Samarqand davlat universitetida dekan va direktor o‘rinbosarlari hamda tyutorlar uchun “Ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni samarali tashkil etish metodikasi” mavzusida seminar tashkil etildi. Seminarni yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat boshqarmasi boshlig‘i Mavlon Boboxonov olib bordi.

    Universitetda yoshlarning bilim va saviyasini oshirish, dunyoqarashini kengaytirish, iqtidorli talabalarni faol qo‘llab-quvvatlash maqsadida bir qator tanlovlar, sport musobaqalari muntazam o‘tkazib kelinmoqda. Psixolog, tarbiyachi-pedagog, dekan o‘rinbosarlari, tyutorlar faoliyati to‘laqonli yo‘lga qo‘yilgan. Bundan tashqari, jamoat xavfsizligini ta’minlash hamda talabalar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasining samarali tizimini joriy etish maqsadida shartnoma asosida profilaktika inspektori lavozimi joriy etildi. Bir so‘z bilan aytganda, sohani boshqarish hamda faoliyatni muvofiqlashtirish uchun katta jamoa shakllantirildi va har bir talaba bilan individual ishlash mexanizmi yaratildi.

    Seminarda bundan buyon biryoqlama, zerikarli va “qolipga solingan” an’anaviy tadbirlar emas, balki talabalarning xohish-istaklariga hamohang, qiziqishlariga mos ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazishga alohida e’tibor qaratish lozimligi ta’kidlandi.

    Shundan so‘ng targ‘ibot-tashviqot ishlarini tashkil etishning samarali usullari to‘g‘risida tyutorlar faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha mutaxassis Nodir Melikov mahorat darsini o‘tdi. Yoshlarga psixologik yordam ko‘rsatish, ularning dunyoqarashi, siyosiy yetukligi shakllantirishning yo‘llari yuzasidan universitet psixologi Otabek Elmurodov o‘z qarashlari bilan o‘rtoqlashdi.

    Uchrashuv qizg‘in bahs-munozaralar ruhida o‘tdi.

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati.