Ibodulla Mirzayev - Samarqand davlat universiteti o‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi mudiri, filologiya fanlari doktori, professor. Olim faoliyati davomida 14 monografiya, 5 darslik, 12 o‘quv qo‘llanma, 10 dan ortiq dastur va uslubiy qo‘llanma, 600 dan ortiq ilmiy maqola, jumladan, Scopus, Web of Science va boshqa nufuzli xalqaro bazaga kiruvchi jurnallarda ilmiy maqolalar eʼlon qilgan. “O‘zbek tili”, “Fransuz tili grammatikasi (Morfologiya)”, “Tahliliy o‘qish” kabi darsliklar muallifi. “Alisher Navoiy hayoti va ijodining Rossiyada o‘rganilishi” monografiyasini, “ Modern trends of linguistics” (Tilshunoslikning zamonaviy yo‘nalishlari) nomli maʼruzalar matnini nashr ettirgan. Ibodulla Mirzayev 40 dan ortiq mashhur rus va xorijiy adabiyotshunos hamda tilshunoslar maqolalarini fransuz tiliga tarjima qilgan.
    1997-2018 yillarda olimning saʼy-harakatlari va masʼul muharrirligida “Filologiya” nomli ilmiy maqolalar to‘plamining 13 jildi chop etilgan. Ayni paytda Ibodulla Mirzayev rahbarligida “Til.Taʼlim.Tarjima” va “Alisher Navoiy” xalqaro elektron jurnallari faoliyat ko‘rsatmoqda. Ikkala jurnal ham OAK tomonidan eʼtirof etilgan. 
Professor Ibodulla Mirzayev Markaziy Osiyoda birinchi bo‘lib “Lingvopoetika” ilmiy tadqiqot yo‘nalishi va “Tahliliy o‘qish” nomli innovatsion taʼlim metodiga asos solgan.

Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati