Birinchi qismni o‘qish

Ikkinchi qismni o‘qish

Uchinchi qismni o‘qish

4

    Odamlar orasida shunday odat bor: noto‘g‘ri yo‘ldan yurgan odamga nisbatan "shayton yo‘ldan uribdi" degan iborani ishlatishadi. Kimga qanday bilmadimu, men bunday o‘ylamayman. Aslida shayton insonni yo‘ldan urmaydi, u azaldan odamning ichida yashaydi. Insonni o‘z yo‘rig‘iga yurdirishga u endigina esini tanib boshlagan davrlardayoq urina boshlaydi. Yo‘l umrning avvalidayoq tanlangan bo‘ladi. Xullas, ichimda azaliy yashayotgan shayton tinmay nafsimga qutqu solaverdi. Men ham uning ra’yini qaytarmadim. Avvaliga korxona hisob raqamidan oz-ozdan pul o‘zlashtirib ola boshladim. Asta-sekin bu miqdor ko‘paya bordi. Oxirida hammasini yig‘ib, shahardan uy oldim. Keyin uylandim. Shubhasiz, to‘y xarajatlari ham korxonaning "gardaniga tushdi". Hisobot yili yakunida bir ilojini qilib, kamomadni bilintirmadim. Ammo kelasi yili direktor almashadigan bo‘lib qoldi. Direktorimizning bir yig‘ilishda ikki-uch oydan keyin o‘g‘limni o‘rnimga qo‘yib, o‘zim nafaqaga ketaman, deganidan keyin mening ham patagimga qurt tushdi. Direktor almashsa, ishimning pachavasi chiqadi. Nima bo‘lganda ham bu yerdan eson-omon ketib olishni o‘ylashim kerak edi. Faqat o‘rnimga qo‘yiladigan odam mug‘ombir bo‘lsa, "xatoim"ni bilib qolishi mumkin. Endigi qiladigan ish sohadan unchalik xabari yo‘q odamni o‘zimga yordamchi qilib olish edi. Men ketsam shubhasiz, yordamchi bosh hisobchilikka qo‘yiladi. Tez orada shunday odam topildi. Bir kuni ko‘chada kursdosh do‘stim Zamirni ko‘rib qoldim. Zamir ish topolmayotganidan nolib qoldi. Mendan yordam so‘radi. "Aslida bu ish qiyinku-ya lekin sen uchun ilojini topaman, " dedim o‘zim ichimda jon deb tursam ham. Uch kundan keyin qo‘ng‘iroq qilib chaqirdim. Shu tariqa Zamir yordamchi bo‘lib ish boshladi. Harakatimda shubha uyg‘otmaslik uchun direktordan oldin ketishim kerak edi. Boshlig‘imizning oldiga kirib, ketmoqchiligim, boshqa joydan ish topganimni aytdim. Direktor avvaliga ko‘nmadi. Mendek o‘z ishiga puxta, "halol" odamni topish qiyin ekan. "Hech bo‘lmaganda o‘rningizga qo‘yadigan odam topilguncha sabr qiling, " dedi u. Unga Zamirni tavsiya qildim. " Malol olmasangiz, bir nomzod tavsiya etaman. Zamir Qodirov ayni siz aytgan sifatlarga mos odam. Ishga kelganiga unchalik ko‘p bo‘lmagan bo‘lsa-da juda ko‘p narsalarni o‘rgandi. Qolaversa, u bilan hayotda ham do‘stmiz. Biror narsani bilmay qolsa, bemalol o‘rgataveraman. " Shu tariqa boshliqni ketishga ko‘ndirdim. Navbatdan tashqari o‘tkaziladigan audit tekshiruvidan keyin xohlagan yeringizga ketsangiz bo‘ladi, dedi direktor unga ishdan bo‘shash haqida arizamni topshirganimda. Tekshiruvga mas’ul yetakchi auditorning o‘ziga bir mashina narxiga yetguday xarajat qildim. Mayli, qancha ketsa ham "ayb"ni o‘zimdan soqit qilsam bo‘lgani edi. Hammasi men kutgandek bo‘ldi. Faqat tekshiruvchilar mas’ulining og‘zini umuman ochilmaydigan qilib "moylash" men o‘ylaganimdan ko‘pga tushdi. Ketganimdan keyin besh oycha Zamir tomondan "shamol" ham eshitilmadi. Oltinchi oyning oxirida tergovga chaqirildim.

    "Zamir Qodirov ishi anchayin jiddiy. U bosh hisobchi bo‘lishidan oldin o‘tkazilgan tekshiruvda korxona hisobida hech qanday kamomad aniqlanmagan. U ish boshlagandan keyingi hisobot yilining yarmida o‘tkazilgan audit tekshiruvida katta miqdordagi kamomad kelib chiqqan" Tergovchining vaziyatni ana shunday baholagancha bergan savollariga aniq javob berdim. Ishdan ketayotganimdagi tekshiruv xulosasi meni aybdan "pana qilib" qoldi. Shu-shu Zamir qamalib ketdi. Oxirgi sud bo‘ladigan kuni ham xotini kelib, erining men bilan ko‘rishishni istayotganini aytdi, lekin men sudga bormadim. Nima qilaman, u yerda? Sudyaga qarab, asl aybdor men, Zamirnimas, meni qamang, deyishim kerakmi?!

    Tashqarida shatir-shutir yomg‘ir yog‘a boshladi. Daraxt shoxlari shamolda asabiy silkindi. Shamol tomchilarni kuch bilan derazalarga tomon itarardi. Ko‘zimni uyqu eltdi. Shu bilan qancha vaqt uxladim, bilmayman. Titrab-qaqshab ko‘zimni ochganimda nimqorong‘u xona muzday edi. Butun a’zoyi badanim sovuqdan dir-dir titrar, derazaning bir ko‘zi shamolda ochilib ketgan bo‘lsa kerak, tashqaridan etni junjiktiruvchi sovuq shamol kelardi. Boshimni yostiqdan ko‘tarishim bilan ko‘z oldim qorong‘ulashib ketdi. Karavotga o‘tirib qoldim. Kecha yupun kiyinganimning asorati mana bugun bo‘y ko‘rsatayotgandi. Devorni ushlab, paypaslana-paypaslana derazani yopib keldim.

    Yolg‘iz odam kasal bo‘lmasin ekan. Bu ahvolda na choy damlay olaman, na ovqat... ammo ko‘nglim uyning shirin ovqatini tusaydi. Shu tobda issiqqina qaynatma sho‘rva bo‘lsaydi, deb xayol suraman. Ammo turib uni muhayyo qilishga mador yo‘q. O‘ttiz yettiga kirib, hali birorta do‘st ham orttirmaganim alam qildi. Birdan-bir yaqinim Rustam edi, uyam o‘z tashvishlari bilan o‘ralib qishlog‘ida yuribdi. Shu ahvolda yana uch kunni o‘tkazdim. To‘rtinchi kuni o‘zimni sal bo‘lsa-da tetik seza boshladim. Ishxonada uch kundan beri yo‘qligimni endi sezishgan chog‘i, ertalab hamkasblarim qo‘ng‘iroq qildi. Ularga ikki-uch kunda ishga chiqaman dedim. Sho‘rvaga masalliq xarid qilish uchun bozorga tushmoqchi bo‘lib, yo‘lga otlandim. Havo doimgidek bulutli edi. Quyosh sal kam bir haftadan buyon yuz ko‘rsatmas, kir uvada paxtaday bulutlarga burkangan osmon yurakka allaqanday xomush, ma’yus kayfiyat yuqtirardi. Avtobus chiroyli binolarni ortda qoldirib, bozorcha oldida to‘xtadi. Xaridni go‘shtdan boshladim. Hamma narsani olib bo‘lib, ketayotgandim hamki, limon olish yodimga tushdi. Shamollaganda limon foydali deb, onam nuqul limonli choy qilib berardi. Meva rastalari oralab limon qidirarkanman, to‘satdan Bahorani ko‘rib qoldim. Butun vujudimni allaqanday sog‘inch aralash hayajon qoplab oldi. Bahora egnida yupqa palto, qomatiga yarashgan uzun ko‘ylak, kiygan, sochlarini chiroyli qilib turmaklab olibdi. Oxirgi marta ko‘rganimdan anchayin o‘zgargan, to‘lishib, chiroyi yanada ochilganday ko‘rinardi. U tomon endigina bir-ikki qadam qo‘ygandim hamki, u yoniga o‘girilib kimnidir chaqirdi. Qo‘shni rastadan qo‘lida xarid xaltasi ko‘tarib olgan bir novcha yigit Bahora tomonga keldi. U qo‘lidagi yelim xaltada bir kilogrammcha chiqadigan olmani yigitning qo‘liga tutqazdi-da, ikkalasi qo‘ltiqlashib yonimdan o‘tib ketdi. Hayratimdan qo‘limdagi yelimxaltalarni tashlab yuborishimga sal qoldi. Bahora menga qayrilib ham qaramadi. Oldimdan o‘tayotganda ko‘rdim, uning egnidagi yupqa paltosi to‘liq berkitolmagan qomati uning ikkiqatligini ko‘rsatib turardi. "Turmushga chiqibdi-da!" "Farzand ham kutishyaptiykan..." Bo‘shashib bekat tomon ketdim. Shu paytgacha Bahoraga bo‘lgan hislarim o‘zimga ayon bo‘lmagani, o‘tgan ikki yil ichida uni biror marta ham sog‘inmagan bo‘lsam ham, bugun uni ko‘rganimdagi holatim, anavi novchani qo‘ltiqlab olganida vujudimda qo‘zg‘algan rashk meni qanchalik olovlantirgan bo‘lsa, nihoyada ko‘rgan manzaram meni shunchalik madorsizlantirdi. Bahorani, men shu paytgacha o‘zim bilmagan muhabbat bilan sevadigan Bahoramni bir umrga yo‘qotganimni endi chindan anglab yetdim. Xayollarimni konduktor bolaning ovozi buzdi:

    — Amaki, qaerga ketyapsiz?

    Cho‘chib tushdim. Atrofga alanglab qaradim, biroq qaerdaligimni anglolmasdim.

    — Men...men...

    Manzilni aytdim.

    — Chiqa qoling.

    Shoshib, o‘rnimdan turdim. Konduktor bola bozor xaltalarimni olib chiqishga yordam berdi.

    — Rahmat, ukam. Sog‘ bo‘l.

    — Arzimaydi. Amakim bo‘lasiz-u yordam bermasam uyat bo‘lar, - u samimiy jilmaydi.

    — Amaking? -savolomuz takrorladim men.

    — Ha, men Zamir o‘rtog‘ingizning o‘g‘li bo‘laman. Ilgari biznikiga ko‘p borgansiz.

    Hijolatlik o‘ti butun tanamni yondirardi. Bolaning ko‘zlariga qarayolmadim. G‘o‘ldiray-g‘o‘ldiray "Dadang yaxshimi" deyoldim xolos.

    — Ha, tuzuk. Hozir "kolonka" ga chiqarishgan. Ko‘rgani borib turibmiz. Tez orada o‘zi ham chiqib qoladi.

    — Ishga chiqib ketdingmi?- uning kalta bo‘yiga yarashmagan bu kasbidan hayratlanib, savolga tutdim.

    —Ha, amaki. Ishlamasam bo‘lmadi.

    Uning ovozida kattalarga xos bosiqlik, jiddiy o‘ychanlik bor edi. Gaplaridan uni hecham bola deb bo‘lmasdi.

    — Nechinchi sinfda o‘qiysan? Maktabing nima bo‘lyapti?

    — Yettinchida o‘qiyman. Darsimiz tushdan keyin. Dars vaqtigacha ishlayman xolos.

    U aybdorona nigohini yerga tikdi.

    — Oyimga qarashmasam bo‘lmaydi-da...ukalarim hali kichik...

    Uyga qanday kelganim yodimda yo‘q. Ko‘zlarim ochiq turibdi-yu, hech narsani ko‘rmayman. Yuragim uradi, ammo hech nimani his qilmayman. Bu dunyodan tamomila uzilib qolgandayman go‘yo. Ko‘zimni yumsam, qarshimda onamning mushtoq qiyofasi paydo bo‘ladi. "Seni bir bor ko‘rolmay ketdim, Ha-a, bolam-a! Ishlaring shunchalik ko‘pmidi?"

    Ona! Oxirgi oy uni ko‘rishga bir marta ham bormaganim, janozasiga zo‘rg‘a yetib borganim, unda ham uch kun o‘tiboq, shaharga qaytib ketganim...hammasi mening shundog‘am zil-zambil gunohim yukini battar og‘irlashtirib turardi. Men kimman? Bu dunyoga nima uchun keldim-u, nimalar qildim o‘zi?

    Yopiq turgan xona eshigi va pol o‘rtasidagi oraliqdan qandaydir konvert "suzib" kelib, oyog‘im ostida to‘xtadi. Yo‘lakdan tiq etgan tovush eshitilmasdi. Xat kimdanligini juda yaxshi bilardim. Shoshilmasdan xatjildni ochdim. Tanish yozuv:

            " Men keldim!

                                    Kimdir "

    Kuldim. Bor ovozim bilan, qornimni changallab, qah-qah otib kuldim. Ovozim xuddi faryod chekayotganga o‘xshab chiqdi. Qahqahamdan devorlar aks-sado berdi. Shu tor balkonchaning zax bosgan devorlari ham aks-sado qaytara olishi mumkin ekanligini ko‘rib battar kuldim. Deraza lang ochiq edi. Tashqaridan yomg‘ir hidiga qorishgan sovuq havo ichkariga yopirilardi. Pastda sichqondek o‘rmalayotgan mashinalarning chinqirgan ovozlari yomg‘ir tomchilari shatir-shutiriga qo‘shilib, ko‘nglimni behalovat qilardi. Yomg‘irning shiddati kuchaydi, chelaklab quyayotganday jala boshlandi. To‘satdan ko‘zimga  Kimdirning o‘tkir nigohlari tutashdi. Kuchli chaqmoq chaqnab, bir lahzaga atrof yorishdi. Yashinning nuri quyoshnikiday bo‘lolmasligini endi ko‘rdim. Men bir umr yorug‘lik deb intilganim aslida bir martagina chaqnagan-u shu zahoti o‘chgan chaqmoqning yorug‘i ekanligi, haqiqiy yorug‘lik quyoshdaligi ayon bo‘ldi. Buni hech narsa inkor etolmasligini endi angladim. Kimdir menga hamon tikilib turardi. Uning menga qarab turgan ko‘zlari, yuzi menga kimnidir eslatdi. Bor diqqatimni nigohimga qadab unga tikildim...

    Uni tanidim! Shu lahzada o‘zimni juda baxtiyor his etardim. Vujudimda allaqanday yengillik sezdim. Qo‘llarimni u tomon cho‘zib, oldinga bir qadam tashladim. Kimdir menga peshvoz chiqdi...Osmonda sassiz yashin chaqnadi. Qora bulutlar zulmati ichra chaqnagan chaqmoq shu’lasi bir yondi-yu, shu zahoti o‘chdi...

Iroda Bekmuradova,

Samarqand davlat universiteti

filologiya fakulteti talabasi