O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Samarqand davlat universiteti huzurida aniq va tabiiy fanlarga ixtisoslashtirilgan maktab tashkil etish to’g’risidagi qarori qabul qilindi.

  Qaror bilan Samarqand viloyati hokimligi, Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Xalq ta’limi vazirligining Samarqand davlat universiteti huzurida aniq va tabiiy fanlarga ixtisoslashtirilgan maktab tashkil etish to’g’risidagi taklifiga rozilik berildi.

  Quyidagilar ixtisoslashtirilgan maktabning asosiy vazifalari etib belgilandi:

fizika, matematika, kimyo va biologiya fanlari bo’yicha iqtidorli o’quvchilarni tanlash, ularga zamon talablari darajasida chuqurlashtirilgan bilim berish, oliy ta’lim tizimi uchun yuqori intellektual salohiyatli yoshlarni tayyorlash;

har bir iqtidorli o’quvchining individual kamol topishi xususiyatlarini inobatga olib ularga professor-o’qituvchilarni biriktirish, mustaqil ta’lim olish hamda ilmiy-ijodiy ish bilan shug’ullanish ko’nikmalarini shakllantirish va istiqbolda rivojlantirish;

iqtidorli o’quvchilarning respublika va xalqaro tanlovlarda muvaffaqiyatli ishtirok etishini hamda sovrinli o’rinlarni egallashini ta’minlash;

ixtisoslashtirilgan maktabda o’quvchilar uchun yuqori sifatli ta’lim jarayonini tashkil etish;

ta’lim jarayoniga o’qitishning innovasion va samarali usullarini, rivojlangan xorijiy mamlakatlar tajribasini, ilg’or pedagogik va axborot texnologiyalarini keng joriy etish;

yuqori kasb mahoratiga ega bo’lgan professor-o’qituvchilarni jalb etgan holda o’qitiladigan umumta’lim fanlari bo’yicha maxsus darsliklar, elektron o’quv adabiyotlari, metodik ishlanmalar yaratish, o’quvchilarning fan sirlarini chuqur o’rganishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish.

  2019/2020 o’quv yilidan boshlab ixtisoslashtirilgan maktabning 7-sinfiga fizika-matematika yo’nalishi bo’yicha 60 nafar va kimyo-biologiya yo’nalishi bo’yicha 60 nafar o’quvchi tegishlicha fizika-matematika va kimyo-biologiya fanlaridan o’tkaziladigan tanlov asosida qabul qilinadi;

  Oliy va o’rta maxsus ta’lim vaziriga ixtisoslashtirilgan maktabning moddiy-texnik bazasi, imkoniyatlari, pedagog kadrlarning salohiyati hamda mavjud talab va ehtiyojdan kelib chiqqan holda keyingi yillarda o’quvchilarni qabul qilish kvotalariga o’zgartirishlar kiritish huquqi beriladi;

ixtisoslashtirilgan maktab bitiruvchilariga davlat namunasidagi umumiy o’rta ta’lim to’g’risidagi rasmiy hujjatlar (shahodatnoma, attestat) beriladi;

ixtisoslashtirilgan maktab direktori Samarqand davlat universiteti rektorining tavsiyasiga muvofiq oliy va o’rta maxsus ta’lim vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.