Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati aʼzosi Rustam Xolmurodov tashabbusi bilan 2022-yilda Samarqand Turkologiya maktabi qayta tiklangan edi.

    SamDU Turkologiya ilmiy tadiqot instituti olimlari tomonidan fan hamda tadqiqotlarga qo‘shilayotgan hissa dunyo turkologiya markazlarida eʼtirof etilmoqda.

    Yaqinda qardosh Turkiya Respublikasining Istanbul universiteti huzuridagi mashhur Turkologiya instituti tomonidan taniqli turkolog-olim, SamDU o‘zbek tilshunosligi kafedrasi professori Jo‘liboy Eltazarovga bu ilmiy markazda 1925-yildan beri nashr etilib kelayotgan “Türkiyat Mecmuası” (“Turkologiya Jurnaliʼʼ) “Tahririyat hayʼati aʼzosi” sifatida ushbu obro‘li ilmiy nashrning faoliyatiga tahrir hayʼati aʼzosi sifatida hamkorlik qilish xususida taklif keldi.

    Jo‘liboy Eltazarov turkologiya, o‘zbek tilshunosligi, Turk Dunyosi tadqiqotlari sohalariga doir 20 kitob, darslik va monografiyalar va 200 dan ziyod maqolalarning muallifi. Keyingi yillarda u turk va jahon ilmiy nashrlarida turkologiyaning dolzarb muammolariga bag‘ishlangan 20 dan ortiq maqolalari turli tillarda eʼlon qilingan. Samarqandlik olim ana shu xizmatlari uchun “Türkiyat Mecmuası”ning tahrir hayʼati aʼzoligiga munosib ko‘rildi.

    “Ulug‘ Otaturkning tashabbusi bilan tashkil etilgan Istanbul universiteti huzuridagi Turkologiya institutining “Türkiyat Mecmuası” jurnali tahrir hayʼati aʼzosi bo‘lish mamlakatimiz hamda Samarqand davlat universitetidagi turkologiya tadqiqotlariga berilgan yuksak baho sifatida qabul qilaman hamda bu tabarruk ilmiy nashrning faoliyatida faol ishtirok etish uchun butun kuch-g‘ayratlarimni sarflayman”, deb yozdi Jo‘liboy Eltazarov o‘zining javob maktubida.

    Eslatib o‘tamiz, professor Jo‘liboy Eltazarov 2020-yildan beri Türk Dil Kurumu (“Turkiya Til akademiyasi”) muxbir aʼzosidir va olim 2023-yilda TurkSOY tarafidan xalqaro Chingiz Aytmatov medali bilan taqdirlangan edi.

 

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati.