Jahon bo‘yicha yetishtirilayotgan sutning  atiga 2,6  fozini echki suti tashkil qiladi. Ayrim mamlakatlarda  sut  mahsulotlarining deyarli hammasi echki sutidan tayyorlanadi: Gretsiyada ishlab chiqariladigan pishloqning 85,0 foizi, yogurt va pishloqning 67,3 foizi  qo‘y va echki sutlaridan tayyorlanadi.

    Echki suti - to‘yimlilik qiymati yuqori, davolash qobiliyatiga ega xususiyatlarini saqlovchi, tabiiy parhez mahsulotdir.

    Echki sutining tarkibidagi ayrim to‘yimli moddalar sigir sutidagiga nisbatan ancha yuqoriligi bilan  farq qiladi: A vitamini 1,5 marta, askorbin kislotasi 2,0 marta, B guruhi vitaminlari 6,0 marta ortiqdir.  Jahon olimlarining fikricha, echki suti kimyoviy tarkibiga ko‘ra ona sutiga yaqin turadi. Tarkibi kalsiy, magniy, temir, marganes, kaliy kabi qimmatli moddalarga boy. Raxit, jigar kasalliklari, o‘pka sili, allergiya kasalliklarini davolashda echki sutidan foydalanilsa, yaxshi samara beradi. Echki sutida ishqorlilik xususiyati yuqori bo‘lganligi uchun oshqozoni ortiqcha kislota ajratadigan bemorlarga yaxshi davodir. Ushbu mahsulot tarkibida bakteriyalarni yo‘q qiladigan, ichak va oshqozon shilliq qavatining yallig‘lanishini ketkazadigan, shuningdek, mayda yaralarni samarali davolaydigan lizozim fermenti mavjud.    

    Ekzema, qichima, astma va turli allergik kasalliklarda echki suti ichish foydali. Qandli diabetga chalingan bemorlarga ko‘pincha echki suti ichish buyuriladi. Sababi, uning tarkibida glyukoza yo‘q, kaloriya miqdori past.

    Echki sutidan xalq tabobatida bo‘g‘inlar og‘rig‘ini qoldirishda, o‘t xaltasidagi toshlarni tushirishda, uyquni mustahkamlash, stress, depressiya va nevrozning oldini olishda qo‘llaniladi. Asab tizimi bilan bog‘liq kasalliklarga chalingan bemorlarga ko‘proq echki suti ichish tavsiya qilinadi.

    Echki sutini faqat pishirib isteʼmol qilish zarur. Undan xushtaʼm qatiq, suzma, qurut tayyorlash mumkin. Shuningdek, suzma zardobi gepatit kasalligining oldini oladi.  Shakar bilan ichilsa, yuz terisini tiniqlashtiradi. Sut tarkibida D vitamini va kalsiy ko‘p uchraydi, shuning uchun uni muntazam isteʼmol qilish orqali suyak sinishi xavfini sezilarli darajada kamaytirish, raxit va uning jiddiy oqibatlarining oldini olish mumkin.

Zayniddin Rajamurodov,

SamDU Biokimyo instituti professori,

Bahriddin Bozorov dotsent.