Davlat Kamoliddinov - Samarqand davlat universiteti matematika fakulteti magistranti. Mirzo Ulug‘bek nomidagi davlat stipendiya sohibi. Qoraqalpog‘istonda o’tkazilgan Butunjahon II xalqaro al-Xorazmiy nomidagi matematika fan olimpiadasida 30 mamlakatdan ishtirok etgan 372 nafar talaba orasida birinchi o’rinni qo’lga kiritib, oltin medalga sazovor bo’lgan. Turkmanistonning Ashxobod shahrida o‘tkazilgan xalqaro “OMOUS-2023” matematika fan olimpiadasida kumush medal sohibi.

    Malayziya bilan hamkorlikda tashkil etilgan onlayn fan olimpiadasida 1-o‘rinni egallagan. Bundan tashqari Qori Niyoziy nomidagi matematika fan olimpiadasida 2 marotaba 1-o‘rin sohibi bo’lgan.

    Ayni vaqtda Samarqand davlat universiteti matematik analiz kafedrasi mudiri, dotsent G’ofurjon Hasanov rahbarligida “Buralishga ega egri chiziqlar va ularning tatbiqlari” mavzusida izlanishlar olib bormoqda. O‘ndan ortiq maqolasi xalqaro va respublika jurnallarida e’lon qilingan.

    - Matematika oʻsib kelayotgan yosh avlodni kamol toptirishda katta ahamiyatga ega. Shuningdek, matematika tafakkurni kengaytirish, aqlni charxlash, mantiqiy xulosalar chiqarish, ravon fikr yuritish, mulohazalarni shakllantirish, ko’nikmalarni hosil qilishda muhim omil hisoblanadi, - deydi Davlat Kamoliddinov. - Matematika har qanday fan bilan uzviy bog’liq. Hayotimizni matematikasiz tasavvur qilib bo’lmaydi. Matematikani yaxshi bilgan, o’rgangan kishi hayotda o’z o’rnini tezroq topadi. Matematik tafakkur oʻquvchilarni oʻylash, fikr yuritishga yoʻllaydi, ularda salbiy xislatlardan saqlanish, yaxshi odatlarni oʻrganishga boʻlgan intilish va qiziqishlarni oshiradi. Ayniqsa, oʻz xatti-harakatlarini baholashga boʻlgan intilishlari va ishonch, eʼtiqodlari shakllanadi. Matematikani oʻrganish oʻquvchilarning oʻz ona tillarida xatosiz soʻzlash, fikrini aniq, ravshan va loʻnda qilib bayon eta bilish malakalarini oʻzlashtirishlariga yordam beradi. Matematikadan misol va masalalar yechish orqali ularda sabr qanoatga, mehnatga, mulohazali, ogʻir- vazmin kabi xususiyatlarga ega boʻlishga undaydi. Matematika ba'zi bir muhim aqliy fazilatlarni rivojlantirishga imkon beradi. Shuningdek, ushbu fan fikrlash imkoniyatlarini yaxshilaydi, diqqatni jamlash qobiliyati va fikrlash tezligini oshiradi. Matematikani yaxshi o‘zlashtirgan o‘quvchining tahliliy va mantiqiy fikrlash darajasi yuqori bo‘ladi. U nafaqat misol va masalalar yechishda, balki hayotdagi turli vaziyatlarda ham tezkorlik bilan qaror qabul qilish, muhokama va muzokara olib borish, ishlarni bosqichma-bosqich bajarish qobiliyatlarini o‘zida shakllantiradi.

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati.