chmas iz qoldirdi.
Behbudiydan 200 dan ziyod ilmiy-publitsistik maqolalar, 6 ta darslik, “Sayohat xotiralari” kitobi, “Vasiyatnoma”, “Padarkush” nomli pyesa meros bo‘lib qoldi.
Abdurahmon Saʼdiy taʼbiri bilan aytganda, “O‘zbek milliy adabiyotining negiz toshini” qo‘yganlardan biri Mahmudxo‘ja Behbudiy XIX asr oxiri, XX asr boshlarida Turkistonda keng qanot yozgan jadidchilik harakatining rahnomasidir.
Mahmudxo‘ja Behbudiy 1875 yilning 19 yanvarida (hijriy 1291, 10-zulhijja) Samarqand yaqinidagi Baxshitepa qishlog‘ida ruhoniy oilasida dunyoga kelgan. Otasi o‘z davrining islom huquqshunosi, din tarixi bo‘yicha yirik olim bo‘lib umrining oxirigacha muftilik qilgan, ko‘plab asarlar yaratgan. Behbudxo‘ja Solihxo‘ja o‘g‘li turkistonlik, Ahmad Yassaviyning avlodlaridan, ona tomondan bobosi Niyozxo‘ja urganchlik bo‘lib, amir Shohmurod zamonida (1780-1785) Samarqandga kelib qolgan.
1894 yilda otasi, Behbudxo‘ja vafot etganlaridan so‘ng muftilik lavozimini o‘g‘li Mahmudxo‘ja egallaydi. Shu sababli unga “Mufti” unvoni qo‘shib aytiladi. Yosh Mahmudxo‘ja tog‘asi qozi Muhammad Siddiqning tarbiya va qaramog‘ida o‘sib voyaga yetadi. Arab sarfu nahvini kichik tog‘asi Odildan o‘rganadi. 18 yoshidan qozixonada mirzalik qila boshlaydi. Behbudiyning maktab-madrasa hayoti haqida ham maʼlumotlar nihoyatda kam. U dastlab Samarqand madrasasida, so‘ngroq Buxoroda yaxshigina tahsil ko‘radi.
Mahmudxo‘ja 1900 yildan boshlab Arabiston, Turkiya, Misrga sayohatga chiqadi. Makkai Madinani ziyorat qiladi. Russiyaning Moskva, Peterburg, Qozon, Orenburg, Ufa, Nijniy Novgorod kabi yirik shaharlarda bo‘ladi. Qayerga bormasin, u yerdagi maktablarda bolalarning o‘qishi, o‘qitish usullari bilan yaqindan tanishadi, darsliklar va o‘quv qo‘llanmalarini olib keladi.
Xalq maorifining jonkuyari sifatida, xalqni, millatni g‘aflat uyqusidan uyg‘otmoqni asosiy maqsad qilib qo‘yadi. Sayohatdan qaytgach, “Usuli saftiya”, “Usuli jadidiya” deb nomlangan yangi maktablar ochadi. Millat bolalarini savodxonligini oshirish maqsadida chet ellardan keltirilgan darslik va qo‘llanmalardan tashqari o‘zi ham darsliklar yozadi va o‘z mablag‘i hisobidan nashr qildiradi. Behbudiyning tashabbusi va g‘ayrati bilan 1903 yilda Samarqand atrofidagi Halvoyi (S.Siddiqiy), Rajabamin (A.Shakuriy) qishloqlarida yangi maktablar ochadi va shu maktablar uchun darsliklar tuzishga kirishadi. “Risolai asbobi savod” (1904), “Risolai jug‘rofiyai umroniy” (1905), “Risolai jug‘rofiyai Rusiy” (1905), “Kitobat-ul atfol” (1908), “Amaliyoti islom” (1908), “Tarixi islom” (1909) kabi kitoblarini yaratadi.
Uning 1901-yildan boshlab «Turkiston viloyati gazeti», “Taraqqiy”, “Xurshid”, “Shuhrat”, “Tujjor”, “Osiyo”, “Hurriyat”, “Turon”, «Sadoi Turkiston», «Ulug‘ Turkiston», “Najot”, «Mehnatkashlar tovushi», «Tirik so‘z», “Tarjumon”, “Sho‘ro”, “Vaqt”, «Toza hayot», “Samarqand”, “Oyna” kabi gazeta va jurnallarda chop etilgan maqolalari esa taraqqiyiarvar kishilar ayniqsa, yoshlarning diqqat eʼtiborini qozongan.
Mahmudxo‘ja Behbudiy buyuk maʼrifatparvar va yetakchi jadidchi sifatida milliy madaniyatimiz tarixidan mustahkam o‘rin egallaydi.
Milliy dramaturgiyamizning birinchi namunasi bo‘lgan “Padarkush” XX asr o‘zbek adabiyoti tongida yorug‘ yulduz sifatida yosh ijodkorlarga nurli yo‘l ochadi. “Padarkush” daramasi taʼsirida Avloniyning “Advokatlik osonmi?”, “Pinak”, Qodiriyning “Baxtsiz kuyov”, Badriyning “Juvonmarg”, “Ahmoq”, Hoji Muyinning “Ko‘knori”, “Eski maktab – yangi maktab”, Hamzaning “Zaharli hayot” singari o‘nga yaqin pyesalarning yaratilishi o‘zbek adabiyotining boyishiga xizmat qiladi.
“Bizlarni xonavayron, bachagiryon va bevatanu bandi qilg‘on tarbiyasizlik va jaholatdur; bevatanlik darbadarlik, asorat faqir va zaruratu xorliklar hammasi ilmsizlik va betarbiyalikning mevasi va natijasidir”. Behbudiyning bashorati orqali inson, faqat dunyoga taraqqiy qilgan xalq faqat ilm vositasi bilangina kamolatga erishishi mumkinligini anglaymiz.
Behbudiy siymosini Sadriddin Ayniy, Hoji Muin, Laziz Azizzoda, Solih Qosimov, Ahmad Aliyev, Naim Karimov, Begali Qosimov, Sirojiddin Ahmedov, Sherali Turdiyev, Halim Sayyid, Normurod Avazov, Zebo Ahrorova kabi olimlarning maqola va xotiralari orqali yana-da teranroq kashf etamiz.
Dilafro‘z Jabborova,
Samarqand davlat universiteti dotsenti,
filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori