Kongress ota-onalarning Samarqand davlat universiteti faoliyati bilan tanishishidan boshlandi.

    Tarix, matematika, psixologiya, fizika, agrobiotexnologiya, iqtisod yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalarning ota-onalari SamDU tarix, psixologiya va ijtimoiy-siyosiy fanlar fakulteti, Muhandislik fizikasi, Inson resurslari va mahalla taraqqiyotini boshqarish, Biokimyo institutlari hamda axborot resurs markazlari, muzey va ilmiy laboratoriyalarni  ko‘zdan kechirdi.

    Yig‘ilishda Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati aʼzosi Rustam Xolmurodov, o‘quv ishlari bo‘yicha birinchi prorektor Ahmadjon Soliyev, yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor Rustam Yo‘ldoshev, rektor maslahatchisi Islom Rustamovlar ishtirok etdi.

    Uchrashuvda ta’lim tizimidagi o’zgarishlar, imtihon jarayonlari, HEMIS tizimining afzalliklari, chet tilini o’rganish mohiyati, talabalar uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida fikr yuritildi.    

    - Qizim SamDU Muhandislik fizikasi institutida o‘qiydi. Bugun mazkur oliy ta’lim muassasini ko‘rib, farzandimni mana shunday joyda o‘qiyotganligi bilan faxrlandim, - deydi Dilbar Obidova. - Universitetga kirgandan odamning kayfiyati ko‘tariladi. Yaxshi muhit shakllangan. Hozir maʼruzalar va o‘quv xonalarini ko‘rib farzandlarimizga havas qildim. Bizning davrda bunaqa sharoitlar yo‘q edi.  Ushbu imkoniyatlarni yaratib bergani uchun Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevdan minnatdorman…

    - Men Buxoro viloyatidan keldim. Qizim psixologiya yo‘nalishiga o‘qishga kirdi, - deydi Shamshod Tojiyev. – Bugun SamDU faoliyati bilan tanishidim, sharoitlari juda yaxshi. Qizim yurtimizdagi eng ilg‘or universitetda tahsil olayotganiga ishonch hosil qildim. O‘zim o‘qimaganman, niyat qilib bolalarimni o‘qityapman. Yotoqxona sharoitlarini ham ko‘zdan kechirdim, shinam xonalarda yashayapti…

    - Farzandim SamDU matematika fakultetiga o’qishga kirdi. O’zim ushbu fakultetni 2001-yilda tamomlaganman, - deydi Haydar Komilov. – Men o’qigan davrda muhit boshqacha edi. Samarqand davlat universiteti umuman o‘zgacha qiyofa kasb etgan. Matematika fakultetidagi olimlarni yaxshi bilaman. Malakali professor-o’qituvchilar saboq berishadi. Farzandlarimizning a’lo o’qishi uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan…

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati,

Shavkat AKRAMOV olgan suratlar.