Bahor fasli yaqinlashishi bilan barcha xonadonlarda, bog‘dorchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklarida ko‘chat ekish ishlari boshlanib ketadi.

    Ko‘chatning navi, turiga qarab, uni ekish muddatlari belgilanadi. Urug‘lik ko‘chatlarni bahor va kuz faslida ham ekish mumkin. Danakli ko‘chatlarni esa bahorda ekish maqsadga muvofiq.

    Bog‘ barpo etish uchun avvalo, yaxshi yer maydoni tanlab olinadi. Yerning holatidan kelib chiqib, qanday ko‘chat ekish kerakligi hal etiladi. Dastlab, ekiladigan yer maydonida har bitta ko‘chat uchun  yer kovlanadi. Albatta, buning ham o‘z texnologiyasi bor. Bunda yerning dastlabki 30 santimetr qatlami alohida olinsa, keyingi 30 santimetr qatlami alohida kovlanadi. Bunday qilinishining sababi, yerning ustki unumdor qatlami ko‘chat ekilayotganda eng pastki qavatga tashlanadi. Ko‘chat ekiladigan joy 50-60 santimetr chuqurlikda kovlanishi  kerak.

    Ko‘chatda asosiy, yon va so‘ruvchi ildizlar bo‘ladi. So‘ruvchi ildiz yerdagi ozuqalarni o‘ziga tortish, o‘zlashtirishga xizmat qiladi. Shu bois ham, yerning ustki qatlamidagi ozuqaga boy tuproq chuqurning pastki qismiga tashlanadi.

    Aytaylik, ko‘chat ekishda yarim pakana payvandtagga ulangan olma navi tanlab olindi. Uni ekishdan oldin eng avval ildizning zararli qismlari kesib olindi. Bu esa ildiz ozuqani yaxshi o‘zlashtirishini taʼminlaydi.

    Ko‘chatni ekayotganda uning payvantag ulangan joyi tuproqning ustida qolishi kerak. Agar payvantag ulangan joy tuproqdan pastda qolsa, unda payvantagning kuchi yo‘qolib, faqatgina ko‘chat navining o‘zi o‘sadi.

    Payvand qilingan joy shamol esadigan tarafga qaratilib ekiladi. Agar u shamolga qarshi tarafga qo‘yib ekilsa, ko‘chatning sinish ehtimoli yuqori bo‘ladi.

    Ekayotganda ko‘chatni kovlangan chuqurning o‘rtasiga to‘g‘ri qo‘yish kerak. Shunda ildizlar yaxshi va ozuqa olishga mos holda bo‘ladi. Ko‘chat ekilib, ustiga tuproq tortilganidan keyin uni ehtiyotkorlik bilan tepaga sal tortib qo‘yiladi. Shundan so‘ng havo kirmasligi uchun chuqurga tashlangan tuproqlar ehtiyotkorlik bilan oyoqda bosib chiqiladi.

    Ko‘chat qaysi mavsumda ekilishidan qatʼiy nazar, uning ustiga 10 litr miqdorida suv quyilishi kerak. Bu jarayon tuproqdagi namlikni saqlab turishga xizmat qiladi. Quyilgan suv singib ketganidan keyin uning ustiga tuproq tortish kerak. Shunda tuproq yorilishining oldi olinadi.

    Ko‘chat ekish jarayonida unga o‘g‘it berish mumkin emas. Chunki ko‘chatning ildizini kimyoviy o‘g‘itlardagi azot kuydiradi. O‘g‘itlarni ko‘chatning vegetatsiya davrida berish maqsadga muvofiq.

    Ko‘chat ekilganidan 2-3 kun o‘tib, u kesilsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Agar oldinroq kesilsa, ko‘chat tagidagi namlik chiqib ketadi va qurib qoladi. Ko‘chatni kesishdan maqsad esa ildiz tizimi yaxshi rivojlanishi va u o‘zini ozuqa bilan taʼminlab bera olishi ko‘zda tutiladi. Ko‘chatni 40 - 70 santimetrgacha kesish tavsiya etiladi.

    Ko‘chatni qiya qilib kesishga eʼtibor qaratish kerak. Agar uni to‘g‘ri holda kesilsa, kesilgan joyda mikroblar yig‘ilib, kasallik va zararkunandalar ziyon yetkazishi mumkin. Qiya qilib kesishning yana bir afzalligi yomg‘ir oqib ketishi oson bo‘ladi.

Rustam Rahimov

Samarqand davlat universiteti

Meva-sabzavotchilik va uzumchilik kafedrasi katta o’qituvchisi,

qishloq xo’jaligi fanlari nomzodi.