Biologiya fanlari doktori, professor Nazir  Amirxanov  1933-yilda Xo‘jand viloyatida tavallud topdi. 1950-1955 yillarda Samarqand davlat universiteti biologiya fakultetida tahsil oldi. 1955-yilda o‘qishni tamomlagach kafedrada assistent, dotsent, professor lavozimlarida ishladi. 

    Qirq yildan ortiq umrini SamDU da yosh avlodga saboq berishga bag‘ishladi.

    Olim 1962-yilda nomzodlik dissertatasiyasini “Qatron kochi biologiyasi va uni Samarqand viloyatida madaniylashtirish” mavzusida  Rossiya FA Sankt-Peterburg Botanika institutida  himoya qildi. 

    1974-yili “O‘zbekistonda qatronlarning sistematikasi, biologiyasi, introduksiyasi, kimyoviy tarkibi masalalari” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi.

    Biologiya fani taraqqiyotiga qo‘shgan munosib hissasi uchun 1978-yilda professor ilmiy unvoni berildi. 

    1980-yilda professor Narzi Amirxanov botanika kafedrasi qoshida “O‘simliklarni iqlimlashtirish laboratoriyasi”ni tashkil etdi. Chorvachilikda to‘yimli yem-xashak bazasini mustahkamlash, qishloq xo‘jaligi ekinlari zararkunandalariga qarshi kurash ekinlarning hosildorligini oshirish borasida xalq xo‘jaligi uchun ko‘plab samarali tavsiyalar yaratdi. 

    Bundan tashqari, SamDU Botanika bog‘ining shakllanishida, turli-tuman noyob manzarali o‘simliklar bilan boyitilishiga o'z hissasini qo'shdi. 

    Olim 1996-yilda Nyu-York Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zoligiga saylandi. 

    Domlaning ikki yuzdan ortiq ilmiy, ilmiy-ommabop maqolalari, 6 monografiyasi hamda o‘quv-qo‘llanma va risolalari chop etilgan. 

Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati