tufayli yurtimiz talaba va o‘quvchilari hamda ularning ustozlari og‘ir mehnatdan qutuldi, kuz oylarida ham maktab va oliygohlar farzandlarimizning quvnoq kulgulariga to‘ldi.

    2024-yilning 1-fevrali O‘zbekiston tarixiga ta’lim tizimi rivojidagi tub burilish davri sifatida kirdi, desak adashmaymiz. Chunki shu kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’lim sohasidagi o‘ta muhim hujjat — O‘zbekiston Respublikasining “Pedagogning maqomi to‘g‘risida”gi Qonunini imzoladi. Ushbu hujjat mamlakat kelajagi haqidagi chinakam g‘amxo‘rlikning va ta’lim davlat taraqqiyoti strategiyasida hal qiluvchi o‘rinni egallashining yorqin ifodasidir.

    Yashirib ne qildik, avvallari o‘qituvchilar, tibbiyot xodimlari va boshqa ijtimoiy soha vakillari o‘z kasbiy faoliyati, o‘quvchi va talabalar o‘qish bilan shug‘ullanmay, butun kuz fasli davomida paxta terimiga jalb etilar edi. Kuz boshlanishi bilan professor-o‘qituvchi va talabalar yoppasiga paxta terimiga quvib solinar, og‘ir sharoitlarda kech kuzga qadar daladan qaytmas edi. Ustiga-ustak, hali maktablarda o‘qiydigan murg‘ak bolakaylar ham shu og‘ir yumushga jalb etilar, ta’lim berish sifati, yoshlarning sog‘lom bo‘lib ulg‘ayishi masalasi hech kimning esiga kelmas edi. Yurt kelajagi, shu orqali uning xavfsizligiga raxna soluvchi bunday xatti-harakat sobiq sho‘rolar tuzumining sarqiti bo‘lib, 70 yildan ziyod vaqt mobaynida bunga chek qo‘yishga hech kimning jur’ati yetmadi. Xayriyatki, Prezident Shavkat Mirziyoyevning shaxsiy tashabbusi tufayli yurtimiz talaba va o‘quvchilari hamda ularning ustozlari og‘ir mehnatdan qutuldi, kuz oylarida ham maktab va oliygohlar farzandlarimizning quvnoq kulgulariga to‘ldi.

    Darhaqiqat, mamlakatimiz rahbarining siyosiy irodasi tufayli qisqa vaqt ichida shunday muhim natijalarga erishildi. Zamonaviy, har tomonlama taraqqiy etgan Yangi O‘zbekistonni barpo etish zamirida ana shu aniq maqsad va istiqbolli siyosat mujassam. Bugun har bir islohot va yangilanishdan asosiy maqsad jamiyat farovonligi va fuqarolar manfaatlariga qaratilgan. Jamiyatning yuksalishi, kelgusida turli sohalarda yetakchilik qila oladigan shaxs va mutaxassislarni kamol toptirish ko‘p jihatdan ustozlar va ularning mehnatiga bog‘liq. Keyingi yillarda yurtimizda o‘qituvchilik kasbining mavqeini oshirishga qattiq kirishildi. Nomi yuqorida zikr etilgan yangi qonunning asosiy maqsadi pedagoglarning huquq va majburiyatlarini belgilash, ular mehnatiga adolatli haq to‘lash, rag‘batlantirish va ijtimoiy himoya qilish tamoyillarini belgilashdan iborat. Mazkur hujjat nafaqat ta’lim sohasida yangi qoidalarni joriy etadi, balki o‘qituvchilarning yanada samarali faoliyat yuritishi uchun qulay tashkiliy-huquqiy shart-sharoit yaratadi.

    Pedagoglarni ijtimoiy himoyalash, ularning jamiyatdagi mavqeini e’tirof etishga alohida e’tibor qaratilayotgani qonunning muhim jihatlaridandir. Unda o‘qituvchilarning kelajak avlodni shakllantirishdagi o‘rni muhimligi e’tirof etilgani, shubhasiz, o‘qituvchilarning jamiyat oldidagi obro‘-e’tibori va mavqeini yuksaltirishga xizmat qiladi. So‘nggi yillarda o‘qituvchilarning oylik maoshlari ko‘paygani, ustama to‘lovlar joriy etilgani, o‘quv yuklamalari ta’lim standartlarining yuqori talablari asosida optimallashtirilgani inkor etib bo‘lmaydigan muvaffaqiyatdir. Bu chora-tadbirlar nafaqat pedagoglar mehnatini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishga, balki mamlakatimizda ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan. Mazkur qonun nafaqat mamlakatimiz ta’lim tizimi uchun yuksak talablarni belgilab qo‘ygani, balki ta’lim sohasi bo‘yicha o‘qituvchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilishi bilan yanada ahamiyatli. Uning qabul qilinishi ta’limni yangi bosqichga ko‘taradi, bunda o‘qituvchilarning kasbiy va mehnat huquqlari alohida ahamiyat kasb etadi. O‘zbekiston Respublikasining mehnat qonunchiligidan kelib chiqqan holda, mazkur qonun pedagoglarni nafaqat qo‘llab-quvvatlash, balki ularning kasbiy faoliyatiga aralashishdan himoya qilishni ham kafolatlaydi. Endilikda o‘quvchilarning, talabalarning bilimini to‘g‘ri baholashga ta’sir o‘tkazish, shuningdek, ularning o‘quv jarayoniga aralashish taqiqlanadi. Ish beruvchilar o‘qituvchilarni kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga, masalan, obodonlashtirish yoki qishloq xo‘jaligi ishlariga jalb qila olmaydi. Eng muhimi, qonun o‘qituvchilarni hisobotlar tuzish va kasbiy majburiyatlari bilan bog‘liq bo‘lmagan ma’lumotlarni taqdim etish talabidan himoya qiladi. Qonunda o‘qituvchilarni o‘zlarining roziligisiz tovar va xizmatlar sotib olishga majburlash, ularning maoshidan ushbu tovar va xizmatlar uchun mablag‘larni ushlab qolishga yo‘l qo‘yilmasligi aniq taьkidlangan.

    Ta’limni qo‘llab-quvvatlash nuqtai nazaridan o‘qituvchilarni o‘quv qurollari, boshlang‘ich o‘quv materiallari bilan davlat hisobidan ta’minlaydi. Bular ta’limning yuqori saviyasini ta’minlash, pedagoglar mehnatini yengillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlardir. Qonunda o‘qituvchilarni siyosiy va ijtimoiy ahamiyatga molik tadbirlarga jalb qilish imkoniyati ham ko‘zda tutilgan. Biroq, bu faqat ularning roziligi, tuzilgan shartnoma va qo‘shimcha haq evaziga sodir bo‘ladi. Bu ularning kasbiy vaqtini hurmat qilish, muhim jamoat ishlarida ongli ravishda ishtirok etishi ning yorqin namunasidir. Pedagogning mehnat faoliyatiga ma’muriy majburlashning har qanday shakllari, shuningdek, ularning kasbiy faoliyatiga noqonuniy aralashish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortilishini alohida ta’kidlash juda muhim. Umuman, “Pedagoglar maqomi to‘g‘risida”gi qonunning imzolanishi mamlakatimiz ta’lim tizimini qo‘llab-quvvatlash, ota-onadek moʻtabar ustozlarning mehnat sharoitlarini yaxshilash va ularning jamiyatdagi o‘rni muhimligini e’tirof etish istagining tasdig‘idir. Mazkur qonunni, hech ikkilanmasdan, ta’limga sarmoya kiritish, yetuk shaxslarni tayyorlash va chinakamiga ilmli insonlar jamiyatini barpo etish orqali O‘zbekistonning kelajakda gullab-yashnashiga poydevor bo‘ladigan ilg‘or harakat, deb hisoblaymiz.

 

Mavlon BOBOXONOV,

Sharof Rashidov nomidagi

Samarqand davlat universiteti

Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat boshqarmasi boshlig‘i.