1961-yil mart oyida SamDU ning majlislar zalida G‘afur G‘ulom bilan uchrashish uchun shahar ahli, o‘quvchilar, talabalar to‘planishdi. Ayniqsa, oldingi qatorlarda joy olish, shoirni yaqinroqdan ko‘rish va eshitish istagidagi yuzlab tolibi ilmlar eshikdan kirishga oshiqar edik.

    Hali kirishga ulgurmasimizdanoq G‘afur G‘ulomni hamrohlari bilan viloyat rahbarlari kuzatib kelib qolishdi. Bir qismimiz ularga yo‘l berishga majbur bo‘ldik.  “Yo‘lak” ochilganidan foydalangan bir guruh qizlar olg‘a intilishdi. Qizlar ham mehmonlarga aralashib ketishdi. Shunda G‘afur G‘ulom o‘sha qizlarning bir nechtasini to‘xtatib, nimalardir deyayotganligiga ko‘zimiz tushdi. Qizlardan birining gapiga G‘afur G‘ulom kulib yubordi. So‘ng hamma birin-ketin majlisxonaga kirib ketdi. Gulduros qarsaklar ostida mehmonlar prezidiumdan joy olishdi. Tantana boshlandi. G‘afur G‘ulom haqida kim gapirmasin, zal uni ham shoirga qo‘shib olqishlardi. G‘afur G‘ulom esa o‘tirgan chog‘idanoq kisasidan qog‘oz va ruchka chiqardi. Zalga bir zum nigoh tashladiyu, nimalarnidir yoza boshladi. Maʼruzachilarning nutqi unga tegishli emasdek, o‘zi bilan o‘zi band edi. Chehrasida baʼzan nimkulgi balqir, baʼzan o‘ta jiddiylik namoyon bo‘lardi. Biz tabiiyki, so‘zga chiquvchilarning gaplariga munosabat bildirish uchun biror narsalar qoralayotgan bo‘lsa kerak, degan fikrga borardik. So‘z berilganda ularni “boplasa” kerak, deb o‘yladik.

    Majlis raisi G‘afur G‘ulomga so‘z berdi, olqishlar yangradi. Shoir o‘ng qo‘lini ko‘tarib, zaldan tinchlanishni so‘radida, “sizlarga bag‘ishlab hozirgina yozganim sheʼrimni o‘qib beraman” dedi:

    “SamDU qopqasida bir qizni ko‘rdim”.

    Bu misrani eshitish bilan zaldagilar gulduros qarsak chalib yuborishdi. Birozdan so‘ng shoir mamnun qiyofada zalga nigoh tashladi va qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, rahmat, deganday egilib qo‘ydi. Bir zumda zal shunchalik tinchlandiki, pashsha uchsa ham eshitilardi. G‘afur G‘ulom jarangdor va shirali ovozda sheʼr o‘qiy boshladi.

SamDU qopqasida bir qizni ko‘rdim,

Yetti rang tovlangan quyosh kabi pok.

Koshki edi o‘ttiz yil orqaga qaytib,

Ishqimni aytsaydim, qilib yoqa chok.

So‘zlarning jarangi eshitmak uchun,

Izlanib, topoldim bahona – savol.

Samarqand tongining yiliday mayin

Kulimsirab lab ochdi, bir butun jamol:

-Mayiz bozoriga chapdan borilur,

Anjir ham shu yerda, anor ham shunda.

Muncha ham soddasiz, muncha o‘zbeksiz,

Yo‘l yetib bo‘larmi, yop-yorug‘ kunda…

Agarchi, qadimiy Samarqandiyman,

Kaftim chizig‘idiy hamma yer ayon.

Bag‘rini erkalash, musiqa tinglash,

G‘oyat zarur edi shu nozik bayon.

SamDU qopqasida ko‘rganim qizning

Qaymoq mazmuniga jonim omoda.

Samarqand mazmunli ko‘rkam yulduzni

Sevsam sevibmanda, o‘zbekman, sodda…

    SamDU ning qizi - “Ilhom parisi” sabab G‘afur G‘ulom hamma samarqandliklarga mehru muhabbatini ana shunday izhor etdi. Ayni paytda, betakror badihago‘y shoirligini yoshlikni juda ham qo‘msagan hazilkash va nuroniy insonligini umuman, o‘zbekning sodda mutaffakiri, sheʼriyatimizning ko‘rkam yulduzi ekanligini ko‘rsatgan edi, o‘shanda…