Samarqand davlat universiteti professor-o‘qituvchilari, talabalari Prezidentimiz tomonidan eʼlon qilingan “Yashil makon” dasturi doirasida birgina 2022-yilda olis Qo‘shrabot tumanida 5 gektar maydonga 1500 tup, Nurobod tumani dashtida 12 gektar yerga 5000 tup mevali nihol ekib, bog‘ yaratgan edi.

    Bugun ushbu dasturning davomi sifatida Jomboy tumanida joylashgan SamDU Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi institutida 1.02 gektar yerga 2500 tupdan ortiq mevali va manzarali ko‘chatlar o‘tqazildi.

    Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati aʼzosi Rustam Xolmurodov tashabbusi bilan tashkil etilayotgan mazkur bog‘lar ilm-fanga asoslangan bo‘lib, aholi o‘rtasida ekologik savodxonlikni shakllantirish, tabiatga daxldorlik tuyg‘usini uyg‘otishga qaratilgan.

    - Bugun nafaqat yurtimizda, balki butun dunyoda ekologik muammolar kuchaymoqda. Havoning ifloslanishi, suvning kamayishi, oziq-ovqat tanqsiligi, yer va tuproq unumdorligini pasayishi kuzatilmoqda, - deydi Rustam Xolmurodov. – Bu kabi muammolar yashash imkoniyatimizni qiyinlashtirib, hayot sifatini pasaytiradi... Yurtimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning eng muhim tomonidan biri aholi turmush farovonligini oshirishdan iborat. Shuning uchun ham “Yashil makon” umummilliy loyihasi ishlab chiqildi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev taʼkidlaganidek: “Qadimdan ajdodlarimiz ona tabiat bilan hamohang bo‘lib yashaganlar. Afsuski, bugungi kunda tabiatga nisbatan isteʼmolchilik kayfiyati kuchayib bormoqda. Iqlim o‘zgarishi tufayli yuzaga kelayotgan turli muammolardan butun insoniyat qattiq aziyat chekmoqda. Bunday holat barchamizdan kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlarni amalga oshirishni talab etadi”. Joylarda barpo etiladigan bog‘lar havoning tozalashi bilan birga hududdagi oziq-ovqat xavfsizligi masalalarini ham hal etishga yordam beradi. Har bir inson bitta daraxt ko‘kartirsa yoki ekologik madaniyatga rioya qilsa biz maqsadga erishgan bo‘lamiz. Shahar va qishloqlarimizni  ekologik toza va yashash uchun barcha imkoniyatlar mavjud bo‘lgan hududga aylantirish barchamizning vazifamizdir…

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati.