“Olimalikning mashaqqati og‘ir. Uni ko‘tarish hammaning ham qo‘lidan kelmaydi...”

Jamiyatda ziyoli ayollarning ko‘payishi sog‘lom fikrli, salohiyatli yosh avlod tarbiyalanishida muhim ahamiyatga ega. Samarqand davlat universiteti ana shunday olima ayollar yetishtiruvchi oliy dargoh hisoblanadi. Suhbatdoshimiz - SamDU genetika va biotexnologiya kafedrasi mudiri, biologiya fanlari nomzodi, dotsent Gavhar Dushanova.
Tadqiqotchining asosiy ilmiy ishi Samarqand viloyati aholisi, ya’ni turli millat vakillari turmushi natijasida dunyoga kelgan avlod genlaridagi immun tizimini o‘rganishga qaratilgan.
- Nima uchun ilm-fan yo‘lini tanlagansiz?
- Ilm sohasidan ketishimga asosiy sababchi oilam, deb bilaman. Otam biolog-immunolog edilar. Oilamizdagi muhit ushbu sohani davom ettirishimga yo‘l ochgan. Maktabni bitirganimdan keyin Samarqand davlat universiteti biologiya fakultetiga o‘qishga kirdim va ilmiy faoliyatimni boshladim. O‘sha paytlarda immunologiya endi rivojlanayotgan sohalardan edi va bu jarayon hali-haligacha davom etib kelmoqda. Hozirgi kunda organizmda immunitet ko‘rsatkichlarini boshqaruvchi genlarni o‘rganmoqdaman.
Ma’lumki, Samarqand viloyati aholisi milliy tarkibi jihatidan turli-tuman. Ularning genlar tizimidagi o‘zgarishlari, shakllanishidagi o‘zaro ta’sirini o‘rganishga harakat qilyapman. Asosiy ilmiy ishim Samarqand viloyati aholisi, ya’ni turli millat vakillari turmushi natijasida dunyoga kelgan avlodning genlaridagi immun tizimini o‘rganishga qaratilgan. Tadqiqotlarim asosida 1 monografiya, 1 o‘quv qo‘llanma va 30 dan ziyod ilmiy maqolalar chop ettirdim. Ushbu tadqiqot ishlari Samarqand viloyati aholisida pandemiya davrida COVID-19 ga qarshi immunitet, adaptatsiya imkoniyatlari hosil bo‘lishini o‘rganishga bag‘ishlangan. Bu borada Rossiya immunologiya instituti va O‘zRFA immunologiya va inson genomikasi ilmiy tekshirish instituti bilan hamkorlikda faoliyat olib boryapmiz. Ilmiy tadqiqot ishlarim yuzasidan Janubiy Koreyaning Seul, Rossiyaning Moskva, Turkiyaning Istanbul, Qozog‘istonning Olmaota shaharlarida tajriba almashib qaytganman.
- Ayol kishiga hayotda o‘z o‘rnini topa olishi uchun kerak bo‘lgan uchta asosiy omil?
- Birinchisi – oila. U ayolni qo‘llab-quvvatlovchi, kezi kelganda tirgak bo‘luvchi ustun. Men asosiy motivatsiyamni oilamdan olaman. Ikkinchisi – shaxsiy “men”ning mavjud bo‘lishi. Bu degani, ayol faqat ro‘zg‘or, ish, farzand tug‘ish uchun yashamasligi kerak. Hamma qatori unda ham “men” degan tushuncha bo‘lishi lozim. Ko‘p hollarda bugungi o‘zbek ayollari, onalarida bu qarash yo‘q. Uchinchisi – atrofdagilar, ya’ni yaqinlari, do‘stlari va hamkasblarining qo‘llab-quvvatlashi. Bu insonning o‘ziga bo‘lgan ishonchini orttiradi.
- Farzand tarbiyasi masalasida asosiy mas’uliyat onaning zimmasida bo‘ladi. Bu borada o‘zingizni qanday ona deb bilasiz?
- Bolalarim tarbiyasida hamisha ularni tushunishga, shaxsiy fikrlarini qo‘llab-quvvatlashga harakat qilib kelganman. To‘g‘ri, ba’zan ilm qilamiz deb, balki vaqt ajratolmagandirman. O‘z o‘rnida qizlarim ham buni to‘g‘ri qabul qila olgan. Ammo men hamisha yaxshi ona bo‘lishga harakat qilaman. Qizlarim mening borlig‘im.
- Armoningiz bormi?
- Armonim dunyoni ko‘rish. Turli davlatlarga sayyohat qilish. Zimmamdagi vazifalar, mas’uliyatlar sabab bunga vaqt topolmayapman.
- Siz sevgan kitob?
- O‘tkir Hoshimovning “Dunyoning ishlari”, Paulo Koeloning “Вероника решает умерет”, Ernest Xemingueyning ”Chol va dengiz” asarlari.
- Ayolga uni tushunishlari qanchalik muhim?
- Ayol tushunilishi shart. Bu qanchalik muhim ahamiyatga egaligini faqat ayollar biladi. Uni, avvalo, turmush o‘rtog‘i, ota-onasi, qaynota-qaynonasi, hatto farzandlari ham tushunishi kerak.
- Bu hayotdan izlaganlaringizni topa oldingizmi?
- Bu borada biror narsa deyish qiyin. Men hamon izlanish jarayonidaman.
- Hayotni rasmda tasvirlab berish kerak bo‘lsa, sizning rasmingizda qanday ranglar bo‘ladi?
- Yashil, oq va kulrang.
- Hayotda nimadan qo‘rqasiz?
- Yaqinlarimni yo‘qotishdan.
- Ilm-fan yo‘lidan ketish umidida bo‘lgan xotin-qizlarga, yosh ayol tadqiqotchilarga qanday maslahat va tavsiyalar bergan bo‘lardingiz?
- Avvalo, ta’kidlashim joizki, ilm yo‘liga kirdi, degan gapning o‘zi ayol uchun katta narsa. Ilmli ayol butun oilasining bilimli, ziyoli bo‘lishida juda katta potensialni yaratadi. Yuragida fanga zarracha qiziqish va intilish bo‘lsa, uni albatta rivojlantirish kerak. Lekin bu yo‘lning mashaqqati og‘ir bo‘ladi. Olima bo‘lishni istagan ayol ruhan bu og‘irlikni oila va shaxsiy hayot yuki bilan baravar ko‘tarib yurishga tayyor bo‘lishi kerak. Ayol qiyin vaziyatda kimgadir suyanishga, qo‘llab-quvvatlashlariga, tushunishlariga hamisha muhtoj bo‘ladi. Bu borada eng katta yordam beradigan inson uning turmush o‘rtog‘idir. Men yigitlarimizga o‘z rafiqalarining o‘qishi, ularning ilm yo‘lidagi faoliyatini qo‘llab-quvvatlashini iltimos qilgan bo‘lar edim. Zero, farzand tarbiyasida onaning ilmli, ziyoli bo‘lishi kelajak avlod intellektini shakllantirishi, uni chiroyli tarbiya bilan kamol topishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi
Iroda Bekmurodova suhbatlashdi.
Shavkat Akramov olgan surat.