Nufuzli anjumanda Rossiya, Yaponiya, Qozog‘iston, Qirg‘izston, Tojikiston, Ozarbayjon, Belorussiya kabi davlatlardan 120 dan ortiq talabalar ishtirok etmoqda. To‘rt kun davom etadigan xalqaro forum Samarqand davlat universiteti va Oltoy davlat universiteti hamkorligida o‘tmoqda.

    Tadbirni Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati aʼzosi, Osiyo universitetlari assotsiatsiyasi prezidenti Rustam Xolmurodov kirish so‘z bilan ochdi:

    - Osiyo universitetlari assotsiatsiyasi va Samarqand davlat universiteti nomidan forum ishtirokchilari, mehmonlari va tashkilotchilarini tabriklayman! Zamonaviy jamiyatda demokratik institutlarni rivojlantirish va fuqarolik jamiyati institutlari, yoshlar jamoat birlashmalari va tashkilotlarini rivojlantirishda yosh liderlarning roli ortib bormoqda. Forumimiz yoshlarga talabalar hamkorligini amalga oshirish mexanizmlari haqida tushunchalarini kengaytirish, uni rivojlantirish va takomillashtirish yo‘llarini taklif qilish imkoniyatini berish uchun mo‘ljallangan. Forum ishtirokchilaridan bugungi kunda hayotga tatbiq etilishi mumkin bo‘lgan qiziqarli loyihalarni kutamiz. Ishonchim komilki, tadbir  do‘stona muhitda o‘tadi. "O‘zbekiston – Osiyo 2023” VI Osiyo talabalar forumi taʼlim, ilmiy, madaniy, kasbiy faoliyatning turli sohalaridagi talabalar va Osiyo mamlakatlari ijodkor faol yoshlari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan o‘ziga xos muloqot maydonchasiga aylanadi…

    Anʼanaga mufoviq forum kordinatori Oltoy davlat universiteti forumni qabul qiluvchi Samarqand davlat universitetiga anjumanning faoliyatini baholash uchun reyting daftarchasini topshirdi.

    Tadbir davomida talabalar o‘zlarining milliy kuy-qo‘shiqlarini namoyish qildi.

    Anjuman chegarasiz bilim olish imkoniyatlari; ilmiy va innovatsion inqilob orqali kelajak sari; tarixsiz kelajakni qurib bo‘lmaydi; talabalarning ijtimoiy ittifoqlari va loyihalashtirish; axborot dunyoni o‘zgartiradi: Talabalar ommaviy axborot xizmati kabi shoʻbalarga bo‘lingan holda o‘z ishini davom ettirdi.

    - Janubiy Qozog‘iston davlat universitetidan keldik, - deydi talaba Kamila Yessingeldinova. - Ilk bor xalqaro forumda ishtirok etmoqdaman. Nafaqat mening, balki barcha talabalarning kayfiyati aʼlo darajada. Tashkilotchilarga rahmat, barcha sharoitlar bor. Samarqand davlat universiteti menga juda yoqdi. SamDUning talabalariga havas qildim… Forumda bir qator do‘stlar orttirdik. Menejment sohasida o‘qishim bois ilmiy va innovatsion inqilob orqali kelajak sari nomli shoʻbada ishtirok etdim. Yaxshi maʼruzalarni eshitdim va bu foydali bo‘ldi. Ushbu maʼlumotlarni chuqurroq o‘rganib, ilmiy ish qilishni niyat qildim…

    - Bugungi xalqaro forum doirasida qadimiy va navqiron Samarqand shahrini ko‘rishga muyassar bo‘ldik, biz bundan xursandmiz, - deydi O‘sh davlat universiteti talabasi Zilola Rahimova. – Anjuman ko‘tarinki kayfiyatda o‘tmoqda. Taassurotlarimni  do‘stlarimga ulashaman. Osiyo talabalarini birlashtirgan forumda xalqlarning milliy urf-odati, madaniyatini ko‘rdik, o‘zaro fikr almashdik. Kelajakda hamkorlikda bir qator ilmiy va xalqaro loyihalarni amalga oshirishga kelishib oldik. Forum ishtirokchilariga omad tilayman.

    - Ushbu xalqaro forum O‘zbekistonda ilk bor bizning universitetimizda o‘tkazilishi, menga faxr-iftixor bag‘ishladi, - deydi SamDU Muhandislik fizikasi instituti talabasi Nafisa Rahmonova. – Forum doirasida fizika sohasiga qiziqadigan va ilmiy ish olib borayotgan xorijlik talabalar bilan tanishdim. Bir-birimiz bilan manzil almashib, hamkorlik qilishni rejalashtirdik. Bu men uchun ayni muddao bo‘ldi.

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati,

Shavkat AKRAMOV olgan suratlar.