O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi, akademik Nazar To‘rayevning vafoti haqidagi xabar Samarqand ilmiy jamoatchiligini chuqur qayg‘uga soldi.

    Samarqand davlat universiteti fizika fakultetini bundan 60 yil oldin tamomlagan Nazar To‘rayev bilan biz haqli ravishda faxrlanamiz. U kishi SamDU fizika fakultetida o‘qigan o‘n nafar akademikdan biri edi.

    Jonajon SamDU o‘zining yana bir ulug‘ farzandi bilan vidolashmoqda.

    Buyuk fizik olim, jamoat arbobi, fanimiz fidoyisi Nazar To‘rayev butun umrini fizika fani rivojiga bag‘ishladi.

    Zamonamizning zabardast allomasi Nazar To‘rayev fizika fanining dolzarb yo‘nalishi hisoblangan atom zarralarining qattiq jismlar sirtida sochilishi nazariyasi, ionlarning birlamchi va ikkilamchi sochilishi  kabi sohalarni chuqur tadqiq etgan.

    Olim nazariy fizika masalalarini kompyuterda algoritm  vositasidi yechishni O‘zbekistonda birinchi bo‘lib tatbiq qilgan edi.

    Nazar To‘rayevning bevosita rahbarligida respublikamizda  qishloq xo‘jalik ekinlarini lazer yordamida nurlantirish ilmiy laboratoriyalariga asos solingan.

    Olim mamlakatimizda oliy taʼlim sohasini rivojlantirish ishiga ham munosib hissa qo‘shgan. Termiz davlat universiteti rektori sifatida faoliyat ko‘rsatib, ko‘plab yoshlarga ustozlik qilgan. Universitet moddiy texnik bazasini yaxshilash, ilmiy salohiyatini yana-da oshirishda Nazar To‘rayevning tarixiy xizmatlari katta.

    Samarqand davlat universiteti Muhandislik fizikasi institutida xayrli bir anʼana shakllangan. Bu – mazkur dargohni bitirgan ulug‘ olimlar nomini abadiylashtirishdir. Akademik Nazar To‘rayevning nomi ham institut auditoriyalaridan biriga qo‘yiladi.

    Alloh domlamizni rahmatiga olsin. Joylari jannatdan bo‘lsin. Oila aʼzolariga, yaqinlariga chuqur taʼziya bildiramiz...

 

Rustam Xolmurodov,

Samarqand davlat universiteti rektori,

O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi,

Oliy Majlis Senati aʼzosi.