Samarqand davlat universiteti geografiya va ekologiya fakulteti 1-2-3-kurs talabalari va ularning ota-onalari uchun uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

    Ota-onalar Samarqand davlat universiteti faoliyati bilan tanishdi. O‘quv jarayonlarida ishtirok etib, laboratoriyalar, kutubxona, muzeylar, yotoqxonalarni ko‘zdan kechirdi.

    Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati aʼzosi Rustam Xolmurodov g‘oyasi asosida yaratilgan film ota-onalar eʼtiboriga havola qilindi. Filmda oddiy oiladan chiqib, bilim olish orqali yuqori natijalarga erishgan qahramonlarning hayot yo‘li aks ettirilgan.  

    Film namoyishidan so‘ng Samarqand davlat universiteti rektori Rustam Xolmurodov ota-onalar bilan muloqot qilib, ota-onaning farzand tarbiyasidagi roli, chet tillarini o‘rganishning ahamiyati, talabalarga yaratilgan sharoitlar haqida alohida to‘xtaldi.

    - 2004 yil Samarqand davlat universiteti matematika fakultetini tamomlaganman, - deydi Malika Qo‘shnazarova. – Qizim, Ruxshona SamDU geografiya va ekologiya fakulteti 1-kurs talabasi. Universitetni avvalgi va hozirgi holatini taqqosladim. Juda katta o‘zgarishlar bo‘lgan. Hashamatli binolar qad rostlagan. Xonalar zamonaviy, raqamlashtirilgan. O‘qish uchun barcha sharoit yetarli. Bolalarimizning yana-da yaxshiroq o‘qishi uchun biz universitet bilan hamkorlik qilishimiz lozim.

    - Ota-onalar bilan uchrashuvda film namoyish etildi. Film qahramonlarining hayoti ota-onalar uchun o‘rnak, - deydi Shoira Mo‘minova. – Har bir film qahramoni nochor oiladan chiqib, sohasi bo‘yicha yuqori cho‘qqilarni zabt etgan. Bunga  ularning yaxshi o‘qishi, bilim egallashdagi matonati va ota-onalarining qo‘llab-quvvatlashi sabab bo‘lganiga guvoh bo‘ldim. O‘g‘lim Bekzodning o‘qishi uchun eng yaxshi sharoitlarni yaratib beraman.

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati,

Shavkat AKRAMOV olgan suratlar.