Samarqand davlat universiteti yuridik, intellektual tizimlar va kompyuter texnologiyalari fakulteti 1-2-3-kurs talabalari va ularning ota-onalari uchun uchrashuv bo’lib o’tdi.

    Ota-onalar farzandlari o‘qiyotgan fakultetlarda bo‘lishdi. O‘quv jarayonlari, laboratoriyalar, kutubxona, muzeylar faoliyati bilan tanishdi. Ma’ruzalar zali, oshxona va yotoqxonalardagi sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.

    Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati aʼzosi Rustam Xolmurodov g‘oyasi asosida yaratilgan film ota-onalar eʼtiboriga havola qilindi. Filmda oddiy oiladan chiqib, bilim olish orqali yuqori natijalarga erishgan qahramonlarning hayot yo‘li aks ettirilgan.  

    Film namoyishidan so‘ng Samarqand davlat universiteti rektori Rustam Xolmurodov ota-onalar bilan muloqot qilib, ota-onaning farzand tarbiyasidagi roli, chet tillarini o‘rganishning ahamiyati, talabalarga yaratilgan sharoitlar haqida alohida to‘xtaldi.

    - Men ham Samarqand davlat universiteti geografiya va ekologiya fakultetini bitirganman. Nevaram Zarifa intellektual tizimlar va kompyuter texnologiyalari fakultetida o’qiydi, - deydi Bobur To’xtamurodov. – Uzoq yillar maktabda ishladim. Nevaram ham menga o’xshab o’qituvchi bo’lmoqchi, bundan xursandman. Ota-onalar yig’ilishi biz uchun manfaatli bo’ldi. Farzandlarimizning o’qishi universitet uchun emas, balki biz uchun muhimroq. Davlat bolalarimizning o’qishi uchun barcha imkoniyatlarni yaratib bergan.

    - O‘g’lim Ozod dasturlash sohasiga qiziqqani uchun SamDU intellektual tizimlar va kompyuter texnologiyalari fakultetiga o‘qishga kirgandi. Bugun fakultetda yaratilgan sharoitlarni ko‘rib, farzandimga havas qildim, - deydi Jonibek Komilov. - Zamonaviy, shinam xonalar, IT markazini ko‘rib quvondim. Bugungi uchrashuv ota-onalar uchun manfaatli bo‘ldi. Film qahramonlaridan biri hindistonlik Sindar Puchaining hayotini ko’rib, uning otasiga qoyil qoldim. Biz mana shunday otalardan o’rnak olsak arziydi. Bolalarimizning yanada yaxshiroq o‘qishi uchun biz universitet bilan hamkorlik qilishimiz kerak.

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati,

Shavkat AKRAMOV olgan suratlar.