Samarqand davlat universiteti Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi institut direktori Toshpo‘lot Rajabov  tadbirni kirish so‘zi bilan ochdi.

    Uchrashuv avvalida Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati aʼzosi Rustam Xolmurodov tashabbusi va g‘oyasi asosida yaratilgan film ota-onalar eʼtiboriga havola etildi. O‘z hayotini qiyinchiliklar bilan boshlagan, lekin bilim, taʼlim olish orqali hayotda yuqori va yuksak natijalarga erishgan qahramonlarning hayot yo‘li va ularning talabalarga hamda ota-onalarga qaratilgan tavsiyalari mujassamlashgan ushbu film tadbir ishtirokchilariga katta taassurot qoldirdi.

    Shundan so‘ng, Toshpo‘lot Rajabov tomonidan institutning tashkil etilishi, uning oldidagi asosiy maqsadlari, yaratilgan sharoitlar, xalqaro hamkorlik aloqalari va istiqboldagi rejalar bo‘yicha batafsil maʼlumotlar berildi. Ayniqsa, yigit-qizlarning nufuzli xorijiy hamkor universitetlarda magistratura va doktoranturada tahsil olishi uchun keng imkoniyatlar mavjudligi ota-onalarga yetkazildi. Buning uchun talabalar mutaxassislik fanlari bilan birgalikda xorijiy tillarni chuqur o‘rganishi va bu jarayonda ota-onalarning ham masuʼliyati katta ekanligi tushuntirildi.

    Uchrashuv davomida talabalarning puxta bilim egallashi va bu jarayonda ularning masʼuliyatini oshirish maqsadida tuzilgan Akademik halollik kelishuvi ota-onalarga tanishtirildi. Taʼkidlash joizki, mazkur hamkorlik ota-onalar tomonidan bir ovozdan qo‘llab-quvvatlandi va uch tomonlama kelishuv imzolandi. 

    Institutda aʼlo baholarga o‘qiyotgan, intiluvchan va izlanuvchan talabalarning ota-onalariga institut rahbariyatining tashakkurnomalari tantanali ravishda topshirildi.

    Tadbirda SamDU yoshlar masalalari bo‘yicha rektor maslahatchisi Islom Rustamov, universitet Axborot xizmati rahabri Farrux Hamroyevlar ishtirok etdi.

    Tadbir yakunida talabalarning ota-onalari so‘zga chiqib, institutning ushbu saʼy-harakatlari, farzandlarining sifatli taʼlim olish uchun qilinayotgan amaliy ishlari va tashabbuslari uchun minnatdorlik bildishdi.