Samarqand davlat universiteti filologiya, tarix, matematika, geografiya va ekologiya, intellektual tizimlar va kompyuter texnologiyalari fakulteti 3-kurs iqtidorli talabalar va ularning ota-onalari uchun uchrashuv tashkil etildi.

    Tadbir avvalida ota-onalar Samarqand davlat universiteti faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Farzandlari o’qiyotgan ma’ruzalar zali, o’quv laboratoriya, IT markaz, kutubxona, muzeylarni ko’zdan kechirdi. Oshxona, yotoqxona, sport zallarida bo’lishdi.

    Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodov g‘oyasi asosida yaratilgan film ota-onalar e’tiboriga havola qilindi. 

    Filmda oddiy oila farzandlarini ta’lim-tarbiya olish orqali yuqori natijalarga erishganligi aks ettirilgan. Mazkur film tadbir ishtirokchilarida katta qiziqish uyg’otdi.

    - 1993-1998-yillarda Samarqand davlat universiteti pedagogika fakultetida o’qiganman. – Farzandim Navbahor SamDU intellektual tizimlar va kompyuter texnologiyalari fakultetida tehsil olmoqda, - deydi Umida Joniqulova. – Men ta’lim tizimidagi bir xodim sifatida shuni ayta olamanki, hech qachon ilm-fanga bugungidek e’tibor qaratilmagan. Bugun qizimning fakultetini ko’rib hayron qoldim. Hashamatli binoda, zamonaviy o’quv xonalarida o’qimoqda. Fakultetda IT markazining borligi tahsinga sazovor. Bu yerda bolalarimiz nazariya bilan birga amaliyotni ham o’tashadi. Bundan xursandman. Yoshlarga berilayotgan imkoniyat uchun Prezidentimizdan minnatdorman.

    -  Farzandlarim Jaloliddin va Zeboxon Samarqand davlat universiteti geografiya va ekologiya hamda pedagogika ta’limi fakultetida o’qiydi, - deydi Charos Otamurodova. – O’glimning iqtidorli guruhda o’qishidan faxrlanaman.  Men o’qimaganman. Bolalarimiz ziyoli, kelajagi porloq bo’lsin deb o’qityapmiz. Uchrashuvda film namoyish etildi. Mazkur film nafaqat boalarimiz, balki biz uchun ham foydali bo’ldi. Ota-onaning farzand oldidagi vazifalarini chuqurroq bilib oldim. Bolalarimining o’qishi uchun yanada yaxshiroq sharoit yaratib berishga harakat qilaman.

    - Qizimning yutuqlari bilan doim faxrlanganman. Kollejda o’qib yurgan vaqtlarida “Yosh kitobxon” tanlovlarida respublika bosqichida ham ishtirok etgan, - deydi Nafisa Elmurodova. – Til bilish bo’yicha xalqaro IELTS 6.5 sertifikatiga ega. Ukalariga doim o’rnak bo’lib keladi. Qizimning eng katta yutuqlaridan biri Samarqand davlat universitetida o’qishi deb bilaman. Bugun universitet muhiti bilan tanishdim. Qoyil qolmasdan iloj yo’q. O’qiyman degan talabaga barcha imkoniyat bor. Bugungi filmda bir jumlaga ko’zim tushdi va u ayni haqiqat: “Kambag‘al bo‘lib tug‘ilish taqdir. Lekin kambag‘al bo‘lib yashash tamballik, uquvsizlik, mehnatdan qochish… Unutmang faqat ilm, o‘qish, izlanish sizni nochorlikdan qutqazadi.” Bolalarimiz yaxshi yashashi uchun ham bugun biz ularni o’qitishimiz darkor. Universitet bilan hamkorligimiz bizning manfaatimizga xizmat qilishiga ishonaman.

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati,

Shavkat AKRAMOV olgan suratlar.