Tramvay jamoat transporti sifatida bir qator afzalliklarga ega:

1) eng arzon;

2) shuning uchun ozgina yo‘lovchini ham tashiyveradi - rentabelligi saqlanadi; hatto tunu-kun rejimida ishlaydigan yo‘nalishlar ochish mumkin;

3) eng ekologik toza;

4) shahar ko‘chalarini tirband qiladi, deyishga asos yo‘q: yengil mashinalar tramvay yo‘lining ustidan ham yuraveradi;

5) boshqa jamoat transporti (avtobus) sig‘maydigan ko‘chalardan ham yura oladi;

6) har qaysi bekatga navbatdagi tramvay qachon kelishinining vaqtini aniq belgilash va bunga amal qilish oson (ayniqsa hozirgi JPS zamonida);

7) ertalabki va ish tugagan paytdagi tiqilinchlarni keskin kamaytiradi - amalda yerusti metrosi deganidir.

         Men shahar mutasaddilarini Vena va Berlin shaharlarida jamoat transporti qanday tashkil etilganini o‘rganib kelishlarini taklif etaman:

1) avtobus va tramvaylar qatʼiy grafik asosida yuradi, grafiklar har bir bekatda yozib qo‘yilgan;

2) chiqib-tushish nihoyatda qulay - platformadan to‘g‘ri salonga kirasiz;

3) yagona to‘lov kartasi bilan yerosti metrosidan avtobusga, avtobusdan tramvayga, tramvaydan yerusti metrosi (elektrichka)ga chiqib ketaverasiz. Bunday qulaylik natijasida shaxsiy avtomobilda emas, jamoat transportida yurish beqiyos qulay. Ustiga-ustak hamma stansiya va bekatlarda velosipedlar stoyankasi va prokati tashkil etilgan - ishga qatnaydiganlar uyidan bekatgacha velosipedda keladi-da, transportga o‘tirib, ishiga yaqin bekatga yetib olgach, u yerdagi velosipedini minib ketaveradi. Natijada havo ham toza, odamlar ham sog‘lom, qadimgi shahar, ko‘chalar torligiga qaramay tirbandlik umuman yo‘q. Xullas, bizdagi befarosatlarcha ko‘cha harakatiga qiyoslab, hasaddan yorilib o‘lay deysan. Alloh aql bersin.

         O‘ylab ko‘rsam, biz uchun tramvayning yana bir ijobiy xususiyati bor ekan: eng ko‘p avariya chorrahalarda yuz berishi maʼlum. Sababi: besabrlik, sariq chiroq yonsa ham to‘xtamaslik, yashil chiroq yonishini kutmasdan joyidan qo‘zg‘alish. Tramvay ana shundaylarning o‘pkasini bosarmidi.

 

Abdulla Aʼzamov,

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi.