Kamina  Samarqand tumanidagi  16-o‘rta maktabda o‘qiganman. Maktabda matematikadan qo‘shimcha darslarimiz (to‘garaklar) davomida keksa muallimimiz, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan o‘qituvchi S.Narziyev o‘z o‘quvchisi Ma’ruf Isroilov to‘g‘risida ko‘p gapirib berardi. Muallim Ma’ruf Isroilovni matematikadan ajoyib qobiliyat egasi ekanligi, mehnatsevarligi haqida so’zlab, barchamizga namuna qilib ko‘rsatar edi. Ma’ruf Isroilov shu maktabni bitirib, matematikadan tuman va viloyat olimpiadalarida g‘olib bo‘lganliklarini va SamDU ning mexanika-matematika fakultetini a’lo baholar bilan bitirib, Toshkentda matematik-olim sifatida ishlayotganliklarini hali maktabda o‘qiyotganimdayoq eshitgan edim. Men ham shunday bo‘lishni orzu qilib, maktabda astoydil harakat qilib o‘qiganman.
SamDU ni bitirib, Moskva davlat universitetida aspiranturaga o‘qiyotgan vaqtimda Ma’ruf Isroilov Moskvaga keldi. Bundan oldin bir necha bor ko‘rishgan bo‘lsak ham, Moskvada Ma’ruf Isroilov bilan qizg‘in suhbat qurganim xotiramda saqlanib qolgan. Matematika bo‘yicha ilmiy ishlarim haqida suhbatni boshlagan bo‘lsak, keyinchalik qiyinchiliklardan qo‘rqmasdan, ishlashda davom etishni, yaxshi natijalarga erishish mumkinligini maslahat berdilar. Mehnat qilishdan qo‘rqmaslikni, maqsad sari intilish zarurligini uqtirdilar. Suhbatlarimiz  chog‘ida juda erkin va demokratik dunyoqarashga ega bu insonning iste’dodli matematik-olim, bag‘rikeng va kamtar inson, mehribon ustoz ekanligiga to‘liq ishonch hosil qilganman. O‘sha domlaning gaplaridan xulosa chiqarib, dissertatsiya ustida ishlash va hayotimda birinchi navbatda amalga oshirish zarur bo‘lgan ishlarimni o‘zimga maxsus reja qilib olgan edim.
Ma’ruf Isroilov Samarqand davlat universitetiga ishga kelib, hisoblash usullari kafedrasini mudiri bo‘lib ishni boshladilar. Men akademik Shavkat Alimovni tavsiyasi bilan Moskvada doktoranturaga o‘qib, doktorlik dissertatsiyasini himoya qilib qaytdim va oliy algebra kafedrasining mudiri etib tayinlandim. Ustoz bilan birgalikda bir kunning o‘zida universitet kengashida kafedra mudirligi konkursidan o‘tdik va uzoq vaqt hamkorlikda ishladik. 
O‘sha yillari domlaning kafedrasi universitetimiz kafedralari orasida yetakchi kafedralardan biri edi. U yerda dotsentlar M.Suyarshayev, S.Amriddinov, S.Shaxidi, T.Maqsudov va boshqa olimlar ishlar edi. Hamkorlikda amalga oshirgan birinchi ishlarimizdan biri universitetda katta va kichik matematika seminarlari tashkil etish edi  va professor Ma’ruf Isroilov seminar raisi sifatida faoliyat olib borardi. Katta seminarlarda Ma’ruf Isroilovning o‘zi, men,  professorlar Sh.Yarmuhammedov, X.Narzullayev, X.To‘rayev, S.Laqayev ma’ruza qilar edik. Kichik seminarlarda iqtidorli talabalar, keyinchalik magistrlik dissertatsiyalari, yosh olimlarning ishlari ko‘rib chiqilsa, katta seminarda matematiklarimizning tadqiqot ishlari, qo‘lga kiritgan natijalari to‘g‘risida ma’ruzalar muhokama etilardi. Ma’ruf Isroilov rahbarligidagi seminarlar juda qizg‘in, bahs, muhokama tarzda o‘tar edi. Ustoz ma’ruzachini qo‘llab-quvvatlar, adolatli maslahatlar berardi. Ustoz seminarni mohirona boshqarib, ko‘p narsalarni ma’ruzachilarga o‘rgatganining guvohi bo‘lganman.
Ma’ruf Isroilov chin dildan, soatlab mehnat qilar edi. U kishi tomondan yozilgan nufuzli “Hisoblash metodlari” (1- va 2- qism) darsliklari respublikamizning “Eng yaxshi darslik”  tanlovida 1-o‘rinni egalladi. Domlani seminar kuni hammamiz o‘rnimizdan turib qutladik, nihoyatda xursand bo‘lgandi. Domlaga uning ilmda erishgan muvaffaqiyatlari va fidokorona mehnatlari uchun “Samarqand davlat universiteti Faxriy professori” unvoni berilgan edi.
Men matematik talabalarimizga “Sonlar nazariyasi” fanidan ma’ruzalar qilardim va bu fan bo‘yicha ancha materiallar to‘plaganini Ma’ruf Isroilovichga aytdim. Materiallarni ko‘rgandan keyin, hamkorlikda “Sonlar nazariyasi” darsligini yozishga kelishib oldik. Kitobni mustaqil o‘qib-o‘rganish uchun sodda qilib yozishni kelishib oldik. Kitobning har bir bobining oxirgi paragrafi, shu bobga taaluqli tarixiy ma’lumotlardan iborat bo‘lib, bu paragrafda asosan Markaziy Osiyoda  o‘rta asrlarda yashab o‘tgan olimlarining qilingan ishlari haqida ma’lumotlar keltirilgan. «Sonlar nazariyasi» kitobimiz 1999-yili nashrdan chiqdi. 2024-yili qaytadan chop etildi. Kitobni yozish jarayonida bir necha marotaba domlani uylariga borib ishladik. Natijada oilalari bilan yaqindan tanishdim. Ajoyib xarakterli, xushmuomala turmush o‘rtoqlari har borganimda mehmon qilardi. Farzandlari bilan tanishdim. Hamma farzandlari nihoyatda odobli, madaniyatli, mehnatsevar bo‘lib, bugungi kunda yurtimizning turli sohalarida faoliyat ko’rsatmoqda. Axir, ular shunday oilani farzandlari-da.
Ulug‘ ustozlarimiz o‘zlarining fanga, ta’limga, ilmiy izlanishlarga munosabati, hayotdagi insoniyligi va kamtarligi bilan o‘z zamonasi va bugun uchun namuna bo‘lgan insonlar edi. Ana shunday ustozlar qatorida professor Ma’ruf Isroilovning munosib o‘rni bor. Shunday insonlarning mehnatlari samarasi o‘laroq SamDUda peshqadam matematika maktabi yaratildi va uning vakillari bugun yangi O‘zbekiston ravnaqi uchun hormay-tolmay mehnat qilishmoqda.

 

Ahmadjon SOLIYEV,
fizika-matematika fanlari doktori, professor.