Samarqand davlat universiteti

mumtoz adabiyot tarixi kafedrasi mudiri
Sulaymonov Isroil Isomiddinovich

+99897 5768103  isroil-8103@mail.ru 

    Isroil Sulaymonov filologiya fanlari doktori. Samarqand davlat universiteti o‘zbek adabiyoti tarixi kafedrasida 2008-yildan beri turli lavozimlarda ishlab keladi. 2020-yildan Samarqand davlat universiteti mumtoz adabiyot tarixi kafedrasi mudiri. 2010-yilda “Mulla Mahmud Qoriy va uning poetik merosi” mavzusida nomzodlik, 2020-yilda “Boburnoma"da g‘olib va mag‘lub shaxs ruhiy holatining badiiy tasviri” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan. Faoliyati davomida 3 monografiya, 3  o‘quv qo‘llanma va 2 uslubiy qo‘llanmalar, 100 ga yaqin ilmiy  maqolalar muallifi. Shuningdek, olim bugunga qadar Scopus, Web of Science va boshqa nufuzli xalqaro bazaga kiruvchi jurnallarda 8 maqola e’lon qilgan.

https://www.scopus.com/record/display.uri?eid=2-s2.0-85144458409&origin=resultslist

Mumtoz adabiyot tarixi kafedrasi a’zolari

Muhiddinov Muslihiddin Qutbiddinovich

 muhiddinovmuslihiddin1@gmail.com; m-muslihiddin@samdu.uz

 

Muslihiddin Muhiddinov - O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, "El-yurt hurmati" ordeni sohibi, filologiya fanlari doktori, professor. Olim o‘zbek adabiyoti tarixi bo‘yicha yetuk mutaxassis. Samarqand adabiyotshunoslik maktabining faol davomchilaridan biri, bu sohada amalga oshirilgan ishlari bilan ilm ahli nazariga tushgan yetuk navoiyshunos olim. 1971-yildan buyon Samarqand davlat universitetida faoliyat yuritadi. 1972-yilda “O‘zbek klassik adabiyotida “Bahrom va Dilorom” hamda “Bahrom va Gulandom” siklidagi dostonlar (O‘zbek klassik adabiyotida “Bahrom Go‘r” syujetining evolyutsiyasi)” mavzusida nomzodlik, 1995-yilda “Alisher Navoiy va uning salaflari ijodida inson konsepsiyasi (“Xamsa”larning birinchi dostonlari asosida)” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan.

Muslihiddin Muhiddinov o‘z tadqiqotlarida komil inson g‘oyasining mumtoz adabiyotdagi talqinlariga katta e’tibor berdi. Olim ilmiy faoliyati davomida 12 monografiya, 18 o‘quv, uslubiy qo‘llanma, 300 dan ziyod ilmiy-nazariy maqolalar e’lon qilgan.

Tohirov Sobirjon Qobilovich

abulbohir@mail.ru

 

Filologiya fanlari nomzodi, dotsent. SamDU mumtoz adabiyot tarixi kafedrasida 2003-yildan buyon faoliyat yuritib keladi. 2005-yilda "O‘zbek mumtoz adabiyotida turkum syujetlar va “No‘h manzar” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan.

Sobirjon Tohirov faoliyati davomida 1 monografiya, 1 risola, 2 o‘quv va 3 uslubiy qo‘llanmalar yaratgan.

Muhiddinova Nazmiya Muslihiddinovna

muxitdinovanazmiya@gmail.com; m-nazmiya@samdu.uz

 

Filologiya fanlari doktori, dotsent. SamDU mumtoz adabiyot tarixi kafedrasida 2007-yildan buyon faoliyat yuritib keladi. 2017-yilda «Mirhasan Sadoiy va uning adabiy merosi (she’riyat poetikasi, g‘oyaviy-badiiy tahlil masalalari)» mavzusida filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), 2021-yilda “XVIII-XIX asrlar birinchi yarmi o‘zbek she’riyatida salaflar an’analarining poetik takomili (Muhammad Gʻoziy va Mirhasan Sadoiy ijodi misolida)” mavzusida  doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan.

Nazmiya Muhiddinova Qo‘qon adabiy muhitining shu paytgacha o‘rganilmagan shoirlaridan Mirhasan Sadoiy, Muhammad Gʻoziy  devonlarini qo‘lyozma va toshbosma nusxalari asosida nashrga tayyorlagan. Ilmiy-uslubiy faoliyati davomida 3 monografiya, 1 darslik, 1 o‘quv qo‘llanma, 4 o‘quv-uslubiy qo‘llanma nashr ettirgan, 80 dan ortiq xalqaro va respublika nashrlarida maqolalari e’lon qilingan. 

 

Hasanova Mashhura Jumanovna 

ikaroy1984@gmail.com

Filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD). SamDU mumtoz adabiyot tarixi kafedrasida 2019-yildan buyon faoliyat yuritib keladi. 2018-yilda “XV asr turkiy she’riyatida qasida janri” mavzusida filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasini himoya qilgan.

Mashhura Hasanovaning Scopus, Web of Science va Google scholar xalqaro bazalarida indekslangan jurnallarda, OAK ro‘yxatidagi jurnallarda, milliy jurnallarda, xalqaro va respublika konferensiyalari to‘plamlarida 30 ga yaqin ilmiy maqolalari nashr etilgan. 2020-yil Germaniyaning Lap Lambert nashriyotida “Ode genre in XV century Turkish poetry” nomli monografiyasi hamda 1 o‘quv, 1 uslubiy qo‘llanmalari nashr qilingan. researchgate ilmiy bazasida xirsh indeksi 1, google scholar bazasida xirsh indeksi 6.

https://bit.ly/3TpnTnd

https://bit.ly/3N61G9F

Muminova Dilorom Davronovna

dilorommuminova@mail.ru

 

SamDU filologiya fakulteti mumtoz adabiyot tarixi kafedrasida 2018-yildan boshlab assistent o‘qituvchi lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda. Dilorom Muminova faoliyati davomida 1 o‘quv qo‘llanma, OAK ro‘yxatidagi jurnallarda, xalqaro va respublika konferensiyalari to‘plamlarida 20 ga yaqin ilmiy maqolalar e’lon qilgan.  Dilorom Muminova 2023-yilda “Nomanavislik an’anasi va turkiy she’riyatda lirik janrlar taraqqiyoti (XIV -XV asrlar she’riyati misolida)” mavzusidagi 10.00.02 - O‘zbek adabiyoti  filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasini himoya qildi.

Mumtoz adabiyot tarixi kafedrasi haqida

1927-yilda Samarqand oliy pedagogika institutining tashkil etilishi mintaqada oliy ta’lim tizimining yangi bosqichini boshlab berdi.  Birinchi o‘zbek professori Abdurauf Fitrat rahbarligida asos solingan o‘zbek adabiyoti tarixi kafedrasi ham shu davrdan o‘z faoliyatini boshladi.

1930-yildan boshlab Pedagogika akademiyasi, 1933-yildan O‘zbekiston davlat universiteti deya nomlangan Samarqand davlat universitetida ilk tashkil etilgan ilmiy markazlardan biri o‘zbek-tojik adabiyoti kafedrasi bo‘lib, o‘zbek va tojik adabiyotshunosligi fanlarining shakllanishi ko‘p jihatdan shu ilmiy markaz faoliyati bilan bog‘liq. Abdurauf Fitratning Ahmad Yassaviy, Yusuf Xos Hojib, Ahmad Yugnakiy, Alisher Navoiy, Mashrab hayoti va ijodi, aruz she’riy tizimi, S.Ayniyning Firdavsiy, Sa’diy, Xusrav Dehlaviy, Alisher Navoiy hayoti va ijodiga doir fundamental tadqiqotlari, A.Sa’diyning “Alisher Navoiy ijodi o‘zbek klassik adabiyotining yuksak bosqichi sifatida” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasi o‘zbek-tojik adabiyotshunosligining shakllanishi uchun o‘ziga xos poydevor vazifasini o‘tadi.  S.Ayniyning “Namunai adabiyoti tojik” (1926), A.Fitratning “O‘zbek adabiyoti namunalari” (1927) darslik-xrestomatiyalari mamlakatimizda shu sohada yaratilgan ilk o‘quv adabiyotlaridir. Bu esa XX asrning 30-yillaridayoq Samarqandda ilmiy markaz shakllanganligini ko‘rsatadi.

O‘tgan asrning 30-yillari oxiri va 40-yillarida Hazrat Alisher Navoiy hayoti va ijodini tadqiq etishga alohida urg‘u berilgan edi. Shu davrda navoiyshunoslik maydoniga kirib kelgan V.Abdullayev ulug‘ shoir va mutafakkir hayotining eng kam o‘rganilgan davrlari – Samarqanddagi hayoti va adabiy faoliyatini tadqiq etishga kirishdi.

XX asrning 40-yillaridan boshlab V.Abdullayevning diqqat e’tiborini o‘zbek adabiyotining kam o‘rganilgan yoki umuman o‘rganilmagan davri muammolari o‘ziga tortdi. Shunday davrlardan biri XVII-XVIII asrlar o‘zbek adabiyoti edi.

Vohid Abdullayev 1944-yildan boshlab Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek davlat universiteti o‘zbek adabiyoti kafedrasining mudiri vazifasida ilmiy-pedagogik faoliyat boshladi. U uzoq yillar davomida Samarqandda adabiyotshunoslik maktabini yaratishga intildi.

Ustoz-murabbiy Vohid Abdullayevning sa’y-harakatlari natijasida adabiyotshunoslik, xususan, o‘zbek va tojik adabiyoti tarixi ilmi taraqqiyotiga sezilarli ta’sir ko‘rsatgan bir guruh yetuk olimlar jamlandi. B.Valixo‘jayev, M.Qosimova, N.Shukurov, S.Mirzayev, R.Orzibekov, O.Ikromov, I.Salohiy, S.Sa’diyev, S.Halimov, Sh.Shukurov, Q.Tohirov, A.Abdurahmonov, Sh.Xolmatov kabi yirik adabiyotshunos, matnshunos olimlarning akademik V.Abdullayev rahbarligidagi ilmiy-pedagogik faoliyati XX asrning 60-70-yillarida Samarqandda adabiyotshunoslikning ilmiy maktab darajasiga yetganligidan dalolat berar edi.

Akademik Vohid Abdullayev asos solgan adabiyotshunoslik maktabining  asosiy tarmog‘i mumtoz adabiyot va mumtoz poetika masalalarini tadqiq etishga qaratilgan bo‘lib, uning gullab yashnashi, mamlakatimiz sarhadlaridan chetga chiqib, jahon ilmiy jamoatchiligi e’tiboriga tushishi yetuk ustozning munosib shogirdi B.Valixo‘jayev nomi bilan bog‘liqdir.

«Samarqandning ilmiy vijdoni», «olimu fozillar botiri» kabi e’tiroflarga sazovor bo‘lgan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining akademigi Botirxon Valixo‘jayev butun umrini ilmu ziyoga bag‘ishlagan, nafaqat o‘zbek balki fors-tojik adabiyotining dolzarb muammolari bo‘yicha keng qamrovli tadqiqot olib borgan zukko, nuktadon olimdir.

Botir Valixo‘jayev o‘zbek adabiyotshunosligida ilk marotaba epik she’riyat tarixini yaxlit hodisa sifatida keng qamrovda tadqiq etishi  natijasida janr va uslub rang-barangligi, dostonnavislikning shakllanishi va taraqqiyot etaplari, an’ana va novatorlik, xususan, badiiy tarjima va nazira an’analarining qorishib ketishi kabi masalalarning ilmiy xulosalari, mantiqiy asoslarini ochib berdi. «Yusuf va Zulayho» mavzusidagi asarlar hamda Olim Devonaning «Ravzai asror» dostoni, Xiromiy tarjimalari, ayniqsa, Ochildimurod Miriy va uning «Ra’no va Zebo», «Qissai Salim Javhariy», «Majididdin va Faxrunniso», «Rustam va Suhrob» asarlarining tahlili ilmiy jamoatchilikka taqdim etildi. Olimning yillar davomida olib borgan mashaqqatli ilmiy kuzatishlarining hosilasi natijasida «O‘zbek epik poeziyasi tarixidan», «Miriy va uning zamondoshlari» (V.Abdullayev bilan hammualliflikda) nomli alohida nashrlar yuzaga chiqdi.

Samarqand adabiyotshunoslik maktabining vakillaridan taniqli adabiyotshunos olim Rahmonqul Orzibekov XX asrning 60-yillaridan boshlab o‘zbek adabiyotshunosligida kam tadqiq etilgan yangi mavzu - o‘zbek mumtoz she’riyatidagi lirik janrlar nazariyasi, poetikasi, qiyosiy tahlili hamda taraqqiyot bosqichlarini o‘rganishga jiddiy kirishdi.

Samarqand adabiyotshunoslik maktabining yuksalishi, keng quloch yoyishida kafedraning marhum ustoz-olimlari R.Orzibekov, Q.Tohirov, A.Abdurahmonov bilan birga, bugungi kunda unga rahbarlik va yo‘lboshlovchilik qilayotgan yirik olimlar M.Muhiddinov, D.Salohiyning xizmatlari ham katta.

Professor M.Muhiddinov sal kam ellik yillik ilmiy izlanishlari va tadqiqotlari davomida Alisher Navoiy va uning xamsanavislikdagi salaflari ijodi, xamsanavislik an’anasining o‘rganilmagan jihatlarini yoritish, yangi qirralarini kashf etish bilan mashg‘ul bo‘lmoqda.

Ushbu kafedrada bugungi kunda 1 nafar fan doktori,  professor, 3 nafar fan doktori, dotsent, 2 nafar fan nomzodi, dotsent, 4 nafar PhD va 1 nafar assistent o‘qituvchilar faoliyat ko‘rsatmoqda. 

Kafedra  a’zolari O‘zMU, Alisher Navoiy nomidagi TDO‘TAU, FarDU, AnDU, ToshPDU, GulDU, BuxDU, QarDU, TerDU, Navoiy va Jizzax OTM lari va Respublikadagi  boshqa  oliy o‘quv yurtlaridagi turdosh kafedralar, O‘zFA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti, Turkiyaning Mug‘li Sikti Ko‘chman universiteti, Ozarbayjon Milliy ilmlar akademiyasi, Qozon davlat universiteti, Ural davlat universiteti, shuningdek Eron, Turkiya, Qozog‘iston, Tojikiston davlatlarining bir qator universitet va ilmiy markazlari bilan yaqin aloqalar olib bormoqda. Hozirda kafedrada Turkiyaning Mug‘li Sikti Ko‘chman universiteti professori Mustafa Ug‘urlu faoliyat yuritmoqda.

Kafedra qoshida “Mumtoz adabiyot va hozirgi zamon”, “Aruz vazni qoidalari” nomli talabalar ilmiy to‘garaklari faoliyat yuritadi.

Kafedra o‘qituvchilari tomonidan bugungi kunga qadar 50 dan ortiq darslik,  o‘quv qo‘llanma, ma’ruzalar matni, o‘quv-uslubiy qo‘llanma, majmua va ko‘rsatmalar  yaratilgan. Shuningdek, 30 dan ortiq monografiya, 50 ga yaqin ilmiy ommabop risola, 30 dan ziyod ilmiy to‘plam, 1000 ga yaqin ilmiy maqola va 200 dan ortiq ilmiy ommabop maqolalar nashr etganlar.

Kafedrada bugungi kunda “Alisher Navoiy ijodi va adabiy ta’sir masalalari” (2021-2025 yy.)” mavzusi yuzasidan ilmiy tadqiqot ishlarini olib bormoqda.

Kafedradan yetishib chiqqan taniqli olimlar:

Professor Abdurauf Fitrat (1886–1938) – O‘zbek adabiyoti tarixi kafedrasi asoschilaridan.

Abdurahmon Sa’diy (1894-1976) – O‘zbek adabiyoti tarixi kafedrasi asoschilaridan.

Vohid Abdullayev (1912-1985)  – O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, akademik

Botirxon Valixo‘jayev (1932-2005) – O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, akademik

Rahmonqul Orzibekov (1931-2011)  – filologiya fanlari doktori, professor

Qobiljon Tohirov (1936-2008) – filologiya fanlari nomzodi, dotsent

Abdurashid Abdurahmonov  – filologiya fanlari nomzodi, professor

Muslihiddin Muhiddinov – filologiya fanlari doktori, professor, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi”, “El-yurt hurmati” ordeni sohibi

Dilorom Salohiy – filologiya fanlari doktori, professor, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi”

Kafedrada o‘qitiladigan fan dasturlari

Magistratura mutaxassisligi o‘quv rejasi

Kafedra hayotidan fotolavhalar